Ayollarning uyma-uy yurib muammolari o‘rganilayapti... Ammo, hali-hanuz bozorlarda mardikor ayollar safi kamaymayapti

15-28 may kunlari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan bir guruh ayollar «OPEN WORLD» dasturi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rod-Aylend shtatiga o‘quv-kurslariga yuborilmoqda...
Biz bugun xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ish o‘rinlari yaratilayotgani, ba’zi ayollarga imtiyozli uy joy olib berilayotgani haqidagi xabarlarni eshitib qolayapmiz. Ayollarning uyma-uy yurib muammolari o‘rganilayapti... Ammo, hali hanuz bozorlarda mardikor ayollar safi kamaymayapti. Ishsiz ayollar muammolari ham yetarlicha. Ish bilan ta’minlandi, ish bilan band bo‘ldi degani ayollarning muammosi hal qilindi degani emas. O‘sha yaratilgan ish o‘rinlarining oyliklarini ko‘tarish, yaratilgan ish o‘rinlarining shart-sharoitlarini yaxshilash haqida qayg‘urish kerak. Aytaylik yolg‘iz ayol (menda bunday misollar tiqilib yotibdi) 600 minglik oylikka ishga joylashtirildi. U bir yoki ikki nafar farzandini shu pulga necha kun boqishi mumkin?

Aytaylik, to‘rt nafar farzandi bor ayolning bir farzandi nogiron, ayol yolg‘iz, ishlashning imkoni yo‘q nogiron bolaga o‘zi qarashi kerak. Nogiron bolasiga 400 minggina nafaqa oladi. Uyda o‘tirgan yolg‘iz ayol 400 ming nafaqa bilan qanday yashaydi? Bu pul bolaga yetadimi, bir oyga? Qolganlarni ona qay yo‘l bilan boqadi? Yana bir ayol 800 ming oylik oladi. 20 yildan beri ijarada turadi. 300 ming ijara puli to‘laydi. Ikki nafar farzandi bor. Haligacha imtiyozli uyga navbatga qo‘yilmayapti. Oyiga nechadir million kreditni qanday to‘laydi? Shunchaki ish bilan ta’minlash, shunchaki imtiyozli uy olib berish yoki bolaga arzimagan nafaqa to‘lash bu muammoning yechimi emas...Shu nafaqaning, oylik ish haqining miqdorini oshirish yo‘llari yo‘qmi?

Albatta, barcha muammolarning yechimi xotin-qizlar qo‘mitasi gardanida demoqchi emasman. Ammo xotin-qizlar vakili sifatida turli qonuniy hujjatlar qabul qilinayotganida o‘z talablari bilan murojaat qilishga ularning haqlari bor. Amerikada ayollarning haq-huquqlari qanday himoya qilinadi? Ularga davlat yordam beradimi? Bergan yordami qo‘l uchida emasmi? Ayollar, yolg‘iz ayollar qanday ijtimoiy himoya qilingan? Oladigan oyligiga, oladigan nafaqasiga qoniqarli shart sharoitda yashaydimi? Biz bunday tajriba almashunuvlardan bag‘oyat xursandmiz. Tajriba almashish uchun ketayotgan opa-singillarimizga oq yo‘l tilaymiz.

Nazardan chetda qoldirmaydigan eng muhim narsa —amerikalik xonimlar o‘z ishlariga qanday yondashadilar? Menimcha, albatta o‘z ishiga mas’uliyat, fidoyilik bilan yondashishni, ayollarning dardini haqiqatan eshita olishni o‘rganish kun tartibidagi birinchi masala bo‘lishi lozim. Bu sohada ishlayotgan jonsarak, kuyunchak opa-singillarimiz ham bor. Ammo ayollar dardini tinglashni bilmaydigan xodimlar ham talaygina. Tajriba almashish o‘z yo‘liga. Xodim o‘z kasbiga sadoqatli, mas’uliyatli, jonsarak bo‘lmas ekan uning tajribasiyu bilimi bir pul...

Barno Sultonova.