Ayrim hunarmandlar imtiyozlarni suiiste’mol qilmoqda. Nega?
Samarqand viloyati hokimligida hunarmandchilikni rivojlantirish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarga yanada qulay sharoit yaratish, mavjud muammolarning oldini olishga bag‘ishlangan tahlil o‘tkazildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, hunarmandlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ular uchun ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berilmoqda. Viloyatimizda ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Buning natijasida 2020 yil 1 mart holatiga viloyatda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 2164 nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 664 taga ko‘pdir.
- Hunarmandlarga Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi "Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan yanada kengroq imkoniyat yaratildi, - dedi viloyat hokimining o‘rinbosari J.O‘roqov. - Ammo ayrim hunarmandlar hanuz norasmiy faoliyat yuritmoqda, soliqlardan qochish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, 393 mahallada o‘tkazilgan xatlovlarda 823 nafar hunarmand hech qayerdan ruxsatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlandi. Bu davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlarga nisbatan bepisandlik emasmi? Ularning soliq to‘lamaslik uchun turli noqonuniy yo‘llarni tanlayotganiga sabab nima?
Tahlil davomida “Hunarmand” uyushmasi xodimlarining faoliyat ko‘rsatishi uchun Jomboy, Paxtachi, Bulung‘ur tumanlarida hokimliklar tomonidan tegishli xonalar ajratib berilmagani, aksariyat dehqon bozorlari va savdo komplekslarida “Hunarmandlar rastasi” tashkil etilmagani, samarqandlik hunarmandlar mahsulotlarining chet el bozorlarida namoyish etilishi va sotilishi bo‘yicha belgilangan tadbirlar yetarlicha amalga oshirilmayotganligi tanqid qilindi, “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi”ga viloyatdan atigi 11 nafar hunarmand kiritilgani aytib o‘tildi. Shuningdek, muhokama davomida hunarmandchilikning turizmni rivojlantirishdagi o‘rni alohida ekanligi ta’kidlanib, viloyatning sayyohlik ob’yektlarida hunarmandlar faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish, mahsulotlari assortimentini ko‘paytirish, ularga imtiyozli bank kreditlari ajratish, shuningdek, yoshlarga “Usta-shogird” an’anasi asosida hunar sirlarini o‘rgatish ishlariga alohida e’tibor berish zarurligi aytildi.
Shu kabi muammolarga barham berish, karantin davri o‘tgandan so‘ng 2020 yil 1 sentyabrgacha hunarmandchilikka berilayotgan imtiyozlarni keng targ‘ib qilish, hududlarda norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandlarni bir oy muddatda rasmiy faoliyatga o‘tkazish choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.