Balog‘at yoshidagi ikki o‘g‘illi onaning uyini nega davlat ta’mirlab berishi kerak?

- Aholi tomonidan bildirilayotgan so‘rovlarning aksariyatini uy-joy so‘rab murojaat etganlar tashkil etmoqda. Qayta ta’kidlayman, boshlang‘ich badal to‘lovini amalga oshirmagan fuqaroga uy berilmaydi. Haqiqatan, hech kimi yo‘q, uyga o‘ta muhtoj fuqarolar bo‘lsa, marhamat, yordam beramiz.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Ishtixon tumanida fuqarolar bilan o‘tkazgan navbatdagi sayyor qabulini ana shunday murojaat bilan boshladi.

- Mahallamiz qabristoniga ajratilgan 5 gektardan ziyod yer maydonini odamlar noqonuniy o‘zlashtirib olyapti, - dedi Ishtixon tumanidagi Xonaqo mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Yu.Alimov.

- Qabristonga ajratilib, yillar mobaynida bo‘sh turgan hududdan aholi vaqtincha foydalanayotgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? - dedi hokim. – Agar qabristonga tegishli joyga tosh to‘kib, noqonuniy imorat qurish, yerlarni uchastka sifatida o‘zlashtirish niyatida bo‘layotganlarning bu xatti-harakatlariga chek qo‘yish lozim.

Tuman kadastr va diniy idora mutasaddilariga mazkur masalani o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Bog‘bon qishlog‘ilik, turmush o‘rtog‘i vafot etgach, to‘rt farzandini boqishda qiynalib, sog‘ligini yo‘qotgan F.Sanaqulovaga salomatligini tiklash uchun ko‘mak berishni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda tuman tibbiyot birlashmasi mutasaddilari zimmasiga olishdi.

Viloyat hokimi yo‘l qurilishi, tabiiy gaz ta’minoti, ichimlik suv, maktabgacha ta’lim muassasalari muammolari bilan bog‘liq aholi murojaatlarini tinglar ekan, kommunal xizmat borasidagi mavjud muammolarni ro‘y-rost oshkor etdi:

- Viloyatning 62 foiz aholisi tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan. 2250 kilometrdan ziyod ichki yo‘llarimiz ta’mirga muhtoj. Bu muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etib borilmoqda.

Qabul davomida viloyat hokimi hamda sektor rahbarlari aholining 270 dan ziyod murojaatlarini tinglashdi. Masalalarning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi. Bildirilgan boshqa muammolarni o‘rganish va qisqa muddatda hal etish bo‘yicha tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

A.ShERXOLOV.