Bank kartalaridan firibgarlik yo‘li bilan pul yechib olgan 10-sinf o‘quvchisining qilmishi oshkor bo‘ldi
IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan internet tarmog‘ida firibgarlik yo‘li bilan plastik kartalardan pullarni naqdlashtirib, o‘zlashtirib kelgan 17 yoshli qiz qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 25 aprel kuni olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida noma’lum shaxs tomonidan internet tarmog‘ida o‘zganing mulkini aldash, ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida “Telegram” messenjeri orqali kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanib keluvchi turli guruh administratorlari bilan yozishmalar sodir etib, plastik kartalaridan pullarini yechib olayotganlik holati aniqlangan.
Buyumlarni sotib olaman deb odamlarning ishonchiga kirgan ushbu noma’lum shaxs “Telegram” messenjerida fuqaro A.S.ga tegishli bo‘lgan kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhida, noma’lum profil egasi tomonidan “Qarshiga dostavka bormi, agarda bor bo‘lsa klik orqali pul o‘tkazib beraman, “click” tizimiga ulangan telefon raqamingizni ayting, telefoningizga kod borishi kerak, ushbu kodni aytsangiz pulingiz tushadi” degan ma’nodagi yozishmalarni amalga oshirish orqali noma’lum shaxs tomonidan 2021 yil 19 mart kuni soat 20:42 larda 2 million 419 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini ruxsatsiz yechib oladi.
Olingan tezkor ma’lumotlar natijasida, 2021 yil 25 aprel kuni Toshkent viloyati, Qibray tumani hududida IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur noqonuniy harakatni Toshkent viloyatida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan 17 yoshli 10-sinf maktab o‘quvchisi X.D. sodir etganligi aniqlanib, unga tegishli bo‘lgan bir dona “Xiaomi Redmi Note 8 Pro” markali telefon qurilmasi ashyoviy dalil tariqasida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Fuqaro X.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.