Bankchilar kattaqo‘rg‘onlik aholi muammosini o‘rganib, ularni tadbirkorlikka undamoqda

Ayni kunlarda “mahallabay” ishlash tizimini joylarda joriy qilish, muammolarni mahallabay, xonadonbay kesimida chuqur o‘rganish, shuningdek, iqtisodiy imkoniyati past bo‘lgan xonadonlarni doimiy daromad bilan ta’minlash maqsadida “Asaka bank” aksiyadorlik tijorat banki respublika va viloyat filiali xodimlaridan iborat ishchi guruh vakillari Kattaqo‘rg‘on tumani aholisining muammo va takliflarini o‘rganmoqda.

Mazkur tumanda 69 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ishchi guruh a’zolari Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarni bajarish uchun tizimli ravishda har bir mahalla, qishloqda yashovchi xonadonlar ro‘yxati bo‘yicha dastlabki amaliy ishlarni boshlab yubordi.

Avvalo, tuman hokimligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, unda bankimiz xodimlari mahalla raislari va faollari hamkorligida “mahallabay” ishlash tizimi qay yo‘sinda tashkil etilishi, hududdagi iqtisodi nochor xonadonlarni doimiy daromad bilan ta’minlash yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar kelishib oldi. Unda “Asaka bank” tomonidan mazkur tumandagi har bir mahalla uchun alohida tayyorlangan “Amalga oshirilgan ishlarni qayd etib borish” kitobi, shuningdek, Samarqand viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan “Aholi xonadonlarini doimiy daromad bilan ta’minlash yuzasidan IShChI QO‘LLANMA” barcha mahallalarga taqdim etildi. Ularga mazkur qo‘llanmadan foydalanish, qayd etish kitobini yuritish tartiblari tushuntirib berildi.

Shundan keyin ishchi guruh vakillari tumanning 4-sektori hududidagi “Oyjon” mahalla fuqarolar yig‘inini namuna tarzda tanlab olib, mazkur mahallada amalga oshirilgan ishlar, mahalla ahlining imkoniyatlari va ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganishga kirishdi. Unda, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xonadonlarning mavjud muammolari birinchi navbatda hal etilishiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, mazkur mahallaning o‘sish nuqtasi “qishloq xo‘jalik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish” sohasi ekanligi va bu bilan xonadonlarni doimiy daromadga olib chiqish mumkinligi aniqlab olindi.

Shundan kelib chiqib, xonadon sohiblariga ularning imkoniyatlarini o‘rgangan holda issiqxona barpo etish, tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish, qoramolchilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi tarmoqlar bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash uchun imtiyozli kreditlar ajratishga kirishildi. Masalan, ushbu mahallada yashovchi Iskandar Otaqulov “Yoshlar daftariga” kiritilgan. Unga o‘zida mavjud 200 bosh tovuqni 1000 boshga ko‘paytirishi uchun bankimiz tomonidan “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida kredit ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, shu mahallada yashovchi Shuhrat Shukurovga baliqchilik bilan shug‘ullanishi uchun 30 million so‘mgacha kredit ajratish belgilandi.

Ayni kunda tumanda “mahallabay” holda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Husniddin O‘rozov,

“Asaka bank” aksiyadorlik tijorat banki Samarqand viloyat filiali boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi.