Baydenning prezident saylovidagi g‘alabasi Moskva nazdida noxush natijami?

O‘tib borayotgan eski yil dunyo xalqlari uchun chinakam sinov davri bo‘ldi. Yer yuzasini tumandek o‘rab olgan koronavirus balosi, atrof-muhitning bulg‘anishi, global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy va texnogen falokatlar, katta-kichik qonli mojarolar, mudhish qotilliklar, qo‘yingki, insoniyat oromini buzayotgan barcha noxushliklar yil davomida hali u yerda, hali bu yerda sodir bo‘lib turdi.

Shular hisobiga turli mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan saylovlarni ham kiritish mumkin. Belarus va Qirg‘iziston respublikalaridagi saylovlar oxir-oqibat xalqni junbushga keltirib, u yerlarda beqarorlikni keltirib chiqardi. AQShda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalarini nafaqat mag‘lub Tramp, balki dunyodagi ayrim davlat arboblari ham ijirg‘anib qabul qilishdi. Masalan, Vladimir Putin AQShning yangi prezidenti Jo Baydenni yuksak lavozimga saylangani bilan 15 dekabr kuni tabrikladi. Bu borada Putin dunyodagi barcha davlat arboblari orasida eng oxirgisi bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi.

Vaholanki, u 2016 yilda Donald Trampni saylov natijasi chiqmay turib, ertasi kuniyoq birinchilardan bo‘lib g‘alaba bilan qutlagan edi. O‘shanda Rossiya Davlat dumasidagi deputatlar Trampning saylanishini gulduros qarsaklar bilan quvonib nishonlagan va shampan to‘la qadahlarni jaranglatib urishtirgandilar. “Rasha tudey” telekompaniyasining rahbari Margarita Simonyan esa Moskva ko‘chalari bo‘ylab AQSh bayrog‘ini mashinasiga taqib aylanib chiqqan edi.

Simonyan yaqinda “Exo Moskvi” radiosi jurnalistiga bergan intervyusida buni quyidagicha izohladi:

“Men Trampning g‘alabasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan amerikalik hamkasblarimning mag‘lubiyatidan juda quvonganimni yashirmayman. Bu amerikaliklar iborasi bilan aytganda, epic fail, ya’ni olamshumul voqealigi tufayli bundan xursand bo‘lmaslikning sira iloji yo‘q edi. Buning ustiga biz Donya, deb atagan arbob (Donald Tramp) geosiyosiy raqibimizni siyosiy inqirozga boshlab, fuqarolar urushi yoqasiga olib bordi. G‘arb mamlakatlari ichida obro‘sini to‘kib, (AQShning) asosiy ittifoqchilari bilan orasini buzib, sovuqchilik tushirdi. Rossiya fuqarosi sifatida bu sizni xafa qilmasa kerak”.

Haqiqatan ham Tramp prezidentlik davrida anchagina qovunni tushirdi. Bundagi eng yomon ish Amerika xalqining ikkita teng qarama-qarshi bo‘lakka bo‘lib yuborilgani bo‘ldi. Shu paytgacha, garchand, respublikachilar bilan demokratlar o‘rtasida bahs-munozaralar mavjud bo‘lsa-da, fundamental masalalarda yakdillik ustuvor edi. Ammo Tramp ushbu kelishmovchiliklarni yangi sifat bosqichiga olib chiqdi. Hatto, bu ikki partiya tarafdorlari o‘rtasida qurolli mojarolar ham kelib chiqdi. Mamlakatda irqchilik, millatchilik, toqatsizlik yana bosh ko‘tara boshladi. Muhojirlarning huquqlari cheklandi va odamlar o‘rtasida milliy, diniy nizolar targ‘ib qilina boshlandi. Bir vaqtlar yagona qadriyatlar asosida tinch yashab kelgan oddiy amerikaliklar ikki qarama-qarshi guruhga bo‘linib ketdi. Endilikda Tramp uchun ovoz bergan millionlab saylovchilar Baydenga qarshi gij-gijlanmoqda. Ushbu tadbirlarning boshida esa mag‘lubiyatdan alamzada Tramp va uning tarafdorlari turibdi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, AQSh har qancha boy va qudratli davlat bo‘lmasin, u yerda ham o‘ziga yarasha ijtimoiy muammolar yo‘q emas. Shu bois  sobiq sho‘ro ommaviy axborot vositalari Amerikani chirib borayotgan mamlakat sifatida taqdim etar va uning bugun-erta tanazzulga yuz tutishi haqida bashorat qilardi. Qarangki, Amerika bu yog‘da qolib, sho‘ro saltanatining o‘zi tarix mozoriga ravona bo‘ldi. Qizig‘i, keyingi vaqtlarda rus matbuotida yana shunaqa karomatgo‘yliklar paydo bo‘layapti.

Shu yil 15 dekabr kuni Rossiyaning “Sputnik news” axborot agentligi internet saytida rus jurnalisti Viktoriya Nikiforovaning “Ostorojno, shtati raspadayutsya?” (“Extiyot bo‘ling, shtatlar yemiriladi(mi)?”) degan sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Bu maqolani o‘qigan kishi: “Tamom, Amerika ertagayoq xuddi SSSR kabi halokatga yuz tutar ekan”, deb o‘ylaydi. Biroq AQShda davlat tizimi shunday tashkil etilganki, u yerda har qanday ijtimoiy-siyosiy muammolar demokratik usulda tinch hal etiladi.

Aytaylik, davlat boshiga Tramp singari kutilmagan nobop siyosiy arboblar chiqib qolganda ham ularning davr-davroni uzoqqa cho‘zilmaydi. To‘rt yil muddatini o‘tab bo‘lgach, xush-xushvaqtlik bilan o‘rnini bo‘shatib beradi. Ammo bu gal an’ana buzilib, saylovda yutqazgan amaldagi prezident kursini bo‘shatgisi kelmay qoldi. U ham ayrim davlat rahbarlariga o‘xshab, dohiylik gashtini uzoq vaqt surgisi kelmoqda. Afsuski, bu borada uning omadi yurishmadi. Amerika xalqining ko‘pchiligi Janob Trampga qarshi ovoz berdi. Biroq janob Tramp mag‘lubiyatini tan olmay oxirgi imkoniyatgacha janob Bayden bilan kurashdi. Oxiri chiday olmay, saylovning soxta ekanligi, unda qo‘shib yozishlar bo‘lganligi va umuman Amerikadagi demokratiya yaroqsiz ekanligi haqida butun dunyoga jar soldi.

Shunda bir mulohaza paydo bo‘ladi: demak, 2016 yildagi saylov ham soxta bo‘lgan ekan-da, Hillari Klinton xonimning saylovda yengilishi ham uyushtirilgan bo‘lib chiqarkan-da? Bu bilan janob Tramp o‘z manfaatlari yo‘lida hech narsadan tap tortmasligini ayon qilib qo‘ydi. Bir so‘z bilan aytganda, azaliy amerikacha qadriyatlar ildiziga bolta urildi. Amerika siyosiy an’analari tor shaxsiy manfaat yo‘liga qurbon qilindi. Tramp ikkinchi va uchinchi marta saylanishi uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Ammo amerikaliklarning demokratiya va liberalizmga bo‘lgan munosabati uning niyatlarini chilparchin qilib, orzularini sarobga aylantirdi.

Aslida, uning birinchi mag‘lubiyati “KOVID-19” kasalligi bilan boshlandi. U Amerika xalqini kasallik demokratlar o‘ylab topgan uydirma ekanligiga ishontirmoqchi bo‘ldi va pandemiyaga qarshi zarur chora-tadbirlarni ko‘rishdan bosh tortdi. Oqibatda koronavirus amerikaliklarni shiddat bilan o‘z domiga torta boshladi. To‘g‘ri, kasallik balosidan hech kim qochib qutulolmaydi. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, yer yuzidagi aholining 70 foizi kasallanishga mahkum. Biroq uning shiddatini hech bo‘lmaganda vaksina yaratilganiga qadar susaytirib turish mumkin edi. Trampning bittagina siyosiy xatosi tufayli meditsina o‘ta rivojlangan AQShdek qudratli superdavlat bugun kasallik keng tarqalgan qoloq mamlakatlar qatoriga tushib qoldi, ming-minglab odamlar hayot bilan vidolashdi.

Adolat yuzasidan aytish kerakki, Tramp davrida ijobiy ishlar ham amalga oshirildi. Masalan, ishsizlar soni kamaydi, iqtisodiyot sezilarli darajada o‘sdi, ishlab chiqarish korxonalari mamlakatga qaytarildi, xalqning turmush darajasi yaxshilandi. Ammo yo‘l qo‘yilgan xatolarning ko‘lami salmoqliroq. Bu esa o‘z navbatida, AQSh ning geosiyosiy raqiblarini ilhomlantirib yubordi. Ular dunyoda AQShning mavqei tushib ketganligidan ustalik bilan foydalanishdi. Tramp AQShni  NATOdan chiqarib, ushbu harbiy-siyosiy tashkilotni tarqatib yuborish maqsadga muvofiqligi haqida gapira boshladi. Amerikani bundan buyon dunyo ishlariga aralashtirmasdan, faqat ichki siyosat bilan shug‘ullanajagi haqidagi niyatlarini yashirmadi. Bu esa alal oqibat, AQShning jahondagi ustunlik mavqeini yo‘qqa chiqarardi. Sobiq SSSRning tanazzulini “20-asrning eng buyuk geosiyosiy halokati”, deya baholagan Putin bu ishni AQSh boshliq G‘arb davlatlari tomonidan uyushtirilgan qo‘poruvchilik sifatida baholaydi.

Vaholanki, G‘arb dunyosi Rossiyani davlat sifatida saqlanib qolishiga nihoyatda ulkan hissa qo‘shgan. Bu haqda tarix darsliklarida lom-mim deyilmasa-da, o‘tgan asrning 30-yillarida amalga oshirilgan mamlakatni industriyalashtirish deyarli to‘liq G‘arb ko‘magi va texnologiyalari asosida bo‘lganligi sir emas. O‘sha davrda SSSRda tiklangan biror-bir yirik sanoat inshootini olib qaramang, barchasida G‘arb mamlakatlarining yordamini ko‘rasiz. To‘g‘ri, kapitalistlar bu uchun jaraq-jaraq foyda ko‘rganlari bor gap. Ammo rus tarixchilarining ushbu bunyodkorlik ishlari nuqul sovet xalqining fidokorona mehnati bilan bo‘lgan, degan iddaolari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Keyinchalik SSSR xalqlarining Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabasi ham AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa ittifoqchilarning yaqin yordami asosida bo‘lganligini shaxsan Iosif Stalinnning o‘zi ham ochiq tan olib aytgan.

Sobiq ittifoq parchalanib ketgach, muhtojlik va ochlik yoqasiga kelib qolgan Rossiya hamda boshqa ittifoqdosh respublikalarga birinchi bo‘lib G‘arb mamlakatlari xalqlari yordamga keldi. O‘sha og‘ir yillarda ular oziq-ovqat, kiyim-bosh to‘plab sobiq sho‘ro respublikalariga beg‘araz ko‘mak uyushtirishdi. Ammo bizdagi noinsof tadbirkorlar ushbu yordamlarni ham aholiga pullab, boylik to‘plashdan uyalmadi.

Shu o‘rinda, bir voqea yodimga tushadi. O‘sha yillarda aptekadan emlash uchun shprits va em igna sotib oldim. Ammo o‘ramdagi yozuvlar ingliz tilida bo‘lgani bois xorijiy til o‘qituvchisiga o‘qitib ko‘rdim. Ma’lum bo‘lishicha, uning yorlig‘iga: “Bu dori-darmonlar bepul tarqatish uchun mo‘ljallangan” deb bitilgan ekan. Biz bu insonparvarlik yordamlari dorifurushlarga tekin berilmaganini keyin bilib oldik.

Shu ma’noda, G‘arb mamlakatlarining zavolini ko‘zlash Kreml uchun o‘zi o‘tirgan shoxni arralashga o‘xshaydi. Mabodo, ertaga Rossiyaga biror kuchli davlat tomonidan tajovuz bo‘ladigan taqdirda ham unga eng avvalo G‘arb davlatlari yordamga kelishlari aniq. Bugungi kunda rus xomashyosining asosiy xaridorlari g‘arbda. Milliarderlarning to‘plagan boyliklari ham g‘arb banklarida saqlanmoqda. Ularning bolalari g‘arb mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda, toblari qochib qolsa, barchasi g‘arb shifoxonalari va sihatgohlariga davolanish uchun oshiqadi.

Baydenning prezident saylovidagi g‘alabasi Moskva nazdida noxush natija. Chunki Bayden AQSh siyosatini yangi asosda qurib, inson huquqlari masalasini yana kun tartibiga qo‘ymoqchi. Xalqaro huquq me’yorlarini buzayotgan davlatlar ham quruq qolishmaydi. Jahondagi bir qancha totalitar va avtoritar davlatlar xalqaro kelishuvlarni buzgani uchun surunkali sanksiyalarga tortilmoqda. Bayden esa cheklovlarni yanada kuchaytirmoqchi. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, kelgusi yillar ham dunyo xalqlari uchun jiddiy sinov davri bo‘lishi aniq.

Xudoyberdi  KOMILOV,

“Zarafshon”ning siyosiy sharhlovchisi.