Bayramga atalgan pul qayerga ketdi?

Yakshanba kuni bayramga bozorlik qilish uchun “Chelak dehqon bozori”ga otlandim. Yo‘lda bozorga borayotgan mahalladosh tanishim hamroh bo‘ldi.

- Men yaxshi joyni bilaman. Arzon narxda hamma narsa bor, birpasda bozorlik qilib qaytamiz, - dedi u.

Aytilgan manzilga yetib bordik. Haqiqatan bir joyning o‘zida barcha mahsulotlar bor ekan. Endigina savdoni boshlayotgandik, ikkita mashinada bashang kiyingan bir nechta xaridorlar kirib kelib, tanishim bilan quyuq so‘rashdi.

- Buni qarang aka, biz ham bayramga bozorlik qilgani chiquvdik. Lekin pul uyda qolib ketibdi. Birorta tanish chiqib qolsa, “yordam berib yuborar, bo‘lmasa, narx-navoni bilib qaytamiz, deb kelaverdik. Niyat xolis ekan sizni uchratib qoldik”.

- Xullas tanishim haligi kishilar olgan mahsulotlarning pulini to‘ladi. Nega bunday qilganini so‘rasam, “Bilasan, yaqinda yangi ishga tayinlanganman. Bular ishxonamning tumanimizdagi bo‘limida ishlaydi. Anavi qizil mashinadagisi hisobchi, bunisi kadrlar bo‘limi, unisi ham o‘rinbosarlardan. Ularga mulozamat qilmasam, ishda menga  “minus” bo‘ladi”, - dedi.

Haligilar xaridlarni olib, endi ketishayotgandi birining telefoni jiringladi. Qo‘ng‘iroqqa javob bergan mulozim “Bayramga bozorlik qilayotgandik, falonchi aka ham shu yerda... Xo‘p xo‘jayin bajaramiz, xo‘p, xo‘p” derdi.

Telefonni o‘chirgach, “Aka, xo‘jayin sizga salom aytdi. Yaxshi ishlayapti, bayram bilan tabriklab qo‘yinglar” dedi.

Ularga e’tirof uchun rahmat aytgan tanishim menga yuzlanib, “Uka bosh yorilsa do‘ppi ostida. Nima bo‘lsa bo‘ldi, puldan “qarashib turmasang bo‘lmaydi”, deb qoldi. Ishxonamdan bayram oldidan mukofot puli berilgandi. Yonimda boshqa pul yo‘q. Lekin mahalladoshimning iltimosiga yo‘q deyolmay pulni berdim. Xullas, tanishim shu pulga tumandagi rahbariga ham bayram uchun bozorlik qilib berdi. Haligilar eng sara mahsulotlarni olib, xursand bo‘lib ketishdi. Bizda esa bozorlikka yetadigan pul qolmadi. Oldimizda Yangi yil bayrami uchun bozorlik qilish vazifasi turibdi. Kun yarmidan og‘gan.

Asablar qaqshagan paytda mahalladoshimning “Uka, bu pulga ikki kilogramm go‘sht ham ololmaymiz. Yur, choy-poy ichib olaylik”, degan gaplari ham zo‘rg‘a eshitilardi.

Yarim tushlik, yarim kechlikda tanishim alamdan “yarimta”ni ham bo‘shatdi. Xullas, quruq qo‘l bilan oshxonadan chiqib, shirakayf tanishim bilan qishloq tomon otlandik. Kechga yaqin qishloqdagi do‘kondan qarzga kam bo‘lsa-da, u-bu narsalar olib, uyga qaytdim.

Bayram kuni bolalarim “olgan mahsulotlaringiz shumi?” deb qolsa, nima deyishga ham hayronman.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.