Behbudiy AQSh prezidenti bilan nega uchrasholmagan?
Muftiy hazratlari, garchi, o‘z vatanidan chetga chiqib, olis o‘lkaga shaylanganini sir tutsa-da, ayg‘oqchilar uning safaridan xabar topib, mirshablar yordamida ushlab olishdi. Muftiy qamoqqa olingach, noiloj taqdirning yozig‘i shu ekanini angladi. Biroq umidi batamom so‘nib, o‘ldirib yuborishadi, deb sira ham o‘ylamasdi. Axir, uni kimsan – Amerika prezidenti kutayotgan edi-da!..
Raqibi ko‘p muftiy
XX asr boshlarida Turkistonda kechgan jadidchilik harakatini Behbudiy hazratlarisiz tasavvur qilish qiyin. U jadidcha maktablar ochib, o‘zi darslik yozgan buyuk murabbiy, matbuotimiz va adabiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan, o‘zbek dramaturgiyasiga asos solgan adib, islomiy e’tiqodli ulamo bo‘lgan. O‘sha damlarda Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqandning muftiysi bo‘lib ham faoliyat ko‘rsatgan edi.
Ana shunday ulamoning, tabiiyki, raqiblari ko‘p bo‘lib, ular faqat rus mustamlakachilarigina emas, johil va mutaassib ulamolar ham edi. Mutaassiblar muftiy Mahmudxo‘jani o‘zlariga raqib deb bilar, har qanday yangilikka qarshi edi. Ular hatto 1914 yilning 3 yanvar kuni Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida juma kungi namozda va’z o‘qib, ahli muslimga: «Usuli jadidchilarning va ruscha o‘qitmoqqa tashviq qilaturg‘onlarning kofirligi va har kim bolasini usuli jadid maktabiga bersa, o‘zi kofir, xotini taloq» bo‘lishi haqida fatvo beradi. Tabiiyki, bu xurofot tezda «mish-mish» shaklida butun Turkiston bo‘ylab «bola»ladi. Behbudiy kuyunib, mutaassiblarga javob sifatida «Oyina» jurnalining 1914 yil 12-sonida «Favqulodda takfir» nomli maqolasini chop ettirdi.
Avomga jadidchilik mohiyatini tushuntirayotgan bir paytda xurofotchilarning bu qiliqlari ortiqcha edi. Behbudiy ana shunday qiyin vaziyatda o‘lkamizda jadid maktablari, nashriyot, kutubxona, gazeta va jurnallar ochishni yo‘lga qo‘ya olgan, raqiblari ko‘p ulamo edi.
Murosasiz kurash
Garchi Sayyid Olimxon Peterburgda o‘qib, Rossiya va dunyoda kechayotgan siyosiy bo‘hronlardan xabardor bo‘lsa-da, 1910 yil taxtga o‘tirgach, arkoni davlat ishlarini boylikka mukkasidan ketgan amaldorlar va mutaassib ruhoniylar ixtiyoriga berib, o‘zi ko‘pincha hayotini maishatbozlik bilan o‘tkazdi.
Behbudiy Sharqda hamon dovrug‘i baland Buxoroi sharifdagi mutaassibona boshqaruv uslubi, taraqqiyotdan orqada qolib, o‘lkada yana johiliyat zamonining qaytadan boshlanishidan xavfsirardi. Ayniqsa, «Yosh buxoroliklar»dek taraqqiyparvar kuch atrofidagi kishilarning amir tomonidan zindonga tashlanishi, qatl etilishi Behbudiyni qattiq qayg‘uga solardi.
Behbudiyning «Yosh buxoroliklar» bilan aloqasi borligini yaxshi bilgan Sayyid Olimxon uni o‘zining ashaddiy raqibi, deb bilardi. Xususan, Samarqanddagi qozixonalarda mirzalik, qozilik, muftiylik qilgan Behbudiyning jadid maktablari, teatr truppalari ochish bo‘yicha qilayotgan ishlari nafaqat Turkiston, balki Rossiyadagi matbuot nashrlarida bosilgan maqolalari uning nomini bu paytda ancha mashhur qilgandi. Arabiston, Misr, Turkiya singari Sharq davlatlarini kezgan Behbudiy g‘oyat obro‘-e’tiborli kishi sanalardi. Hatto 1907 yili Samarqandga kelgan jadidchilik harakatining asoschisi Ismoil G‘aspiralining Behbudiynikida mehmon bo‘lgani uning nomini yanada mashhur qilib yubordi. Bularning bari Sayyid Olimxonga yaxshi ma’lum bo‘lib, ana shunday obro‘li zotning «Yosh buxoroliklar»ni qo‘llab-quvvatlayotgani amirga yoqmasdi. Ayniqsa, siyosiy voqealar «qozoni» qaynagan 1917 yilga kelib, hatto rusiyaliklarning ham u bilan murosaga borayotgani amirning g‘ashini keltirdi.
Bu vaqtda Samarqand Turkiston general-gubernatorligiga qarashli viloyat bo‘lib, siyosiy uyg‘onish avj olgan vaziyatda Behbudiy jamoat arbobi sifatida ham mashhur kishiga aylandi. Mustamlaka amirlik hukmdori Olimxon shunday vaziyatda bir guruh turkistonliklarni Buxoroda qabul qildi. 1917 yilning aprelida bo‘lgan uchrashuvda Behbudiy ham ishtirok etgan. Qizig‘i shundaki, rasmiy qabul marosimida amir Olimxon hatto guruhdagi barcha turkistonliklar bilan qo‘l berib so‘rashadi, ammo Behbudiyga qo‘l bermay, e’tiborsizlik ko‘rsatadi. Bu holatning sababi ham Behbudiy «Yosh buxoroliklar» bilan maslakdoshligida edi.
Aynan Buxoroda bo‘lib, amirning qabul marosimida o‘zini tutishi, amaldorlarning mutaassibona qarashlarini, umuman, amirlikdagi vaziyatni o‘rgangan Behbudiy «Hurriyat» gazetasining 1917 yil 1 may sonida «Buxoro voqealari va daf’i tuhmat» sarlavhali maqolasini chop ettirdi. Ushbu maqolada siyosiy uyg‘onish zamoni kelgan bo‘lsa-da, amirning hamon Rusiya mustamlakachilari, xususan, Buxorodagi elchixona boshlig‘i Miller ta’siridan chiqolmayotgani, «semizligidan zahmat chekayotgan «amir»ning mutaassib dindor va amaldorlar qurshovida qolib ketayotganligi»ni yozgandi.
Behbudiyning Buxorodagi vaziyat haqidagi maqolasidan so‘ng amir ayg‘oqchilarini uning iziga tushib, Mahmudxo‘jaga jazo berish yo‘lini izlay boshladi. Hatto buxorolik qadimchilar amir bilan kelishgan holda Behbudiyga imzosiz xat yozib, uni qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘ldilar.
Behbudiy bu haqda yana «Hurriyat» gazetasining 1917 yil 16 iyun sonida maqola yozib chiqadi. «Takror qaytaraman, kim mani qo‘rqutarman, deb behuda zahmat chekmasun. O‘shal ismsiz maktubning taklifiga muvofiq, javobimizni mana gazetada yozduk va endi maktub egasining bizga yuboraturgan o‘lumiga muntazirmiz. Har holda o‘lum birdur, ikki emas!».
Behbudiyning bu maqolasi amirning aybini ochib, yana uning g‘azabini keltirdi. Natijada Olimxon Behbudiyni o‘lim bilan qo‘rqitmoq emas, balki o‘ldirmoq kerak, degan fikrga keldi.
Muxolifatchilar yo‘lga chiqdi
1917 yilning oktyabrida Peterburgda bo‘lgan davlat to‘ntarishidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar siyosati mustamlakachilik to‘nining o‘zgarishi edi, xolos. Tabiiyki, Turkistonda kechgan bu jarayonga «bosmachilik» deb xato nomlangan istiqlolchilik – sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakati ko‘p yillar qarshilik ko‘rsatib, ozodlik uchun kurash olib bordi.
Bu harakatning 1918-1919 yillardagi dastlabki bosqichini kuzatgan Behbudiy eng maqbul yo‘l xorijga borib, bolsheviklarga qarshi kayfiyatdagi davlat rahbarlaridan yordam olish, kuchni birlashtirish va qaqshatqich zarba berish, deb bildi. Shu niyatda 1919 yil 25 mart kuni maslakdoshlari Mardonqul Shomuhammad, Muhammadqul O‘rinboy va bir turk bilan Samarqanddan maxfiy ravishda chiqib ketdi.
Bu vaqtda toshkentlik Sadriddinxon, Nuriddinbek va Saidnosir Mirjalolovlar Turkiyaga, Mustafo Cho‘qayev esa Yevropaga yo‘l olgan, Sherali Lapin ham Yevropa davlatlari rahbarlariga xat bilan murojaat qilgandi. Ular Qo‘qonda tuzilgan Turkiston muxtoriyati rahbarlari bo‘lib, bolsheviklar va arman dashnoqlari tomonidan muxtoriyat qonga botirilgach, xorijiy davlatlardan madad kutib, yo‘lga chiqqan bolsheviklarning muxoliflari edi. Muftiy Behbudiy hazratlari esa AQSh prezidenti bilan uchrashishni niyat qilib safarga otlandi.
Bu paytda birinchi jahon urushi tugab, g‘olib bo‘lgan Antanta davlatlari Parijda Versal konferensiyasini o‘tkazayotgan edi. Bolsheviklardek mustamlakachi ochofatlarning dunyoga gegemonlik qilishini ko‘plab xorij davlatlari, xususan, birinchi galda AQSh istamasdi. Turkiston muxtoriyati rahbarlari esa AQSh prezidentiga maktub yo‘llabgina qolmay, undan javob xati ham olgandilar...
AQSh prezidenti muftiyni kutganmi?
O‘sha vaqtdagi AQShning 28-prezidenti Tomas Vudro Vilson (1856- 1924) bolsheviklarga qarshi kurash tashabbuskori bo‘lib, qad tiklayotgan «rus ayig‘i»ni «beshigi»dayoq bo‘g‘ish niyatida edi. U AQSh prezidenti sifatida emas, Nobel mukofoti sovrindori sifatida ham dunyoda obro‘si baland bo‘lib, bolsheviklarga qarshi kurashchilar bilan muzokaraga tayyor edi. Vilson 1919 yil 18 yanvarda Parijda boshlangan tinchlik konferensiyasida bolsheviklarga qarshi kurashayotgan barcha muxolifatchilarga maxsus xat yo‘llab, ularni «Shahzoda orollari»ga taklif etgandi. Olti oroldan iborat mazkur so‘lim maskan Istanbulning yonginasida bo‘lib, G‘arb davlatlari rahbarlarining bu yerga dengiz yo‘li bilan yetib kelishi kutilayotgandi.
Vilson muxolifatchilar bilan kuchlarni birlashtirib, bolsheviklarga zarba berish va tugatishni Parij tinchlik konferensiyasi kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri etib qo‘ygandi. Shu bois, bu masalani Istanbul yaqinidagi orolda bevosita muxolifatchilar bilan muhokama qilish, vaziyatni batafsil tahlil qilishga tayyor edi.
AQSh prezidenti bilan esa teran mulohazali, vaziyatni besh qo‘lday biladigan turkistonlik bolsheviklar muxolifatchisi muzokara olib borishi kerak edi. Bunday inson esa o‘sha vaqtda Behbudiy bo‘lib, u Bokuga, undan Istanbulga o‘tib, «Shahzoda orollari»ga yetib borishi va birinchi jahon urushida g‘olib bo‘lgan davlat rahbarlari bilan bolshevizmga qarshi kurash bo‘yicha muzokarani boshlashi kerak edi.
Muftiyni kim qo‘lga tushirdi?
Bu paytga kelib, Xiva xonligi va Buxoro amirligidan tashqari, O‘rta Osiyoning katta qismini zabt etgan bolsheviklar, xususan, ularning ayg‘oqchilik mahkamasi (VChK) keng tarmoq otib ulgurgandi. VChK aksilayg‘oqchilik tarmog‘i orqali Versal konferensiyasida bolsheviklarga qarshi kurash masalasi muhokama etilishidan, unda bolsheviklarning ichkaridagi muxolifatchilari ishtirok etishidan boxabar bo‘lgandi. Shunday ekan, qaysidir muxolif kishi yoki guruhning chetga chiqishi qandaydir yo‘llar bilan Versal konferensiyasiga borishidan darak berardi. O‘sha vaqtda Turkiston ichida «bosmachilar»dan tashqari bosh muxolifat lideri, tabiiyki, muftiy Behbudiy bo‘lib, uning 1919 yil fevralida Toshkentga kelib, vaziyat bilan tanishib ketgani ham VChKga ma’lum bo‘lgan.
Ko‘p o‘tmay, Samarqandga qaytib kelgan Behbudiyning u yerda turkiyalik Naim afandi bilan uchrashgani haqidagi xabar tezda ularga yetib boradi. Bunday vaziyatda esa kuzatuv ostidagi Behbudiy uyida ko‘rinmay qoldi. Shuning o‘ziyoq yon-atrofdan muftiyning daragini izlash ishlari olib borilishiga sabab bo‘ldi. Toshkentdagi bolsheviklar VChKsiga Rusiyaning Buxorodagi elchixonasi xodimi Utkin Behbudiyning Buxoroga kelganini ko‘rgan odamlar borligi haqida xabar beradi. Muftiyning yana bir muxolifi amir Sayyid Olimxondan uni tutishda foydalanish ma’qulligi esa tezda eng maqbul variant sifatida tanlanadi.
Bundan oldinroq bolsheviklar Behbudiyning amir bilan raqibligini bilib, muftiydan Olimxonni qulatishda foydalanishni ham o‘ylagandilar. Biroq Behbudiyning nafaqat amir bilan, balki bolsheviklar bilan ham murosaga borolmasligi ayon bo‘lgandi. Shunday ekan, uni amir qo‘li bilan gumdon qilish eng oson yo‘l edi. Behbudiyning Samarqanddan pinhona chet elga chiqqanidan ogoh bo‘lgach, bundan qulay payt sifatida foydalandilar. Ya’ni, oldiniga chor oxrankasi, endilikda esa VChK ayg‘oqchisi bo‘lgan Utkin Buxorodagi qizil Rusiya elchixonasi xodimi sifatida amir bilan tezda bog‘lanib, Behbudiyning Buxoroga kelib, «yosh buxoroliklar» bilan uchrashgani, bu yerdan Olimxonga qarshi kuch to‘plamoq maqsadida xorijga ketayotganini shipshitgan. Bu esa Behbudiyni shundog‘am jini suymaydigan amir uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Boz ustiga, muftiy amirlik hududida ekan, shu tarzda bolsheviklar amir qo‘li bilan Behbudiyning iziga tushdi.
Oqibatda 1919 yil aprelida Shahrisabzga yetib borgan Behbudiy va uning uch hamrohi amir buyrug‘iga ko‘ra qamoqqa olinadi.
Zindondagi rahmdil jallod
Muftiyning hamrohi bo‘lmish Naim afandini Qarshi shahri begi “Turkiya bilan munosabatlarni yomonlashtirmay”, deya qo‘yib yuboradi. Behbudiy, Mardonqul va Muhammadqullar esa Qarshi shahriga olib kelinib, zindonda qiynoq va azoblarga solinadi. Obro‘-e’tiborli muftiyning qiynoqqa solinishidan, hatto bekning jallodi Ahmad vahimaga tushib, Tog‘aybekdan muftiyni ozod qilishni o‘tinib so‘raydi. Bekdan buni iltimos qilishining sababi, ular muftiyni zindonband qilganlarida, Behbudiy ularga maxfiy safarlarini yashirib, hajga ketayotibmiz, deb aytgan edi. Shu yo‘l bilan u musulmon bek va jallodlarning qo‘lidan ozod bo‘lishni o‘ylagandi.
Ammo Tog‘aybek muftiyga qarata: «Sizlar jadid va kofirdirsiz, Buxoroga, janobi oliyga tig‘ tortgan sizning maslakdoshingiz emasmilar edi? Sizlarni o‘ldurmoq kerak. Sizlar qutulmoq uchun Baytullohga bormoqni bahona etib ko‘rsatasiz», deydi. Hatto muftiyning tarafini olgan jallod Ahmadni ham kaltaklatib, so‘ng o‘limga hukm qiladi. Behbudiy va uning hamrohlarini esa «Nauka i prosveщyeniye» jurnalining 1922 yil 1-sonidagi hoji Muinning maqolasidagi fikrlarga ko‘ra, «o‘zlari uchun qabr qazishga majbur etadilar va shu qabr yonida ularni bo‘g‘izlab, shu yerga ko‘madilar».
Shu tariqa 1919 yil iyun oyining boshlarida Qarshi shahrida buyuk ma’rifatparvar muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy 44 yoshida fojiali qatl qilindi.
Umid Bekmuhammad.