Bir oilani aldab kelgan uch firibgar ayolning qilmishi oshkor etildi

Toshkentda AQShga jo‘natishda yordam beraman, deb odamlarni chuv tushirayotgan ayollar aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma’lum qildi.

Joriy yilning iyul oyida Mirzo Ulug‘bek tumanida 62 yoshli Nargis S., 46 yoshli Zulfiya I. va 46 yoshli Dilfuza A.lar 34 yoshli Gulandon A.ga uning oilasini AQShga jo‘natishda yordam berishlarini va’da qilishgan. Buning uchun ayollar jabrlanuvchilardan 16.490 AQSh dollari olganlar. Ammo va’dalariga xilof tarzda pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Tergov davomida aniqlanishicha, 2018 yilning may oyidan joriy yilning apreligacha 46 yoshli Zulfiya I., 62 yoshli Nargis S. va 46 yoshli Dilfuza A.lar 37 yoshli Lola A.ga ham uning oilasini AQShga jo‘natishni va’da qilishgan. Lola ularga jami 17 420 AQSh dollari bergan. Ammo va’dalarida turmagan fuqarolar pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

Ayblanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha qo‘shimcha ayblov yuklandi.

Ayni paytda tergov davom etmoqda.