Bir o‘quv yilida bir oygina dars o‘tilgan yoxud ustozingizni qachon yo‘qlagansiz?
Bir kuni hamkasb do‘stlarim bilan suhbatlashib o‘tirganimizda birinchi o‘qituvchi mavzusida gap ketdi. Har birimiz alifbeni o‘rgatgan ustozlarimizni bir-bir esga oldik. Hamkasblarimdan biri qo‘liga ilk bor qalam tutgan ustozi olamdan o‘tganligini aytib, uning haqiga duo qilishimizni iltimos qildi. Yana biri maktabni bitirganidan buyon birinchi o‘qituvchisini ko‘rmaganini aytib afsuslandi.
- Maqtanishga yo‘ymanglar, - deya gap boshladi hamkasbim To‘lqin Siddiqov. - Har yili 1 oktyabrda birinchi o‘qituvchim Dilbar Soliyevani yo‘qlayman. U hech birimizga begona emas aslida. Jurnalistika sohasida ko‘pchiligimizning ustozimiz qo‘shrabotlik (oxirati obod bo‘lsin) Mamadiyor Ziyodinovning turmush o‘rtog‘i. Har ustozlar bayramida Dilbar opaga bir yil davomida erishgan yutuqlarim, bularga erishishda ustozning hissasi katta ekanligi haqida gapirib beraman. U uzoq duo qiladi.
- Men esa birinchi o‘qituvchimni har kuni yo‘qlayman, - dedim kulib. – Nafaqat ustozlar kunida, har bayramda, arzimas bo‘lsa-da sovg‘alar olib boraman. Har kungi yutuqlarim va tashvishlarimdan xabardor qilib turaman. Har tongda duosini olib ko‘chaga chiqaman. Mening birinchi o‘qituvchim – onam.
Keyin o‘ylanib qoldim. Hech bir bayramda onamdan boshqa ustozlarimning holidan xabar olmagan ekanman. Bu yilgi O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan maktabda yuqori sinflarda bizga rahbarlik qilgan, ona tili va adabiyot fanidan dars bergan ustozimiz E’tibor Xudoykulovani yo‘qlashni niyat qildim.
O‘zim o‘qigan Past Darg‘om tumanidagi 56-maktabga bordim. Bu yerda bizga dars bergan ustozlar, hatto bugun o‘qituvchilik qilayotgan sinfdosh do‘stlarim meni qarshi oldi. Ularni kasb bayramlari bilan qutlab, ustoz E’tibor Xudoyqulovani ayyom oldidan ataylab yo‘qlab kelganligimni aytdim.
- Juda xursandmiz, shogirdlar yo‘qlovi har bir ustoz uchun katta baxt, - dedi maktab direktori Shahlo Saidmurodova. – Muassasamizda 680 nafar o‘quvchiga 47 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya beradi. Shulardan biri katta tajribaga ega muallima E’tibor Xudoyqulovadir. U maktabda ko‘pgina o‘qituvchilarning ham ustozi. O‘quvchilarga ta’lim berish bilan bir qatorda, yosh o‘qituvchilarning malakasini oshirish ishlariga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. E’tibor opa tumandagi barcha ona tili va adabiyot o‘qituvchilariga ham ustozlik qilyapti. Sababi, u tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tashkil etilgan mobil guruh murabbiyi hamdir.
Maktab direktori meni o‘qituvchilar xonasiga boshladi. E’tibor opa shu yerda keyingi darsiga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan.
Ustoz bilan suhbatlashdim. U ommaviy axborot vositalaridagi ijodiy ishlarimni kuzatib borishini aytdi. Men esa undan shu paytgacha xabar olmaganim uchun uzr so‘rab, faoliyati haqida gapirib berishini iltimos qildim.
- Keyingi yillarda biz, o‘qituvchilarga e’tibor oshyapti, - dedi u. - Avvalo, ta’lim muassasamiz ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga aylantirilgani biz uchun quvonarli bo‘ldi. Shuning uchun ham maktabda barcha sharoitlar yaratilgan. O‘ylab qarasam, bundan bir necha yil avval bir o‘quv yilida bor-yo‘g‘i bir oygina maktabda dars o‘tish bilan shug‘ullanib, qolgan paytlarni boshqa yumushlar bilan o‘tkazgan ekanmiz. Bu - haqiqat. O‘quv yili paxta terish mavsumi bilan boshlanib, uzum uzish, tok ko‘mish bilan davom etardi. Orada qishki ta’tildan tashqari bir oy yoki undan ziyodroq vaqt davomida maktabda dars bergan bo‘lsak, bahor kelishi bilan ko‘chalarni obodonlashtirishga kirishib ketardik. Ba’zan yangi uylar qurilishida ham o‘qituvchilar o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lsa, o‘quv yilimiz g‘o‘zani yagana qilish bilan tugardi. Shukurki, bugun barchasi ortda qoldi.
Suhbatimiz davomida E’tibor Xudoyqulova shogirdlar muvaffaqiyati ustozning baxti ekanligini ko‘p bor takrorladi. Xayrlashar chog‘ida ham shogirdlari yutug‘i bardavom bo‘lishini tilab duo qildi.
Baxtiyor MUSTANOV.