Bir oyda samarqandlik 2 nafar kadastr xodimi firibgarlik jinoyatiga qo‘l urdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand viloyat idoralararo komissiyasining navbatdagi sayyor yig‘ilishi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan sodir qilingan jinoyatlar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilishda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 3 mart kuni qurilish masalasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda uy-joyga muhtoj bo‘lgan aholini turar-joy bilan ta’minlash maqsadida rahbar xodimlarga bir qator vazifalar belgilab berilgani ta’kidlandi. Jumladan, Samarqandda 3 444 ta uy-joy qurilish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 1296 tasi Samarqand shahrida, 348 tasi Kattaqo‘rg‘on shahrida, qolgan 1800 tasi 14 ta tuman va shaharlarda bunyod etilib, aholiga topshiriladi.

Bu uy-joylarning 900 tasi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan byudjet mablag‘lari hisobidan qurilsa, qolgan 2 544 tasi tadbirkorlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

– Davlatimiz rahbarining oldimizga qo‘ygan ushbu vazifalari bizdan katta mas’uliyat va shijoat talab qilib, mazkur masalaga o‘ta jiddiy yondashishimiz kerak bo‘lsa-da, biroq oramizda bu masalaga panja orasidan qaraydiganlar, afsuski, yo‘q emas, – dedi idoralararo komissiya raisi, viloyat prokurori R.Masharipov.

Jumladan, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan keyingi bir oy ichida xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, yer ajratish bilan bog‘liq 2 ta firibgarlik jinoyati sodir etilgani bunga misol bo‘ladi.

Mazkur holat komissiya a’zolari ishtirokida tanqidiy va tahliliy ko‘rib chiqilib, yuz bergan jinoyatchilik tub sabablari o‘rganildi. Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vazifaga mas’uliyat va halollik bilan yondoshish lozimligi ta’kidlandi. Qurilish va shu bilan bog‘liq masalalardagi korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma huzurida fidoyi va tajribali kasb egalaridan iborat “Xalqparvar” komissiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi ma’qullandi.