Biz kimga, nimaga suyanamiz?
– Bu bolaga hech gap uqtirib bo‘lmayapti-da, har ikki gapning birida Toshkentga borib o‘qiyman, o‘sha yerda yashayman, deb turib olgan, – deydi qo‘shnimiz, yoshi yetmishlardan oshgan otaxon yonida turgan nabirasidan yozg‘irib. – Shu yerda ham o‘qib, ishlasang bo‘ladi, nasibangga yarasha topasan, desam ko‘nmaydi. Toshkentda bir suyanchig‘ining bo‘lmasa, kimni orqa qilib borasan? To‘g‘rimi gapim? Mana, sen ham necha yildan buyon shaharda ishlayapsan, qo‘llaydigan birorta odaming bo‘lmasa qiyin.
Otaxon shunday deb mening og‘zimga qaraydi, go‘yoki, nabirasi meni gapim bilan ahdidan qaytib qoladigandek.
– O‘zining biror rejasi, maqsadi bordir-da, bobo. Hozirgi yoshlar bekorga bir qadam tashlamaydi. Balki, suyanadigani ham bordir, – deyman qo‘shnimizni shashtidan tushirish uchun va hozir qo‘yib yuborsa uchib ketadigan qushdek g‘ayrati jismiga sig‘may turgan nabiraga qarayman.
– Menam shuni aytyapman-da, aka. Odamim yo‘q, deb qishloqda yuraveramanmi, o‘zim o‘qiyman, ishlayman, yo‘limni topaman. Chet tilidan sertifikatim bor, o‘qishga kirishim deyarli naqd. Bobom Samarqandda o‘qiysan, ko‘zimizning oldida yurasan, deb turib olgan. Men esa Toshkentga, keyin chetga borib o‘qishni, ishlashni xohlayman. Qachongacha qo‘llaydigan, suyanadigan odamim yo‘q, deb uyda o‘tiraveraman? Balki, keyinchalik uka va jiyanlarim uchun o‘sha suyanch men bo‘larman...
Kechagina ko‘cha changitib, o‘yinqaroqlik qilib yurgan, bugun esa bo‘yi barobarida aqlu farosati ham o‘sgan 17-18 yoshlardagi yigitning gaplarini eshitib, hayron qolaman. Bir tomondan, o‘zining fikri borligi, gapini ayta olgani uchun unga havas ham qilaman. Qanday yaxshi-ya, ulg‘ayib ota-onasiga suyanib qolmasdan, o‘zi hayotda yo‘lini topishga harakat qilyapti, nafaqat o‘zining, ukalarining ham kelajagini o‘ylayapti.
Keyin qo‘shnimizga hozir kattaroq tanish-bilishi, orqasida kimdir bo‘lishi kerak, degan gap ahamiyatini yo‘qotgani, bilimli va harakatchan bo‘lsa, yaxshi joylarda ishlashi mumkinligini aytaman. Qishlog‘imizdan chiqqan, hozir turli joylarda ishlab yurgan bir-ikkita yoshlarni misol qilib keltiraman. “Siz oq fotiha berib, duo qilib turavering, nasib etsa, katta odam bo‘ladi nabirangiz”, deyman.
Otaxon biroz xotirjam bo‘lsa-da, baribir mendan o‘zi kutgan gapni olmagani uchun biroz o‘ylanib, “mayli, ota-onasi bilan yana bir maslahatlashib ko‘ramiz”, deb bobo-nabira yetaklashib uyi tomon ketdi.
O‘ylab qolaman. Turmush tarzimiz shundaymi yoki... Bolamiz ulg‘ayib, oq-qorani tanigandan keyin ham mustaqil qaror qabul qilishiga, o‘z hayotini o‘zi qurishiga ko‘pam ro‘yxushlik bildirmaymiz. Balki, ota-onalik mehri, mas’uliyati ustun kelgani uchun yoki farzandimiz hayotda qoqilmasligi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi uchun shunday yo‘l tutarmiz. Yana o‘zimiz falon davlatda bolalar maktabni bitirgandan keyin mustaqil yashar ekan, o‘zi o‘qib, ishlab, o‘z yo‘lini toparkan, deb havas qilamiz. Lekin o‘zimiz bolamizga ana shunday imkoniyat yaratib berishga intilmaymiz. Bunga har doim o‘zimizga sabab va bahona topamiz. Ularning yo‘rig‘i boshqa, deb qo‘yamiz yana o‘zimizni yupatib.
Hozir bunday holatlar biroz kamaygan, ammo yaqin yillarda shunday edi-ku – farzandi maktabni bitirayotgan ota-ona bolasini o‘qishga kiritib qo‘yadigan odam izlardi. Tanish-bilishlari, do‘stlarini orqa qilib, ularning oldiga borardi – hamma narsaga tayyorman, bolam o‘qishga kirsa bo‘ldi. Farzandning o‘qishga qiziqishi bormi-yo‘qmi, o‘zi istaydimi shu yo‘nalishda o‘qishni – bu ahamiyatsiz.
O‘sha tanish, “tanka” talaba o‘qishni bitirguncha unga suyanch bo‘ladi, uni qo‘llab yuradi. O‘qishni bitirgandan farzandni ishga kiritish uchun suyanch izlaydi. Shunday odam topilsa, bir tashkilotda “tanish-bilish” ortidan o‘qib, ishga joylashgan mutaxassis paydo bo‘ladi. Ota-ona “biz o‘z burchimizni bajardik”, deb xotirjam bo‘ladi. Ammo 25-30 yoshgacha faqat suyanch bilan yashagan, o‘qigan va endi ishlayotgan farzandning hayotda o‘z yo‘lini topib olishi oson bo‘lmaydi. U bir umr kimningdir yordami bilan ishlashga, yashashga o‘rganib qoladi.
Bundan ham yomoni, “suyanchi” mansabdan ketsa yoki ishi o‘ngidan kelmasa, ishoning, u qo‘llab yurgan “soya”lar ham o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Yangi suyanch topgunicha esa umr o‘tib ketadi yoki yana kimlarningdir soyasiga aylanadi.
Bugun qo‘shnimizning o‘g‘lidek fikrlaydigan, harakat qiladigan yoshlarni ko‘rsam odamlar o‘zgaryapti, yoshlar o‘z kelajagiga befarq emas, deb ularga havas qilaman. O‘zi pul topib o‘qiyotgan, oila qurayotgan, hayotda o‘z yo‘lini topib, keyin oila qurishga intilayotgan yoshlar ko‘payayotganidan xursand bo‘laman. Ular uchun ota-onasining to‘g‘ri ta’lim-tarbiyasi, hayot sabog‘ini bergani o‘zi katta suyanch.
Hayot – misli katta ummon. Ota-ona unda suzishni, hayot kechirishni o‘rgatadi. Lekin bir umr yoningizda bo‘lmaydi. Xuddi shunday har qanday suyanch, tayanch ham yarim yo‘lda qolib ketishi, o‘zingiz harakat qilmasangiz, intilmasangiz suzishingizga yordam berolmasligi mumkin. Ana shunday paytda bu ummonda to‘xtab qolmaslik, adashmaslik uchun o‘zingiz uzoq manzillarni ko‘zlab, mustaqil, mahorat bilan suzishingiz kerak.
G‘olib Hasanov.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.