Bizda oziq-ovqat xavfsizligi qay darajada ta’minlangan?
Jahonda iqtisodiy va oziq-ovqat inqirozlari tobora chuqurlashayotgan bir paytda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash orqali aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan extiyojlarini to‘la qondirish, oziq-ovqat bozoridagi barqarorlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu muhim masalani atroflicha o‘rganish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda oziq-ovqat xavfsizligi o‘rnini targ‘ib etish hamda bu borada jahonning yetakchi mamlakatlarida to‘plangan boy tajribani ommalashtirish maqsadida 2020 yil 16-17 oktyabr kunlari Samarqand davlat universitetida II xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tadi.
Konferensiya ishida Xitoy, Rossiya, AQSh, Italiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi xorijiy davlatlardan 50 dan ortiq soha mutaxassislari ishtirok etadi.
Shuningdek, respublikamizning 30 dan ortiq sohaga oid tashkilotlaridan 300 ga yaqin mutaxassis va olimlar o‘zlarining oziq-ovqat sohasidagi dolzarb masalalariga qaratilgan ma’ruzalari bilan qatnashadi.
Konferensiyada COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq sharoitda aholi iste’moli uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hamda yetkazish masalasi milliy va xalqaro me’yorlari, ovqatlanish va ovqat hazm qilishning dolzarb muammolari, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, qayta ishlash va ozuqalarni biologik qiymatini saqlash masalalari, ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligi, salomatlik strategiyasi, ilmiy asoslangan ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish kabi bugungi kunning muhim masalalari muhokama qilinadi.
Ushbu nufuzli anjuman oldidan bir jihatga e’tibor qaratish zarur. Ya’ni, keyingi yillarda mamlakatimiz bozorlarida import meva-sabzavot mahsulotlari ko‘payib bormoqda. Bu holat bizni albatta hushyorlikka chaqirishi kerak. Buning oldini olish uchun, avvalo, yo‘qolib borayotgan qadimgi navlarni tiklash, seleksiya ishlarini oqilona va samarali yo‘lga qo‘yish, sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion ishlanmalarni keng joriy etishimiz zarur.
Yana bir gap. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyadagi nutqida oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan muhim tashabbusni ilgari surdi. Bu bejiz emas.
Sababi, hozir butun dunyoda kechayotgan pandemiya tufayli har birimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi dolzarb ahamiyat kasb etganiga guvoh bo‘ldik. Aynan pandemiya sababli mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarda uzilishlar ro‘y berdi, natijada aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ymagan davlatlar fuqarolariga ochlik bevosita tahdid sola boshladi. Boshqacha aytganda, pandemiya har bir davlatga o‘zining mavjud ichki resurslarini ko‘rib chiqib, foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solishi lozimligini ko‘rsatdi.
Ana shunday murakkab vaziyatda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun ikki yo‘nalishda chora-tadbirlar amalga oshirildi. Birinchidan, qishloq aholisi tomorqa maydonlarini kengaytirish va yangilarini ajratib berish, ikkinchidan, qishloq xo‘jalik ekinlari tarkibini qayta ko‘rib chiqish.
Shu jihatdan aholiga yetarli darajada chorvachilik mahsulotlari va o‘simlik yog‘i yetkazib berish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash uchun zarur bo‘lgan bazani barpo etish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari asosiy turlarining yetarli zaxirasini shakllantirish, ularning chakana baholari barqarorligini ta’minlashga erishish, chetdan keltirilayotgan mahsulotlar hajmlarini qisqartirib borish kabilar ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlari hisoblanadi. Bugun o‘z ishini boshlaydigan konferensiyada oziq-ovqat xavfsizligi sohasida mavjud muammolarga yechim topish, bu bo‘yicha xorijlik mutaxassislar bilan fikr almashish, taklif va tavsiyalar ishlab chiqib, tegishli sohalar va hukumatga taqdim etish bugunning dolzarb vazifasi sanaladi.
Xislat Haydarov,
SamDU professori.