Bizda xom ashyo yetarli. Ammo uni jahon standartlari bo‘yicha qayta ishlash va qadoqlashga mablag‘ kerak
Samarqand veterinariya meditsinasi institutida Amerika Qo‘shma Shtatlari “Shemonics” xalqaro tashkilotining Yevropa va Osiyo mintaqasi menejerlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Shemonics” kompaniyasi agrobiznes, salomatlik, fan va ta’lim, shuningdek, iqtisodiyot va xalq xo‘jaligining turli yo‘nalishlari bo‘yicha innovatsion loyihalarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanuvchi yirik xalqaro tashkilotlardan biri. Tashkilotning bosh ofisi Vashingtonda joylashgan bo‘lib, u dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlari bilan turli grant loyihalari yuzasidan hamkorlik qiladi. Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida kompaniyaning 5000 nafardan ortiq mutaxassis xodimlari faoliyat ko‘rsatadi.
Tashkilot vakillari, jumladan, menejer Frenki Kozeli xonim oziq-ovqat havfsizligi bilan shug‘ullanuvchi Markaziy Osiyo hududidagi yagona oliy ta’lim muassasasi – Samarqand veterinariya meditsinasi institutining bugungi hayoti, ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar, institutning xalqaro hamkorlik aloqalari, grant loyihalardagi ishtiroki va kelgusi rejalari bilan qiziqdi.
Uchrashuv davomida institutda Klaster tizimini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro mutaxassislarni ancha qiziqtirib qo‘ydi va kelgusidagi grant loyihalarni shu ishga jalb etish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Xalqaro standartlarga chiqish uchun bizdan nima talab etilyapti? Oziq-ovqat sanoatiga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali ham mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qilish mumkin.
Xorijlik mutaxassislarning mulohazasiga ko‘ra, mintaqada tabiiy toza, ya’ni ekologik jihatdan mukammal bo‘lgan mahsulotlar (go‘sht, sut va hokazo) yetishtiriladi. Ularning ehtiyojdan ortganini jahon standartlari talablariga mos ravishda qadoqlab, eksport qilish uchun zarur zamonaviy texnologiyalar yetishmaydi. Zarur mablag‘ni xorijiy grant loyihalari qo‘magida keltirish mumkin. “Shemonics” kompaniyasi ana shu imkoniyatni taqdim etadi.
Ta’lim ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashgan holda olib borilsa, bu imkoniyatlarimiz ikki barobar ortishi mumkin. Institutda shunga harakat qilinyapti. Talabalar ikkinchi kursdan boshlab o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha xo‘jalik va ishlab chiqarish korxonalarida tajriba, malaka orttirmoqda.
Muloqotda ana shu jihatlarga e’tibor qaratildi. Nufuzli xorijiy mehmonlardan o‘z loyihalarini shu kabi masalalarga qaratishlari va mablag‘ ajratilishi yuzasidan fikr almashindi.
Gulchehra BERDIYoROVA.