Biznes-ombudsmanga 111 ta murojaat tushdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvining oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlariga 2019 yil mobaynida tadbirkorlik sub’yektlaridan 111 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 26 tasi qanoatlantirildi, 65 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 13 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra, boshqa idoralarga yuborildi.

Jumladan, eksport mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Samarqand poyabzal klass” mas’uliyati cheklangan jamiyatining elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolari bir necha oydan buyon hal qilib berilmayotganligi haqidagi murojaati o‘rganib chiqilib, qisqa muddatda korxonani uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.

Bulardan tashqari, davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan tahlil va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 9 ta taqdimnoma yuborildi. Tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab sudlarga 4 ta arizalar kiritildi. Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida noqonuniy ravishda tekshirishlar o‘tkazganligi bois yer resurslari va davlat kadastri, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va qurilish sohasida nazorat idoralarining mansabdor shaxslariga nisbatan 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzilib sudlarga yuborildi.

Kiritilgan ta’sir choralari natijasida hokimliklar va boshqa davlat idoralarining 47 ta hujjatlari bekor qilindi, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 19 nafar shaxs ma’muriy, 7 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.

Prezidentimizning topshiriqlariga asosan Biznes-ombudsman xodimlari rahbarligida ishchi guruhlar tuzilgan bo‘lib, ushbu ishchi guruhlar tomonidan doimiy ravishda xududlarga import qilingan texnologik asbob-uskunalardan samarali foydalanishning ahvoli monitoring qilib borilmoqda.

Samarqand viloyatiga 2019 yilning avgust-dekabr oylarida asbob-uskuna olib kelgan 343 korxonada o‘tkazilgan monitoring davomida aniqlangan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan tarmoq jadvallari ishlab chiqilib, muammolarni zudlik bilan hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, asbob-uskunalardan samarali foydalanishning ahvoli yuzasidan o‘tkazilgan monitoring jarayonida Toyloq tumanida faoliyat yurituvchi “ZARAFSHON PROPRIETY SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olinganligi aniqlanib, ushbu muammoni hal qilish yuzasidan tadbirkor manfaatini ko‘zlab ma’muriy sudga ariza kiritildi. Samarqand tumani ma’muriy sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra, Toyloq tumani hokimining 2018 yil 21 maydagi 1451-q-sonli qarori haqiqiy emas deb topilib, tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit yaratilishi ta’minlandi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, bu borada aniqlangan qonunbuzilish holatlarini zudlik bilan bartaraf etish hamda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish kelgusida ham faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Jasur TURSUNOV,

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi bosh inspektori vazifasini bajaruvchi.