Bolaga bir yaxshiligimiz o‘n yaxshilik bo‘lib qaytadi
Samarqand shahridagi 1-mehribonlik uyi. Shahar markazida joylashgan ko‘rkam maskan. Mo‘’jazgina bog‘i, o‘yin maydonlari, dam olish joylari, katta-kichik binolari bo‘lgan kattagina hovli. Bu hovlida 100 nafarga yaqin bola bir oila a’zolaridek yashaydi. Murabbiy va tarbiyachilardan saboq oladi.
Odatda, Mehribonlik uylari haqida gap ketganda ko‘pchilik bu maskanlarda ota-onasidan ayrilgan yoki ular tomonidan tashlab ketilgan bolalar ta’lim-tarbiya oladi, deb o‘ylaydi. Bunga uzoq yillar “bolalar uyi” yoki “detdom” degan tushunchalar sabab shakllangan dunyoqarashimiz, ko‘rgan-kechirganlarimiz asos bo‘lar balki. Lekin bu xulosamiz unchalik ham to‘g‘ri emas.
Mehribonlik uyi maktab internat emas
– Ish faoliyatimni 2010 yilda 6-mehribonlik uyida boshlaganman, – deydi Samarqand shahridagi 1-Mehribonlik uyi direktori Mavjuda Faxrutdinova. – Dastlabki kunlari bolalarga qarab yuragim ezilib, rosa yig‘ladim. Qanday bag‘ritosh ota-onalarki qalb qo‘ridan yaralgan bolasini shunday muassasalarga tashlab ketadi, ularda yurak bormi, deb o‘zimga o‘zim savol berardim. Haftaning oxiriga borib, bolalar ancha kamayib qoldi. Ularning hammasi ham yetim emas ekan, ota-onalari kelib, olib ketishdi va dushanba kuni yana keltirib qo‘yishdi. Ana o‘shanda Mehribonlik uyidagi hamma bolalar ham yetim bo‘lmasligini bilganman. Shundan keyin har bir bolaning oilasi bilan qiziqdim. Ota-onasi bor bolalarning uyiga borib, ular bilan suhbatlashdim. Nima sababdan bolasini Mehribonlik uyiga berganini so‘raganimda ularning ko‘pchiligidan “bolamni “detdom”ga emas, maktab-internatga berganman” degan javobni eshitganman. Bunday ota-onalarga Mehribonlik uyi va maktab-internat nima ekanligini, bola oila muhitida ta’lim-tarbiya olishi muhimligini tushuntirganmiz. Shu tarzda 2011 yilda 67 nafar bolani oilasi bag‘riga qaytardik. O‘sha paytda Samarqand shahrida to‘rtta Mehribonlik uyi bo‘lardi. Ularda tarbiyalanayotgan bolalarning ma’lumotlarini tahlil qilib shunga guvoh bo‘lganmizki, faqatgina chin yetimlar va haqiqatda shunday maskanlarda yashashga muhtojlarini hisoblaganimizda bitta Mehribonlik uyi kifoya qilardi. Mana bugun shunday – Samarqandda bitta bizning muassasamiz qolgan. Lekin bizdagi bolalarning ham 6 nafarigina chin yetim. 67 nafari hayotning turli zarbalari tufayli oilasi parokanda bo‘lgan bolalar, ya’ni ijtimoiy yetim. 19 nafari kam ta’minlangan oilalar farzandi.
Farzand – oila quvonchi, ota-ona orzu-umidi. Har bir bola ota-onasi mehrini his qilib, oila bag‘rida ulg‘ayishi, hayotni tanishi kerak. Ammo hayotning past-balandi, sinovlari ko‘p. Turli sabablar bilan ota-onasiz, yetim bo‘lib qolgan bolalarga davlat tomonidan e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi, ularning boshqa tengdoshlaridan kam bo‘lmay kamolga yetishlari uchun shart-sharoit yaratiladi. Ammo bu faqatgina bolaning moddiy ta’minoti, ya’ni yeb-ichishi, kiyim-kechagini ta’minlab qo‘yish, degani emas. Uning ta’lim-tarbiyasi, ruhiyati, hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun ham qayg‘urish, mehr-muhabbat ko‘rsatib ulg‘aytirish kerak.
Birorta bola “yetimman” deb o‘ksinmaydi
Joriy yilning 28 iyul kuni nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu borada yangicha tizim joriy etilishini ta’kidladi.
Yurtimizdagi Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida yashayotgan bolalar ta’lim-tarbiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, oilaviy bolalar uylari tashkil etgan va yetim bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan oilalarga bir qator imtiyozlar berilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ota-onasi yoki qarindoshlari bo‘la turib Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarni ularning oilasiga moddiy yordam berish orqali yaqinlari bag‘riga qaytarish mumkinligi aytildi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etishga oid bu kabi chora-tadbirlar Prezidentimizning 9 avgust kuni qabul qilingan ikkita muhim qarorida o‘z aksini topdi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilish va qabul qilingan qarorlar yurtimizda hayotning turli sinovlari sababli yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lib qolgan bolalarni barkamol insonlar etib o‘stirish, ularga davlat tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda yangi davrni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deya so‘zida davom etadi Mavjuda Faxrutdinova. – Ikki hujjatda ham tizimni yangicha asosda tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Birorta bolaning “men yetim yoki nogironman” deb o‘ksinmasligi uchun barcha shart-sharoit yaratilishi, ularning kasb-hunar o‘rganishi, oliy ma’lumot olishi va ishga joylashishi, uy-joy bilan ta’minlanishining huquqiy asoslari yaratildi.
Yig‘ilishdan so‘ng, Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasi mas’ullari kelib, muassasamiz faoliyatini o‘rgandi va davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosiga kirishildi. Bolalar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul sifatida Milliy gvardiyadan Jamshid Qo‘chqorov menga o‘rinbosar sifatida ish boshladi. Ikkita psixolog biriktirildi. Shu paytgacha ikkita – shashka va og‘ir atletika to‘garagimiz bor edi, yana 7 ta sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va bu mashg‘ulotlarni ham Milliy gvardiya xodimlari o‘tmoqda. Respublika Bosh prokuraturasi va viloyat prokuraturasi yordami bilan milliy kurash to‘garagi ochildi. Bolalarimiz uchun zarur sport jihozlari va kiyimlari olib berildi.
Qisqa vaqt davomida bolalarimiz Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi va uning tizimidagi sport seksiyalariga, dala o‘quv maydoniga sayohatga olib borildi. Xodimlarning o‘zlari kelib ular bilan ma’rifiy, sport tadbirlari o‘tkazyapti.
Tarbiyalanuvchilarning 60 nafari o‘g‘il bolalar bo‘lgani uchun ular tarbiyasida erkak kishining o‘rni juda muhim. O‘tgan yil tajriba sifatida uch nafar erkak tarbiyachini ishga qabul qilgandik. Bu bolalar yurish-turishi, tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shuning uchun Milliy gvardiya xodimlarining biz bilan hamkorlikda ishlashi bolalarimizning ruhan va jismonan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga yordam beradi.
21 nafar bitiruvchining 17 nafariga uy beriladi
Mehribonlik uyida bolalar 3 yoshdan 18 yoshgacha ta’lim-tarbiya oladi. Maktabni bitirganidan so‘ng, ular turar joy bilan ta’minlanib, mustaqil hayot boshlaydi.
– Bolalarimiz ko‘pincha, ana shu damda jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynaladi, – deydi Mavjuda Faxrutdinova. – Sababi aksariyati oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmaydi yoki kirganda ham o‘qishga imkoniyati bo‘lmaydi. Qo‘lida tayinli kasb-hunari bo‘lmaganidan keyin buyam katta muammo tug‘diradi. Eng yomoni uy-joy masalasi. Shu paytgacha ularga asosan, yotoqxonadan hammasiga bitta ko‘p qavatli uydan xonalar ajratilardi. Natijada ular yana boshqalar bilan muomala-munosabatga kirishish o‘rniga o‘z qobig‘iga o‘ralib qolardi. Endi, avvalo, ular Mehribonlik uyida chog‘ida biror kasb-hunarga o‘qitiladi, oliy o‘quv yurtida qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qiydi, stipendiyasiga 50 foiz qo‘shib beriladi. Ishga joylashishda ham bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi. Eng muhimi, ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan bir xonali xonadonga ega bo‘ladi. Bu xonadonlarni ajratishda ham barcha omillar hisobga olindi.
Joriy yilda bizning muassasamizda yashayotgan yoshlarning 21 nafari maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirdi. Hozircha, 7 nafarining talaba bo‘lgani aniq bo‘ldi. Boshqalariga ham omad kulib boqishiga ishonamiz. Shu paytacha 2 nafar bitiruvchimizga Samarqand shahri va Jomboy tumanidan uy ajratib berildi. Yana 16 nafari 1 oktyabrga qadar o‘z uyiga ega bo‘ladi. To‘rt nafar yetim bolaning ota-onasidan qolgan uy-joy borligi sababli ularga bu xonadonlarni ta’mirlashga yordam beriladi.
Tarbiyachilar oilaviy bolalar uyi ochmoqchi
Mehribonlik uyi rahbari Prezident ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng muassasaning ikki nafar tarbiyachisi – M.Rahimova hamda F.Narziyeva oilaviy bolalar uyi ochib, 5 nafardan o‘g‘il-qizlarni o‘z tarbiyasiga olmoqchi ekanligini aytdi. Ayni paytda ular shu ezgu ish harakatida ekan.
Ha, yana bir gap. Hozirda muassasadan bola asrab olish istagini bildirib, ro‘yxatda turganlar 200 nafarga yaqinligini aytishdi. Bag‘rikeng, bolajon xalqmiz. Yetimning boshini silash, unga mehr-oqibat ko‘rsatish xalqimizga xos yuksak insoniy fazilatlardan sanaladi. Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona, degan gap ham bejiz aytilmagan. Shu yurtda, jamiyatda yashayotgan har bir bolaning, u kimning zurriyodi bo‘lishidan qat’i nazar, kelajagiga befarq bo‘lmay, unga mehr-e’tibor ko‘rsatsak, nafaqat ularni turli yot g‘oyalarlar ta’siridan asragan bo‘lamiz, balki yosh avlod oldidagi insoniy burchimizni ham ado etgan bo‘lamiz. Qolaversa, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, farzandlarimizga qilgan har bir yaxshiligimiz o‘n yaxshilik bo‘lib qaytadi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat).