Bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayol ozodlikdan mahrum etilmadi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi ochiq sud majlisida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatni sodir qilgan ayolga nisbatan hukm o‘qidi.
Sudlanuvchi Adiba Raimova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2019 yilning 21 may kuni tungi soat 00:10 larda “Dilnoza” kafesida 6 yoshli o‘g‘li Doniyorni Kamola ismli shaxsga 15 million so‘mga sotayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.
Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.
A.Raimova sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. Sharoiti og‘irligi, bolani sotishdan maqsadi yashash uchun uy-joy sotib olmoqchi bo‘lganligini bayon etib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.
Sud majlisida Navbahor tumani xotin-qizlar qo‘mitasi vakili sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni, unga foydali mehnat bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratib berishini bildirib, kafolat xati taqdim qildi.
Sud A.Raimovaning qilmishiga iqror va pushaymonligini, ayolligini, qaramog‘ida 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lib, o‘zi yagona tarbiyachi va boquvchi ekanligi, moddiy jihatdan qiynalganligi, ilgari sudlanmaganligi kabi omillarni hisobga olib, insonparvarlik prinsipiga amal qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, ya’ni u ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi.
A.Raimovaga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Abulqosim RUZIQULOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi raisi.