Bo‘lgan voqea: Xayrli rizq

Kundalik rizqini hammollik orqali topuvchi bir yigit namozlarida “Yo Rabbim, menga nima beradigan bo‘lsang xayrlisini ber. Bir burda non bo‘lsa ham xayrlisidan nasib et”, deb duo qilar ekan.

Hammolning mudom bir xil duoni takrorlayverishi atrofidagilarning e’tiborini tortibdi. Ulardan biri so‘rabdi:

– Ey do‘stim, nima uchun sen namoz o‘qib bo‘lgach, "Yo Rabbim, menga nima beradigan bo‘lsang, xayrlisini ber. Bir burda non bo‘lsa ham xayrlisidan nasib et", deb Allohga iltijo qilasan. Nonning ham xayrsizi bo‘ladimi?

Hammol javob beribdi:

– Birodar, mening boshimga tushgan savdoni bilsayding, sen ham shunday duo qilgan bo‘larding/

Atrofidagi odamlar qiziqib so‘rabdilar:

– Boshingdan o‘tgan voqeani so‘zlab ber, biz ham eshitaylik.

Hammol so‘zlay boshlabdi:

– Bir kuni og‘ir yuk ko‘tarib qiyalikdan yuqorilayotgan edim. Holdan toyib, ustimdagi yukni bir muddatga yerga tushirishga majbur bo‘ldim. Peshonamdan oqayotgan terni artar ekanman, ich-ichimdan faryod chekdim: "Ey Alloh, nasibam bo‘lgan bir burda nonni qanday qiyinchilik bilan berasan-a! Meni jiqqa terga botirmay, yeydigan nonimni o‘tirgan joyimdan qo‘zg‘atmay, ehson qilib qo‘ya qolsang bo‘lmaydimi?!".

Bu iltijo og‘zimdan chiqar-chiqmas, birdan qarshimda ikki kishi bir-birini savalayotganini ko‘rib qoldim. Jim qarab tura olmay, ularni ajratishga urindim. Shu payt ulardan biri shunday musht tushirdiki, og‘zi-burnim qonga bo‘yaldi. Yetib kelgan mirshablar meni ham janjalkashlarga qo‘shib, hibsga oldilar.

Qamoqdaligimda mirshablar har kuni non olib kelardilar. Shiftga termulgancha yotar ekanman, qayg‘uga botganim uchun tomog‘imdan bu tekin non o‘tmasdi.

O‘z-o‘zimga: Endi yuk ham tashimayapsan, peshonangdan ter ham quyilmayapti. Mana senga tekinga kelgan non. To‘yguningcha yeb ol”, derdim. Chunki ozodlikda manglay terim evaziga topilgan kulcha tutqunliqda berilgan tekin nondan lazzatli edi.

Noto‘g‘ri duo qilganimni tushunib yetdim. O‘sha kundan e’tiboran duoimni o‘zgartirdim. Allohdan doim xayrli rizq berishini so‘rayman, degan ekan.

Manba