Bor-yo‘g‘i 2 kilogramm vaznli ayol

Meksikalik qiz Lusiya (ba’zi hujjatlarda Lyuchiya) Sarate hech qanday xohish va ixtiyorsiz “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. Gap shundaki, Lusiya yuz yildan ortiq vaqt davomida insoniyat tarixidagi eng yengil vaznli qiz bo‘lib qoldi.

Bu rekordni yangilashning deyarli iloji bo‘lmadi, chunki voyaga yetgan paytida bu meksikalik qizning vazni atigi ikki kilogramm bo‘lgan. Noma’lum kasallik tufayli uning o‘sishi onasining qornidayoq to‘xtab qoldi. Biroq bu farzandning tana nisbatlari va aqliy qobiliyatiga ta’sir qilmadi. Aql-idrok nuqtai nazaridan Lusiya o‘z tengdoshlari bilan teng edi, lekin tashqi ko‘rinishi ertakdagi yengil qushga o‘xshardi.

“Mini” qizaloq

Lucia 1863 yilning 2 yanvarida San-Karlos shahrida ko‘p bolali oddiy  bo‘yli kishilar oilasida tug‘ildi.

Mitti Sarate zamonaviy ilm-fanga ma’lum bo‘lgan pakanalarni mag‘lub etdi. Aytishlaricha, yangi tug‘ilgan qizning vazni atigi 226 gramm, bo‘yi esa 20 santimetr bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlar hujjatlashtirilmagan va shifokorlar ikki kilogrammdan kam bo‘lgan vazn bilan omon qolishning iloji yo‘qligini ta’kidlaydi. Shusababli ular bolaning o‘sishi taxminan bir yoshgakelib to‘xtab qolganligi haqida gapirishadi.

Qanday bo‘lmasin, 17 yoshida Lusiyaning bo‘yi taxminan 35 santimetr, og‘irligi esa ikki kilogrammdan bir oz ko‘proq edi. Shu bilan birga, o‘smirning aqliy rivojlanishi yoshiga to‘liq mos kelardi.

Shubhali mashhurlik

XIX asrning oxirida mashhur bo‘lgan barcha turdagi frik shoulardan  birining egasi Lusiya haqida eshitib qoldi, u ota-onasiga unga yaxshi qarashga va munosib maosh berishga va’da berib, 12 yoshli qizaloqni o‘z truppasiga ishga oldi. Yangi sirk artisti ushbu truppa bilan birgalikda AQShga jo‘nab ketdi.

Saratening noyob gavda bichimi uning shuhrat qozonishini ta’minladi. Qiz tez orada mashhur bo‘lib, turli truppalar va shoulardan ko‘plab takliflar oldi. U munosib pul ishlab topishga muvaffaq bo‘ldi va topganlarining ko‘p qismini oilasiga yuborardi.

Fojiali o‘lim

Juda mashhur bo‘lib ketgan Lusiya ko‘plab shoularda qatnashishi tufayli tez-tez shahardan shaharga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri kelardi. 1890 yilning qishida bo‘lib o‘tgan keyingi sayohat san’atkor uchun avvalgilaridan farq qilmasligi kerak edi. Biroq guruh ketayotgan poyezd Kaliforniyaning Serra-Nevada tog‘larini kesib o‘tishi kerak bo‘lgan paytda kuchli qor yog‘ib, bo‘ron boshlandi, shu sababli poyezd yo‘l o‘rtasida qolib ketdi. Yoqilg‘i cheklangan vaqtga mo‘ljallangan edi va tyez orada vagonlardagi harorat pasaya boshladi. “Kichkina” sirk artistlari bu sovuqni oddiy odamlarga qaraganda qiyinroq boshdan kechirdi.

Lusiya bir necha issiq adyolga o‘ralgan bo‘lishiga qaramay, qahraton sovuqdan omon qolmadi.  27 yoshli qiz tana sovib ketishi oqibatida vafot etdi. Xuddi shunday ayanchli qismatga duch kelgan yana bir qancha mittilar ham bu safardan omon qaytmadi.

Tan olingan rekord

Meksikalik Lusiya Sarate hayoti davomida, dastlab oksfordlik shifokorlar va olimlar tomonidan tekshirilib, 1876 yilda eng yengil qiz unvoniga sazovor bo‘ldi. O‘sha paytda qiz 12 yoshda edi, lekinbunga shubha qilgan ekspertlar gazetalarda qizaloqni olti yoshga to‘lgan qilib ko‘rsatishdi. Biroq, bu qalbakilik Lusiyaning Ginnes rekordchisi bo‘lishiga to‘sqinlik qilmadi, uning ismi hali ham bu kitobdagi ro‘yxatdan joy olgan.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.