Bosh prokuratura mahalla raisi tahdidiga uchragan va otasi kaltaklangan talaba jurnalist bo‘yicha bayonot berdi

“Maqolam uchun mahalla raisi tahdid qildi, dadamni do‘pposlashdi” sarlavhali xabari Karmana tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, Karmana tumani “Bog‘ishamol” mahallasi va homiylar tomonidan mazkur mahallada yashovchi S.Ilmurodovaga joriy yilning may-avgust oylarida oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordam puli berilgan.

1999 yilda Nurota tumanida tug‘ilgan, jurnalistika yo‘nalishi 2-bosqich talabasi M.Po‘latova qo‘shnisi S.Ilmurodovadan unga haqiqatdan ham oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordam pullari berilgani, mahalla xodimlari tomonidan fotosuratga tushirilganligi haqida ma’lumot olgan va shu asosda 2020 yil 6 avgustda “Navoiy ziyosi” gazetasida “Efir uchun qilinayotgan ehsonlar” nomli maqolasi chop etilgan.

Bog‘ishamol mahallasi raisi M.Pardayev, o‘rinbosari H.Abdualimov bilan talaba M.Po‘latova maqolada ko‘rsatilgan holatlarga aniqlik kiritish uchun 2020 yil 3 sentyabrda S.Ilmurodovaning yashash xonadoniga borib, u bilan suhbatlashayotganida M.Po‘latova va otasi R.Pardayev hamda ushbu mahallada yashovchi fuqaro O.Mamatovalar ham suhbatga qo‘shilgan.

Fuqaro S.Ilmurodova ko‘rsatilgan moddiy yordamlar uchun hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan. M.Pardayev talaba M.Po‘latovaga maqoladagi holatlarni to‘liq o‘rganmasdan chop etganligini, bunday holatlarga mahallada yashovchi boshqa xolis fuqarolar ishtirokida aniqlik kiritilishi lozimligini ma’lum qilgan.

O‘rganish davomida tumanning mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, talaba M.Po‘latovaning gazetaga maqola chop etganligi uchun Bog‘ishamol mahallasi raisi M.Pardayev unga bosim o‘tkazganligi holati o‘z tasdig‘ini topmagan.

Bundan tashqari, 2020 yil 4 sentyabrda M.Po‘latovaning otasi R.Pardayev va yon qo‘shnisi I.Yadgarov, uning o‘g‘li A.Yadgarovlar o‘rtasida maqola yuzasidan kelib chiqqan janjalda ular bir-birlarini urib tan jarohati yetkazgan. Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilgan.

Natijada 2020 yil 7 sentyabrda I.Yadgarov va R.Pardayevlarga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41, 52-moddalari, A.Yadgarovga MJtKning 52-moddasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.