Bosh prokuror N.Yo‘ldoshevga topshiriq – har bir holat chuqur va xolisona o‘rganilsin: Prezident Qoraqalpog‘istondagi voqealarga to‘xtaldi

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Yig‘ilish avvalida davlat rahbari Qoraqalpog‘istondagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tdi.

"Bu yerda sodir bo‘lgan noxush voqealar barchamizda tashvish va iztirob uyg‘otishi tabiiydir.

Nukus shahrida yuz bergan voqealar natijasida, afsuski, bir qancha fuqarolar halok bo‘ldi va jabr ko‘rdi.

Shu munosabat bilan o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga chin yurakdan hamdardlik bildiraman. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman.

Mana shunday daqiqalarda tinchlik va inson hayoti naqadar bebaholigini, uni asrab-avaylash naqadar muhim ekanini, bunga barchamiz mas’ul ekanimizni yanada chuqur his etamiz.

Albatta, bu voqealar bir kunda yoki o‘n kunda tashkil qilingan emas. Bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilgan. Ularning asl maqsadi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan.

Bo‘lib o‘tgan voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona tergov qilish uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari boshchiligida tergov va surishtiruv guruhi ish olib bormoqda.

Bu jarayonga xolis tomonlarni, ya’ni, jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollarni ham jalb qilish zarur.

Shuning uchun, Bosh prokuror N.Yo‘ldoshevga topshiriq – har bir holat chuqur va xolisona o‘rganilsin va voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berilsin.

Shu o‘rinda, kuch tuzilmalarining harakatlari ham chuqur tahlil qilinsin. Agar ular tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka asosan ularning ham jinoiy javobgarligi ta’minlansin", dedi yig‘ilishda Prezident.