Boshlang‘ich sinflar Finlandiya tajribasi usulida o‘qitiladi
Bugun Prezidentimiz Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Ayni paytda ayrim maktablarda Finlandiya usulida dars berish tajriba sifatida qo‘llanilayotgani va uning samarasi bu tashabbusning nechog‘li foydali bo‘lishini ko‘rsatyapti.
Finlandiya tajribasi usulidagi darsliklar bolani kreaktiv fikrlashga, muammoli vaziyatlardan o‘z harakati bilan chiqib ketishga o‘rgatadi. Hozirgi metodikada o‘qituvchi darsda ko‘proq ishlasa, yangi darsliklarda bolalar ko‘proq ishlaydi. Shuningdek, yangi metodda bitta mavzu hamma fanlarda o‘ziga xos tarzda o‘tiladi. Masalan, tabiatshunoslik fanida dengiz suvi haqida mavzu bo‘lsa, ona tili, matematika fanida ham dengiz suvi haqida mashq va misollar beriladi.
Bundan tashqari, hozirgi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun chop etilgan darsliklar hajmi jihatidan katta bo‘lib, uni bola qiynalib ko‘taradi. Endigi yangi darsliklar har choraklik uchun alohida, mashq daftarlari bilan birga va kichik hajmda chop etiladi.
Hozirgi yosh avlod kechagilardan butunlay farq qiladi. Ularga bilim berishda xorijiy tajribalar, audiomantlar va rasmlar yordamida dars o‘tish maqsadga muvofiq.
Dilafro‘z BOZOROVA,
Samarqand shahridagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.