Bo‘stonsaroy va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidan “Samarqand xalqaro aeroporti”gacha bo‘lgan ko‘chalarning har 300 metriga “kojux”lar montaj qilinmoqda

Kecha, 16 iyun kuni Zarnews.uz telegram kanalida Samarqand shahridagi Ibn Sino ko‘chasi (aeroport yo‘li)da yo‘l kavlanayotgani, bu nima maqsadda, qaysi tashkilot tomonidan amalga oshirilayotganidan aholini xabardor qilish lozimligi so‘ralgan edi.

Ushbu masala yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, Prezidentning 2017 yil 27-28 avgust va 2 sentyabr kunlari viloyatimizga tashrifi davomida Samarqand shahridagi Bo‘stonsaroy va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidan “Samarqand xalqaro aeroporti”gacha olib boruvchi ko‘chada 8 qatorli avtomobil yo‘lini qurish vazifasi yuklatilgan.

Bosh vazirning 2019 yil 12 fevral kuni “Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan Samarqand shahrida amalga oshiriladigan ulkan me’moriy, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yuzasidan o‘tkazgan 1-sonli yig‘ilish bayonining 23 bandida Samarqand shahrida yangi qurilayotgan yo‘llarga tayyorlangan hamda tayyorlanadigan loyiha-smeta hujjatlariga qo‘shimcha kiritgan holda, kelgusida muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yo‘lning qatnov qismiga zararsiz va sifatli o‘tkazish uchun loyihalarga diametri 1020 millimetr bo‘lgan va undan katta diametrdagi metall quvurlarni yo‘lning qatnov qismiga ko‘ndalang holda har 300 metr masofada “kojux”lar montaj qilish ishlari yuklatilgan.

Bugungi kunda shaharda muhandislik kommunikatsiyalarini avtomobil yo‘lining bo‘ylama va ko‘ndalang qirqimlari bo‘ylab yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Samarqand shahridagi Bo‘stonsaroy va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidan Ibn Sino ko‘chasi bo‘ylab “Samarqand xalqaro aeroporti”gacha olib boruvchi avtomobil yo‘lining har 300 metr masofasida “kojux”larni montaj qilish ishlari bajarilyapti. Qurilish ishlari tugallangan avtomobil yo‘liga keyinchalik zarar yetkazmasdan muhandislik kommunikatsiyalarining ushbu yer osti “kojux”laridan montaj qilish imkonini beradi.

Ushbu qurilish-montaj ishlariga buyurtmachi “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK bo‘lib, bugungi kunda qurilish ishlari boshlanishidan avval Samarqand shahridagi barcha korxona va muassasalarga (viloyat IIB YHXB, shahar gaz ta’minoti, elektor tarmoqlari korxonalari, “Uztelekom” aloqa operator)lariga ogohlantirish xatlari bilan murojaat qilingan.

Suhrob MARDONOV,

“Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK bosh muhandisi.