Bozorda kontrafakt mahsulotlar qancha kam bo‘lsa, narx shuncha arzonlashadi
Hozirda aksariyat tadbirkorlar o‘zi uchun kattaroq bo‘lgan rejani oldinga qo‘yib biznesini boshlash uchun o‘z brendini yaratib, keyinchalik ishni boshlaydi. Biroq o‘z brendiga ega bo‘lmagan ayrim “tadbirkor”lar o‘zganing tovar belgisidan foydalanib, jahon bozorida mashhur brend nomini o‘zlashtirgan holda mahsulot ishlab chiqaryapti.
Viloyat intellektual mulk himoyasi markazi yetakchi mutaxassisi Hasan Uzoqovning Zarnews’ ga ma’lum qilishicha, bunday tovarlar kontrafakt mahsulotlar deyiladi. "Misol uchun, hammaga ma’lum brend mahsulot nomining ma’lum harflarini yoki ko‘rinishini o‘zgartirib yoki o‘zartirmasdan, huquq egasining ruxsatini olmasdan ishlab chiqarilyaptiki, bu qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lmoqda.
Bugun tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan kontrafakt mahsulotlar soni kam emas. Bu iste’molchilarning chalg‘ishiga olib keladi. Ya’ni, tadbirkor o‘zining mahsulotini boshqa nom bilan ishlab chiqarsa, bozorda uning tovari kirmay qolishini bilib, raqobat qilishdan qochadi. Agarda u biror mashhur brend nomini qo‘yib chiqarsa, bozorga o‘z mahsulotini kirita oladi. Ammo tadbirkor bu mahsulotning aynan o‘sha mashhur brend tovar kabi tayyorlanishiga, tarkibiga va sifatiga deyarli e’tibor bermaydi. Bu esa iste’molchining hayoti va sog‘lig‘iga xavf solishi mumkin.
Bundan tashqari, bozorlarda kontrafakt mahsulotlarning paydo bo‘lishi o‘z-o‘zidan xuddi shunaqa brend mahsulotlarning narxi oshishiga ham sababchi bo‘ladi. Chunki o‘sha mashhur brend o‘zining mavqeini saqlab qolish uchun ham mahsulot tannarxini oshirishga majbur bo‘ladi. Agar mahsulotlarning kontrafakt nusxalari qancha kam bo‘lsa, uning narxi shuncha arzonlab boraveradi.
Tadbirkorlar o‘z brendini yaratib, o‘sha nom ostida mahsulot ishlab chiqarsa yoki xizmat ko‘rsatib, bozorga kirsa, o‘z-o‘zidan halol raqobat yuzaga keladi.
Bugun Intellektual mulk agentligining viloyatlarda markazlari tomonidan kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish va uning savdosiga chek qo‘yish maqsadida joylardagi savdo shoxobchalarida, bozorlarda kuzatuv tadbirlari olib borilmoqda. Shu paytgacha 2000 dan ziyod kontrafakt mahsulotlari aniqlanib, ularga qarshi javobgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, doimiy ravishda ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga har oy yangilanib turuvchi va kontrafakt bilan asl tovar belgilari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi kataloglar tayyorlanib tarqatilmoqda", deydi H.Uzoqov.