Bozorlardagi narx-navo departament nazoratida
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman-shahar bo‘limlari tomonidan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini uzluksiz ta’minlash hamda ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bozorlarda tegishli mahsulotlar zaxirasi o‘rganilib, hisobotlarga nisbatan kam jamg‘arilganligi uchun 41 ta bozor va ular huzuridagi 38 ta tayyorlov xarid korxonalari rahbarlari yozma ravishda ogohlantirildi.
O‘rnatilgan nazorat tadbirlari natijasida dehqon bozorlari qoshida tashkil etilgan arzonlashtirilgan mahsulotlar sotishga mo‘ljallangan 38 ta xarid savdo korxonasi tomonidan aholiga 2 milliard 351 million so‘mlik mahsulotlar arzon narxlarda sotildi.
2020 yilning oktyabr-dekabr oylarida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahridagi hamda tumanlar markaziy dehqon bozorlariga 9 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha tasdiqlangan reja-grafik ijrosi yuzasidan kunlik nazorat o‘rnatildi.
Samarqand, Jomboy va Toyloq tumanlarida faoliyat yurituvchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalar tomonidan “Siyob dehqon bozori”, “Temiryo‘l dehqon bozori” va “Damariq dehqon bozori”ga mol go‘shti, tovuq go‘shti, tuxum, baliq va o‘simlik yog‘i arzonlashtirilgan narxlarda olib kelinib sotildi.
Aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida bozorlar va aholi gavjum joylarda 73 ta “Yangi yil” (46 ta muqobil va 27 ta ko‘chma) yarmarkalari tashkil etilib, 41 turdagi 514 tonna mahsulot sotuvga chiqarildi.
Boshqarmamiz tashabbusi bilan “Daladan dasturxonga” tamoyili asosida chorva mollari yetishtirish va so‘yish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jamiyat Samarqand shahar aholisiga sifatli va arzon go‘sht mahsulotlari yetkazib berishga jalb qilindi. Shu orqali Siyob va Temiryo‘l dehqon bozorlaridagi muqim nuqtalarda hamda bozorlardan uzoq masofada joylashgan aholi gavjum hududlarga 10 ta maxsus jihozlangan ko‘chma do‘konlar orqali bir kunda o‘rtacha 2,5-3 tonna miqdorida 50-53 ming so‘mdan go‘sht yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Dehqon bozorlarida narxlar barqarorligini saqlash va mahsulotlarni aholiga uzluksiz yetkazib berish maqsadida boshqa hududlardan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari intervensiya qilindi. Ya’ni, 298,9 tonna kartoshka, 198,1 tonna piyoz, 207,1 tonna sabzi, 196,9 tonna o‘simlik yog‘i, 283,4 tonna shakar, 91,2 tonna go‘sht, 34,3 tonna un va 135,5 tonna boshqa mahsulotlar intervensiyasi amalga oshirilib, aholiga yetkazib berilgan.
Bugungi kunda 147 ta “Yashil do‘kon” va “Kichik ekobozor” tashkil qilish borasida 143 ta tashabbuskor tadbirkor aniqlangan. Ularning 105 nafariga hokimliklar qarorlari bilan yer ajratib berildi, 59 tasida yengil konstruksiyali savdo nuqtalarini qurish ishlari olib borilmoqda. Yengil konstruksiyali savdo nuqtalarining 15 tasi faoliyat boshladi.
Umuman, dehqon bozorlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan hududiy bo‘limlar tomonidan 13 ta taqdimnoma, 76 ta ogohlantiruv kiritildi. Mazkur nazorat tadbirlari natijasida 21 ta bozor mutasaddilariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan va 1 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
M.Ro‘zmatov,
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.