Braziliya koronavirus infeksiyasining yangi o‘chog‘iga aylandi

Janubiy Amerika mamlakatlari orasida koronavirus infeksiyasidan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakat Braziliya bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Jenevada o‘tkazilgan brifingda JSST favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan ma’lum qildi.

“Janubiy Amerika infeksiyaning yangi o‘chog‘iga aylandi. Biz Janubiy Amerikaning ko‘plab davlatlarida kasallanganlar soni keskin oshib borayotganini kuzatyapmiz. Albatta, barcha mamlakatlardagi vaziyat bizni xavotirga qo‘ymoqda. Biroq Braziliyadagi vaziyat ancha jiddiy”, dedi u.

RIA Novosti nashri taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati bo‘yicha 23 may holatiga Braziliya so‘nggi kecha-kunduzda Rossiyadan o‘zib ketgan va AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinni band etgan. Xabarda keltirilishicha, Braziliya Sog‘liqni saqlash vazirligi kasallanganlar soni 330 ming nafardan oshganligi to‘g‘risida xabar bergan. Rossiyada esa kasallanganlar soni 326 ming nafarga yetgan.