Britaniyada yuzlab voyaga yetmagan qizlar majburan turmushga beriladi
Buyuk Britaniyada har yili yuzlab kichik yoshdagi qizlar majburan turmushga berilmoqda. Bu haqda The Intependent yozadi.
Milliy statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda 183 kishi ota-onasining ra’yiga qarab turmush qurgan bo‘lib, ularning 140 nafari kichik yoshdagi qizlar. 2006 yildan 2016 yilgacha Angliya va Uelsda voyaga yetmaganlar ishtirokida 3,3 mingga yaqin nikoh tuzildi, ularning aksariyati qizlar.
Ushbu muammo ustida ish olib borayotgan xayriya tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, Britaniya qonunlari ularni yetarli darajada himoya qilmagani bois shunday holat kuzatilmoqda. Aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘pincha muammo sifatida ko‘rilayotgan bir paytda, Britaniyada voyaga yetmagan qizlarni turmushga berish avj olmoqda.
Ko‘pincha bu diniy nikoh niqobi ostida sodir bo‘ladi va ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi sabab ularning aniq sonini aytish qiyin. Bundan tashqari, qonunda 16-17 yoshli qizlarni "ota-onalari ruxsati bilan" turmushga berish ruxsat etiladi. Lekin huquq himoyachilari ko‘pincha ota-onalar farzandlarini majburan turmushga beradi, deb ta’kidlashmoqda.
G.Xoldorova tayyorladi.