Bu yil 50 yoshdan yuqori 672 nafar abituriyent imtihon topshirdi

Respublikamiz bo‘ylab oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari davom etmoqda. Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda 12 avgust kuni test natijalari ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha test sinovlarida jami 32 555 abituriyent ishtiroki belgilangan. Biroq imtihonga 31 ming 565 nafar abituriyent kelgan. 972 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmagan. 5 nafar abituriyent hududga kirishda, 13 nafari esa binoda qoidaga xilof harakatlar aniqlangani uchun chetlatilgan.

Bu yilgi test imtihonlarida yosh cheklovi bekor qilingani sabab, nuroniylar ham talaba bo‘lish umidida oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishgan. DTM taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, 25 yoshdan kichik abituriyentlar — 862 977 nafar; 25-30 yosh oralig‘ida — 103 276 nafar; 40-50 yoshlilar — 14 014 ta; 50 yoshdan kattalar — 672 nafarni tashkil etadi.