Bugun... (Uydirmaga o‘xshaydigan hayotiy qisqa hikoyalar)

Ba’zida hayot bizga  ajoyib kutilmagan hodisalar va sinovlarni taqdim etadi. Bugun sizga aytib bermoqchi bo‘lgan kulgili va qayg‘uli, sevgi va sadoqat haqidagi qisqa hayotiy hikoyalar oddiy odamlarning kundalik hayotidan olingan.

👉 Bugun 15 yildan beri kataraktadan aziyat chekadigan 75 yoshli bobom menga: “Bilasanmi, sening buving yer yuzidagi eng go‘zal ayol, shunday emasmi?”, - dedi. “Ha, shunday. Ehtimol, siz shuncha yil bu go‘zallikni ko‘ra olmaganingizdan keyin haqiqatan ham sog‘ingandirsiz”, - dedim. “Azizim, - men uni har kuni ko‘raman. Rostini aytsam, men uni yoshligimizga qaraganda hozir aniqroq ko‘raman, - javob berdi bobom.

👉 Bugun men 9 yashar qizchaga jarrohlik operatsiyasini o‘tkazdim. Bizda unga kerakli bo‘lgan guruhdagi qon qolmagan edi, uning egizak akasining ham qon guruhi bir xil ekan, undan olishimizni aytganimizda u cho‘chib tushdi, biroq  bu hayot-mamot masalasi ekanligini bolaga tushuntirganimda, bola biroz o‘ylanib turdida,  roziligini aytib, ota-onasi bilan xayrlashdi. Qonini olganimizdan so‘ng, u “endi men qachon o‘laman?”,  deb so‘radi. Uni tushunmagan ekanman. U singlisi uchun jonini fido qilayapman, deb o‘ylab qon topshirishga rozi bo‘lgan ekan. Xayriyat, endi ikkalasi ham yaxshi.

👉 Bugun otam vafot etganiga 10 yil bo‘ldi. Kichkinaligimda, uxlashimdan oldin otam menga past ovozda bir ashulani kuylab berardi. 18 yoshga to‘lganimda  otam saraton kasalligiga chalindi. Kasalxonada yotganida uning yonida o‘tirib,  o‘sha kuyni kuylardim. Otam vafotidan beri bu ashulani eshitmagan edim. Bir kuni bo‘lajak turmush o‘rtog‘im burni ostida bu ashulani xirgoyi qilganini eshitib qolib, uni qayerdan bilishini qiziqib so‘raganimda, bolaligida unga bu ashulani onasi kuylab berganini aytdi.

👉 Bugun baxtsiz hodisa yuz berib, peshonam shilindi. Shifokor boshimni bint bilan bog‘lab qo‘ydi va bir hafta uni yechmasligimni aytdi – bu menga yoqmadi. Ikki daqiqadan so‘ng xonamga ukam kirib keldi – uning boshi ham bint bilan o‘ralgan edi. Unga nima qildi, deb so‘raganimda onam ukam men o‘zimni baxtsiz his qilishimni xohlamasligini aytib, uning boshini o‘rab berishini va mening bog‘ichim yechilmaguncha shunday yurishini aytdi.

👉 Bugun, 91 yoshli bobomni (harbiy shifokor, nishondor va tadbirkor) kasalxonada xabar olib, undan o‘zining hayotdagi eng katta yutug‘i nimada ekanligini so‘radim. U buvimga o‘girilib, uning qo‘lidan ushlab: “qarilikni u bilan birga o‘tkazishim”, - deb aytdi.

👉 Bugun 8 yoshli o‘g‘lim meni quchoqlab “Siz dunyodagi eng yaxshi onasiz”, dedi. Men tabassum qildim va undan so‘radim: “Buni qayerdan bilasan? Axir sen dunyodagi barcha onalar bilan tanish emassan-ku?”. O‘g‘lim bunga javoban meni yanada qattiqroq quchoqladi va : “Mening dunyom ham Sizsiz”, - dedi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.