Bulung‘ur tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri hokim o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichi baholanmoqda. Nega?

Davlat boshqaruviga innovatsion boshqaruv usulini keng jalb etish davlatning ortiqcha mehnat va moddiy resurslari tejalishiga, vaqtni samarali boshqarishga, davlat fuqarolik xizmatchilarining o‘z ustida izlanishi va ilm olishiga imkoniyat yaratadi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga qilgan dastlabki Murojaatnomasida “Natijadorlik hammamiz uchun bosh talab, asosiy mezonga aylanmoqda”, deb alohida ta’kidlagan edi.

Bu borada eng ko‘p qo‘llaniladigan usul “Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari” (KPI-Key Performance Indicator) hisoblanadi. U davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan funksional majburiyatlar va topshiriqlarning ijro etilishi samaradorligi va natijadorligini baholash uchun qo‘llaniladigan va miqdoran o‘lchash mumkin bo‘lgan baholash indikatoridir.

Bugungi kunda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkilotiga a’zo 31 davlat tomonidan davlat xizmatchilari samaradorligini baholashda eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimi joriy etilgan.

Makur tizimni yurtimizda joriy qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan respublikamizning 11 ta tuman va shahar hokimliklarida hokim o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi eksperiment tarzda joriy etilgan. Ya’ni, 11 ta hududda hokim o‘rinbosarlari faoliyati zamonaviy mezonlar asosida baholanmoqda.

Qayd etish lozimki, mazkur indikator sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazilgach, republikamizning barcha hududlarida amaliyotga joriy qilinadi.

Shu bois Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining viloyat filiali tomonidan tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimining joriy etilishida dastlabki ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda bu bo‘yicha amaliy tajribalarni oshirib borish choralari ko‘rilmoqda. Bu borada Bulung‘ur tumani va Kattaqo‘rg‘on shahar hokimliklarida hokimlar o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) asosida baholash tizimi joriy etildi.

Ushbu yo‘nalishdagi ko‘nikmalarni mustahkamlash va amaliy tajribalarni o‘rtoqlashish maqsadida Bulung‘ur tumani va Kattaqo‘rg‘on  shahar hokimliklarida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda hokim o‘rinbosarlari faoliyatini baholashning asosiy me’zonlari, hozirgi kunda EMSKni joriy etishdagi muammolar, hokim o‘rinbosarlari faoliyatini EMSK bo‘yicha hisoblash reytingi va ularni aniqlash mezonlari to‘g‘risida tushunchalar berildi. Hokim o‘rinbosarlarining 2020 yil 9 oy davomida amalga oshirgan ishlarining EMSK bo‘yicha dastlabki reytinglari ma’lum qilindi.

Shoxruz AZIMOV,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori.