Bulung‘urda 2 ming gektar lalmi yer maydoni sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘zgartiriladi

Ishsizlikni qisqartirish va aholini ish bilan ta’minlash maqsadida tumanning Xo‘jamazgil mahallasida shuncha lalmi maydonini sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘zgartirib, kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yish uchun zarur ishlar olib borilyapti.

Buning uchun 2 ta suv haydash nasosi, 4 kilometr suv yurish quvuri va 1 dona transformator o‘rnatilmoqda.

Loyiha “Turonbank” ATB ta’sischiligidagi “Turon Plaza Hotel” MChJ tomonidan moliyalashtirilib, bugungacha 2 ta yo‘nalishda jami 4 kilometr truba uchun kotlovan qazilib, 2 kilometr masofadagi eski trubalar chiqarib olingan va yaroqliligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilgan. Shuningdek, 720 diametrlik 2 ming metr yangi trubalar olib kelingan, yaroqli bo‘lgan eski trubalar izolyasiya qilinib, o‘rnatilgan.

Nasos stansiya yaqinidagi asosiy va dala ichidagi suvni qabul qiluvchi hovuzlar qurib bitkazilgan.

“To‘palang HPD Holding” MChJ va “Suvmash” AJ o‘rtasida 2,5 mlrd. so‘mga imzolangan shartnomaga muvofiq, “Suvmash” AJ tomonidan elektrodvigatellar laboratoriya va ekspertizadan o‘tkazib, tayyor holga keltirilgan.

Bundan tashqari, “Samarqand suv qurilish invest” davlat muassasasi buyurtmasi asosida “O‘zsuvloyiha” AJ tomonidan qo‘shimcha loyihachi bilan birgalikda elektr energiyasi tarmog‘ini tortish loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, “To‘palang HPD Holding” MChJ va “Zavod NVA” MChJ bilan 4,2 mlrd. so‘mga shartnoma imzolangan. Bugungi kunda elektr tarmog‘ining tayyorlov ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur nasos stansiyalari 1 oktyabrgacha ishga tushirilishi belgilangan.

Loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish maqsadida “Turonbank” ATB tomonidan “Original Project” MChJ jalb etilib, 2 ming gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni tashkil etish belgilangan. Bu maqsadda loyiha smeta hujjatlari (yer toifasiga asosan lotlarga bo‘lish, tuproq unumdorligi aniqlash, tomchilatish tizimi, gidrantlar va kichik hovuz o‘rnatish, ekiladigan ko‘chat navi va hosildorlik) ishlab chiqilgan.

Tuman hokimligining taklifiga asosan 2 ming gektar yerni tadbirkor va fermerlarga auksion orqali sotish maqsadida o‘rtacha 10 gektardan yer maydoni 204 ta lotga ajratib chiqilgan. Bugungi kunda mazkur lotlarning 114 tasi auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, 74 tasi sotilgan, 35 tasida jarayon davom etmoqda, qolgan lotlarni auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, loyihani ikkinchi bosqichi doirasida tadbirkor va fermerlarga sug‘orish uchun “Turonbank” ATB tomonidan “O‘zsuvloyiha” AJ jalb etilib, asosiy hovuzdan 204 ta lotlarga suvni yetkazish maqsadida loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Hududda amalga oshirilayotgan ushbu yirik loyiha ishga tushishi natijasida yangi yerlar o‘zlashtirilib, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy aholi uchun daromad manbai yaratilishi kutilmoqda, deya xabar beradi Bulung‘ur tumani hokimligi.