Bulung‘urda ayrim oilalar kambag‘allikdan qanday chiqarilmoqda?
Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan Bulung‘ur tumani hududi qishloqlar kesimida 7 ta hududga bo‘lib olindi. Har bir qishloq hududi kompleks tahlil qilinib, “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida qishloqlarning ixtisoslashuvi belgilandi.
Misol uchun, sobiq Navoiy qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 8 ta mahallada 31 ming 500 nafar aholining 14 ming 800 nafari mehnatga layoqatli. Ularning aksariyati uzoq yillardan buyon kartoshka yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Qishloqning ixtisoslashuvini yanada rivojlantirish maqsadida ekin maydonini kengaytirish va ilmiy yondashuv orqali mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholisi orasida innovatsion mini, eng muhimi arzon texnologiyalarni joriy etish choralari ko‘rilmoqda.
Nurli yo‘l mahallasi tarkibiga kiruvchi 5 ta qishloqdagi 425 ta xonadonning 28 gektar tomorqa yeriga pomidor ekildi. Dastlabki tahlillar bo‘yicha 1 ta xonadon 15 sotix tomorqadan 11-12 million so‘m atrofida daromad olishi kutilmoqda. Shuningdek, oktyabr oyida pomidordan bo‘shagan 28 gektar maydonga sarimsoqpiyoz, ko‘katlar va boshqa ekinlar ekish orqali har bir xonadon bozorga 7 - 8 million so‘mlik mahsulot chiqaradi.
Ushbu mahallaga “Shavkatbek barokat sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kooperatsiya asosida broyler jo‘ja yetkazib berildi. Bunda jamiyatga 130 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Natijada 230 ta xonadonga 50 boshdan 11 ming 500 dona broyler jo‘ja va yem tarqatildi. Ko‘pi bilan 40 kunda tayyor bo‘ladigan go‘shtni korxonaning o‘zi sotib olishi orqali 1 ta xonadon 900 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha daromad olishi imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, pandemiya davrida aholini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash maqsadida 64 ta shaxsiy tomorqaga 147 million so‘m mablag‘ ajratildi. Birgina Oqtosh mahallasidagi ishsiz, kam ta’minlangan fuqarolarga 15 million 500 ming so‘m subsidiya ajratilib, 3 nafar fuqaroga 800 kilogramm kartoshka urug‘i, 5 ta xonadonga issiqxona qurib berilgan.
Shuningdek, 52 gektar maydonda 3 ta dala kooperatsiyalari tashkil etildi. Ushbu yer maydonlari 167 nafar ishsiz va kambag‘al oilalarning har biriga 20 sotixdan bo‘lib berildi. Kooperatsiya a’zolariga urug‘ olishlari tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 2 230 000 so‘mdan, jami 372 million so‘m subsidiya, ya’ni qaytarilmaydigan qarz mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.
Misol uchun, birgina “Yosh TAD tomorqa” ishlab chiqarish kooperatsiyasining 56 nafar a’zosiga 123 million 200 ming so‘m ajratildi. Darvoqe, kooperatsiya o‘z a’zolariga ekinlarga agrotexnik ishlov berishdan tortib, mahsulot tayyor bo‘lgangacha yordam beradi. Ahamiyatlisi, kam ta’minlangan oila vakili ajratilgan maydonda yetishtirgan hosilini sotishda ham ovora bo‘lmaydi. Kooperatsiya uni bozor narxida xarid qiladi.
Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmati.