Bulung‘urda burungi uzumzorlar qayta tiklanadi
Bundan 30-40 yil ilgari Bulung‘ur tumanida 13 ming gektardan ziyod maydonda uzum yetishtirilgan. Turli sabablarga ko‘ra tokzorlar birin-ketin buzilib, yildan-yilga kamayib borgan.
Keyingi yillarda ularni qayta tiklash choralari ko‘rilyapti. Bugungi kunda tumanda 2562 gektar uzumzor mavjud bo‘lib, yana bir yil ichida 3 ming gektardan ziyod maydonga tok ko‘chatlari o‘tqaziladi.
Tumanda o‘tkazilgan “Samarqand viloyatida uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishda davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar” mavzusidagi amaliy seminarda shular xususida so‘z yuritildi.
Soha mutaxassislari ishtirok etgan seminarda mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirish ajratiladigan subsidiya, imtiyozli kredit va boshqa imkoniyatlar to‘g‘risida tushunchalar berildi.
- Bulung‘urda uzumchilikni rivojlantirish uchun tajriba ham, imkoniyat ham yetarli, - dedi tuman hokimi Bahodir Bahromov. – Davlatim rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor yanada ko‘p qulayliklar yaratilishiga sabab bo‘lyapti. Tumanimizdagi mavjud 2562 gektar uzumzordan 1887 gektari hosilga kirgan. 675 gektar tokzor esa keyingi 2 yil ichida barpo etilgan. 2021 yilda Zarafshon massivida 126 gektar lalmi yer maydonlarida suv chiqarilib, kishmishbop mayiz yetishtirishga ixtisoslashgan 3 ta kooperatsiya tashkil etildi va “Yoshlar daftari”da turgan yigitlarga 50 sotixdan bo‘lib berildi. Shu yilning kuz va 2022 yilning bahor oylarida 3044 gektar g‘alladan qisqargan maydonlar hisobidan yangi uzumzorlar barpo etish loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 550 gektar yerda sanoatbop va 2495 gektarida mayizbop uzumlar yetishtiriladi.
- Bir necha fermer xo‘jaliklarini birlashtirib, klaster tashkil qildik, - deydi “Shohjahon” uzumchilikka ixtisoslashgan klaster korxonasi rahbari Dilbar Jalilova. – Umumiy yer maydonimiz 455 gektarni tashkil etadi. Maqsadimiz eksportbop uzumlar yetishtirib, oz yerdan ko‘p daromad qilish. Qiymati 30 milliard so‘mlik loyiha to‘liq amalga oshirilgach, gektaridan 6 ming tonna hosil olish niyatidamiz, uning 3 tonnasi eksport qilinadi. 2024 yilga kelib 820 kishi ishli bo‘ladi.
Shuningdek, seminar doirasida tokzorlar uchun zarur bo‘lgan beton ustun, sim, quyosh panellari va kimyoviy preparatlarni yetkazib beradigan ta’minotchi korxonalar mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Seminardan so‘ng tadbir ishtirokchilari tumanning Chorbog‘ mahallasidagi tomorqalarda uzum yetishtirish tajribasi bilan tanishdi.
To‘lqin Siddiqov.