Bulung‘urda qizil tuproq aralashmasini noqonuniy qazib olgan fuqaro jarimaga tortildi
Samarqand viloyatida yer osti va yer usti tabiiy boyliklari, qora qum, tuproq va qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy talon-toroj etilishining oldini olish maqsadida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan doimiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 24 may kuni Bulung‘ur tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasining davlat inspektorlari tomonidan tumanning Mingchinor mahallasi hududidan o‘tkazilgan navbatdagi kuzatuv reyd tadbiri davomida Jomboy tumani Saroy mahallasida yashovchi fuqaro E.O o‘z boshqaruvida bo‘lgan yuk ortuvchi texnika vositasi yordamida noqonuniy ravishda qizil tuproq aralashmasini qazib olib, yuk tashuvchi avtomashinalarga ortib berayotganligi aniqlandi.
Samarqand viloyati ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabar berishicha, holat yuzasidan qonunbuzar fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismiga binoan bazaviy hisoblashning 10 barobari miqdorida, ya’ni 2 million 450 ming so‘mdan jarima qo‘llanildi.