Bulung‘urdagi bog‘cha mudirasi ishga qabul qilish uchun fuqarodan 200 AQSh dollari olayotganda ushlandi

Samarqand viloyat prokurori R.Masharipov boshchiligidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining Bulung‘ur tumanida o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishida mazkur holat mutasaddilar ishtirokida muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, tumandagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birining direktori o‘z mansab mavqeidan foydalangan holda fuqaro D.Q.ni o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan bog‘chaga tarbiyachi yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilish evaziga, undan ta’magirlik yo‘li bilan 200 AQSh dollari talab qilgan. Shundan so‘ng fuqaro D.Q.ning arizasiga asosan shu yilning 24 mart kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Bulung‘ur bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati Bulung‘ur tuman bo‘linmasi hamda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir chog‘ida bog‘cha direktori 200 AQSh dollarini D.Q.dan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazish uchun Bulung‘ur tumani prokuraturasiga yuborilgan.

Joriy yilning 10 mart kuni tumandagi O‘roqli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi fuqarolardan biridan 500 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini firibgarlik bilan olgan vaqtda ushlangan va mazkur holat ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi tomonidan tumanda muhokama qilingandi.