Bulung‘urdagi maktab ota-onalar tomonidan ta’mirlandimi?! Tuman xalq ta’limi bo‘limi izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bulung‘ur tumanidagi 15-maktab ota-onalar tomonidan ta’mirlangani, bunga direktor tomonidan topshiriq berilgani ta’kidlangan ma’lumot tarqaldi.

Bulung‘ur tumani xalq ta’limi bo‘limi ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bulung‘ur tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi maktablarni joriy ta’mirlash uchun 216 695 000 so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ga jami 16.470 kilogramm kraska va emulsiya olinib, 24-28 may kunlari maktablarga tarqatildi.

Tumandagi 15-maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari O.Ro‘zoboyevga ham maktab ta’miri uchun ajratilgan 150 kilogramm kraska emal va 140 kilogramm emulsiya yetkazib berildi.

XTB tomonidan barcha maktab direktorlariga maktab ta’miri uchun turli pul yig‘imlarini tashkil qilmaslik to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borildi.

Bu holat Bulung‘ur tumanidagi 15-maktabga tegishli emasligini ma’lumot bilan birga e’lon qilingan rasm ham tasdiqlaydi. Negaki, maktab xodimlari va o‘quvchilar orasida bunday ism-familiyalilar mavjud emas. Shuningdek, 3-“B” sinf rahbari "G.Turayeva" emas, balki Mavsuma Shamsiyeva.

Keltirilgan dalillar ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma’lumot va suratning noxolis va yolg‘on ekanligi anglatadi.