Buxoroda kurash bo‘yicha Prezident sovrini ilk g‘oliblari aniqlandi: Buxorolik Chori Zoyirov 3 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritdi

Xabaringiz bor, bugun azim Buxoroi sharifda milliy qadriyatimiz bo‘lmish kurash bo‘yicha Prezident sovrini uchun hazrat Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirga start berildi.

Unda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan kelgan polvonlar 7 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bellashadi. Bugun kurash ustalari beshta vaznda gilamga tushishdi. Erkaklar 60, 66, 90 va 100 kilogacha, ayollar esa 52 kg vazn toifasida o‘z omadini sinab ko‘rdi.

Buxoroda ilk marotaba tashkil etilgan Prezident sovrini uchun hazrat Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirning birinchi oltin medalini buxorolik Chori Zoyirov qo‘lga kiritdi. 60 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida o‘tkazilgan final bahsida u qozog‘istonlik Amanxan Oskenbayev ustidan sof g‘alabaga erishdi va 3 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, bugungi bellashuvlarda 66 kg. vazn toifasida Eron islom respublikasi vakili Ja’far Firuzobodi g‘olib bo‘ldi. U finalda yana bir buxorolik polvon Mirjon To‘xtayevdan ustun keldi. Vazni 90 kilogacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida Surxon vohasi farzandi, polvonlar sulolasi vakili Shermuhammad Jandriyevga munosib raqib topilmadi. U final bellashuvida qo‘shni Qirg‘iziston vakili Jamalbek Asilbek ulidan bir chala va bir yonbosh bahosida ustun keldi. Erkaklar o‘rtasidagi bugun o‘tkazilgan bellashuvlarda eng og‘ir, ya’ni 100 kilogacha bo‘lgan polvonlar bahsida Buxoro kurash maktabi tarbiyalanuvchisi Erkin Doniyorov hal qiluvchi bahsda eronlik Hamed Rashidini mag‘lub etdi.

Nihoyat bugungi bellashuvlarni ayollar yakunlab berdi. Vazni 52 kilogacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasida finalga Osiyo va jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi surxondaryolik Gulnor Sulaymonova murosasiz kechgan bahsda Xitoy taypeyi vakili Chia-Ven Sou ustidan kichik hisobda g‘alaba qozondi va bosh sovringa sazovor bo‘ldi.Prezident sovrini uchun hazrat Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir davom ettiriladi.


O. EShMAMATOV, T. ISTATOV (surat).