Chalasavodlik – illat

Hifzi lison deb har bir millat o‘z ona tili va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotdur.

Abdulla AVLONIY.

1974 yil. Maktabni oltin medal bilan tugatib, behad katta orzu-umidlar og‘ushida Toshkentga yo‘l oldim. Men o‘zimga shunchalik ishonar edimki, go‘yo allaqachon oliy maktab talabasi bo‘lganman-u, odatdagi o‘qishga otlanganman. Haqiqatan ham, agar birinchi imtihonni "a’lo"ga topshirsam, talabalar safida bo‘lishim aniq edi-da. Dastlabki imtihonda insho yozib berish kerak ekan. Bu mening ishonchimni yanada mustahkamladi. Axir, insho yozish bizga cho‘t bo‘ptimi?!

Biroq, imtihon natijalari chiqarilgan e’lonlar taxtasini ko‘rib, ko‘zlarimga ishonmadim. Familiyam, ismim qarshisida mung‘ayibgina "3" baho turar edi. Shubhasiz, zudlik bilan qabul imtihonlari appelyasiya komissiyasiga ariza yozdim. Komissiya a’zolari bajargan yozma ishimni shaxsan o‘zimga va menga ishongan otamga ko‘rsatishdi. Garchand, inshomda imlo xatolari uchramasa-da, ko‘plab ishora xatolariga yo‘l qo‘yganim ma’lum bo‘ldi. Har uchta tinish belgisidagi xato bir imlo xatosiga tenglashtirib hisoblansa, baho "3" ga to‘g‘ri kelishini tushuntirib qo‘yishdi. Ana shunda men tinish belgilarini qo‘llashda chalasavod ekanligimga iqror bo‘ldim.

"F" harfi qanday yoziladi?

Yillar o‘tib, yaqinda o‘zimga ham appelyasiya komissiyasiga a’zo bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Urgut tuman xalq ta’limi monitoring bo‘limidan fan olimpiadasi ishtirokchisi tomonidan komissiyaga ariza tushganini xabar qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, qatnashchilardan biri hakamlar bahosidan norozi bo‘lib murojaat qilgan ekan. Eshikdan o‘quvchi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bilan birga uzun-qisqa bo‘lib, kirib kelishdi. Ajablanarlisi shundaki, o‘quvchidan ham ko‘ra ustozining kayfiyati noxushroq edi. Uning nazarida, hakamlar qasddan adolatsizlik qilgan-u, shogirdi past bahoga loyiq ko‘rilgan.

Dastlabki bahs "Fafur Fulom" so‘zlari tevaragida bo‘ldi. Atoqli shoir nomidagi "F" bosh harfini chiziqdan pastga tushirib yozilishi xato ekanligi uqtirilganda, o‘qituvchi bunga shubha bildirdi. Shunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfi uchun chop etilgan "Husnixat" o‘quv qo‘llanmasidan katta "F" harfi qanday yozilishi ko‘rsatilganda, o‘qituvchi hozirgi kitoblarga ishonib bo‘lmasligini iddao qildi. Qo‘llanmaning birinchi sahifasidagi Xalq ta’limi vazirligi tasdig‘ini ko‘rsatganimizdan keyingina ustozning hovuri biroz pasaydi. Shunda ham u bo‘sh kelmasdan, aybni boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga to‘nkashga urindi. To‘g‘ri, ushbu o‘rinda, shub­hasiz, boshlang‘ich sinf muallimlarining ham kamchiligi borligi ayon. Ammo ularning nuqsonini ko‘rsatib tuzatish, qolaversa, maktablardagi savodxonlik va to‘g‘ri imloni ta’minlash, eng avvalo, yuqori sinflarga saboq beruvchi ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining burchi emasmi?!

Da’vogar o‘quvchining yozma ishi yaxshiroq qarab chiqilganda, yana bir qancha imlo hamda ishora xatolari oshkor bo‘lib qoldi. Natijada, uning yozgan inshosi avvalgisidan ham past baholandi. Shunda haligi o‘qituvchi kaminani tirnoq ostidan kir qidirishda ayblab, o‘ziga taskin bergan bo‘ldi va shogirdini ergashtirib, xonani tark etdi.

Chalasavodlikni urchitadigan "Xamirturush"

Ushbu maqolani yozishdan maqsadim o‘quvchining bilim, ko‘nikmasidagi bo‘shliq yoki o‘qituvchisining dimog‘dorligidan yozg‘irmoqlik emas. Meni tashvishlantirayotgan narsa boshqa, ya’ni keyingi yillarda chalasavodlikning urchib borayotganligidir. Bu illat qanchalik pinhona bo‘lmasin, "Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi", deganlaridek, beixtiyor o‘zini o‘zi fosh qilib qo‘ymoqda.

Masalan, "Ma'rifat" gazetasining 2019 yil 9 yanvar sonidagi birinchi sahifada ustozlardan birining surati berilgan. Surat fonida fizika faniga oid ko‘rgazma-plakat ko‘rinib turibdi. Ko‘rgazmadagi "TASHKIL" so‘zi "TASJKIL", "Jismning ichki energiyasi" so‘z birikmasi esa "Jismni ichki energiyasi" tarzida xato yozilgan. Aslida, bu ham yuqoridagi muallima iborasi bilan aytgandek: "tirnoq ostidagi kir". Bu – bir tomondan o‘sha auditoriyada o‘qiydigan talabalarni chalg‘itishi – "kichik kir". Uning ziyolilarning markaziy nashri orqali "ko‘rgazma" etilishi esa "katta kir"dir.

Yaqinda o‘quvchilar uchun chiqarilgan "Adabiyot" daftaridagi bitiklar e’tiborimni tortdi. Undagi adabiyot nazariyasiga doir bitta sahifada 22 ta (!) xatoga yo‘l qo‘yilgan.

Xodimlarning "Shaxsiy tibbiyot daftarchasi"dagi quyidagi yozuvlarga e’tibor bering: undagi 30 ta so‘zdan iborat kichik bir matnda 7 ta xato mavjud. Agar daftarcha ma’lum ma’noda rasmiy hujjat hisoblanishini e’tiborga olsak, bundagi imlo xatolari shunchaki bir kishining shaxsiy chalasavodligi oqibati emas, balki tilimizga bo‘lgan o‘ta e’tiborsizlik alomati emasmi?

Bu singari holatni nafaqat maishiy bitiklarda, hatto, ommaviy axborot vositalarida ham ko‘rishimiz mumkin. Masalan, yaqinda nevaralarim bilan birga "Bolajon" telekanali orqali "Ertaklar yaxshilikka yetaklar" degan multfilmni tomosha qildik. O‘qituvchi sifatida mening e’tiborimni ko‘proq undagi yozuvlar tortdi. Mayda xatolardan tash­qari film sarlavhalarida qo‘pol imlo xatolariga yo‘l qo‘yilganiga guvoh bo‘ldim.

Birinchi film "Ho'tikcha", ikkinchisi "Ahmoq bo'ri xaqida", uchinchisi esa "Yahshilikka yomonlik haqida" deb nomlanibdi. E’tibor bersangiz, bundagi hamma filmlarning nomida imlo xatolari mavjud. Ushbu multfilmlar "O‘zbekkino" milliy agentligi tomonidan suratga olinganini e’tiborga olsak, tanqidimiz yanada jiddiylashadi. Biz maktablardagi o‘quvchi bolalarimizning savodsizligidan noliymiz. Bu borada ana shunaqa pala-partish yozuvlarning ham hissasi yo‘q, deb kim ayta oladi. Ba’zan darslarda o‘quvchining ustozi bilan u yoki bu so‘zning to‘g‘ri yozilishi ustida tortishib qolganiga guvoh bo‘lamiz. Bunda o‘quvchining qo‘lida ham jiddiy asosi – yo darslikdagi o‘tib ketgan xato yoki xususiy nashriyotlarda chop etilayotgan kitobcha va yo yuqorida aytganimiz – televizor orqali ko‘rsatilgan noto‘g‘ri yozuvlar sababchi bo‘ladi. To‘g‘ri, biz ularga katta amaki va xolalar ham xato qilishlari mumkin ekanligi haqida tushuncha beramiz, ammo bitta xatoga millionta izoh topib berib bo‘larmikan?!

Shu ma’noda, kitobda, gazetada, jurnalda, qo‘­yingki, qayerda bo‘lmasin, yo‘l qo‘yilgan har bitta xato chalasavodlikni urchitadigan "xamirturush" ekanini zinhor esdan chiqarmaylik. O‘zini hurmat qiladigan boshqa xalqlarda biror so‘zni xato yozib qo‘yish favqulodda holat sifatida qabul qilinadi. Aytaylik, birorta ruscha ism yoki familiyani xato yozib ko‘ring-chi... Internet saytlaridagi yozuvlarda ham imlo xatolarni deyarli uchratmaysiz. Hatto, sahifa oxirida: "Xato ko‘rsangiz, o‘sha so‘zni belgilab, falon tugmachani bosing", deb izoh ham berib qo‘yishibdi. O‘zbek tilidagi internet bitiklarini o‘qib esa undagi almoyi-aljoyi so‘zlardan kulishingni ham, achinishingni ham bilmay qolasan kishi.

To‘rt o‘qituvchidan biri savodsiz

Endi menga ushbu maqolani yozishga turtki bergan boshqa bir sabab haqida. Bir-ikki oy burun xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tumanning turli maktablarida turli fanlardan saboq berayotgan o‘qituvchilarga yozdirilgan diktantlarni baholab berish topshirig‘i berildi va 91 nafar ustozning yozma ishlarini tekshirishimga to‘g‘ri keldi. Bu o‘ziga xos ijtimoiy tadqiqot bo‘lganligi bois men vazifamga katta mas’uliyat bilan yondashdim va quyidagilar aniqlandi: "5" balli tizim bilan baholanganda, diktant yozganlarning 12,1 foizi "a’lo", 35,2 foizi "yaxshi", 27,5 foizi "qoniqarli", 15,2 foizi "qoniqarsiz" va 10 foizi undan ham past baho olishdi. Bu raqamlarga izoh berish o‘zingizga havola. 

O‘tgan asrning 30-yillarida, respublikamizda madaniy inqilob amalga oshirilayotgan kezlarda, "ChSB" degan jamoatchilik harakati tashkil etilgan. Bu odamlar xalq va avvalo, ziyolilar o‘rtasida chalasavodlikni tugatish yo‘lida faoliyat ko‘rsatishgan. Ular nafaqat imlo, balki ishora va bo‘g‘in ko‘chirishdagi xatoliklarga ham qarshi murosasiz kurash olib borganlar. Ana shu harakatlar natijasi o‘laroq, o‘tgan asrda o‘zbek tilida chop etilgan kitoblar va davriy nashrlardan deyarli imlo xatolarni topish qiyin. Yuqoridagi holatlarni hisobga olib, balki "ChSB" harakatini yana qayta jonlantirish kerakdir.

Chalasavodlik bir qarashda go‘yo arzimasdek tuyulgan mayda-chuyda, ikir-chikir nuqsonlardan hosil bo‘layotgan katta xunuk illatdir. Uning ko‘payib, kattarayotganiga esa, eng avvalo, o‘zimiz sababchi bo‘layotirmiz. Aytaylik, joriy yilda "Davlat tili haqida"gi qonunning qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Shubhasiz, shu davr ichida o‘zbek tilining davlat tili maqomini olishi uchun katta hajmdagi ishlar qilindi. Afsuski, mustabid tuzum hukmronligi davrida ziyolilarimiz va xalqimizning katta jasorati evaziga qabul qilingan ushbu qonun ijrosi yillar davomida o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Eng afsuslanarlisi, qonunlar ijrosiga mutasaddi bo‘lgan idora va tashkilotlarning o‘zlari ushbu qonunning tub mohiyatini anglamasdan, amalda uni ijro eta bilmayaptilar.

Hujjatlar hamon davlat tilida emas

2018 yil 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev bu haqda to‘xtalib o‘tdi. Raisning qayd etishicha, Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan 154 ta me’yoriy-huquqiy hujjatning ilovalari davlat tilida tasdiqlanmagan. Shuningdek, 2018 yilda qabul qilingan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va agentliklarning 34 ta qo‘shma qarori ham davlat tilida emas.

"Ma’rifat" gazetasining 2018 yil 20 oktyabrdagi sonida chop etilgan Zohid Shakarovning "Qonun faqat qog‘ozdami?" sarlavhali maqolasida aytilishicha, bugungi kunda davlat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar loyihasining deyarli barchasi rus tilida e’lon qilinayotir. "Haqli savol tug‘iladi: ularni kim muhokama qiladi va takliflarni kim beradi? Davlat tilida so‘zlovchilarmi yoki davlat tilini bilmaydiganlarmi? Umuman, loyihalar davlat tilida e’lon qilinmas ekan, muhokamaga qo‘yishdan ne naf?", deya muallif savolni ko‘ndalang qo‘yadi.

Bunda kishini o‘ylashga majbur qiladigan yana bir holat shundaki, "Davlat tili haqida"gi qonun ijrosini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qo‘mitasi ham negadir, o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Natijada, keyingi yillarda "Davlat tili haqida"gi qonun ijrosi nazorati susayib, "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish haqida"gi qonun ijrosi ham belgilangan muddatda yakuniga yetkazilmay, arosatda qolib ketdi.

Bulardan ko‘rinib turibdiki, biz yuqorida qalamga olib o‘tgan illatning ildizi o‘ylaganimizdan ham ko‘ra chuqurroq. Shu ma’noda, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganlari: "Hifzi lison" faqatgina millat ziyolilari tomonidan emas, balki umumdavlat miqyosida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammodir.

 

Xudoyberdi KOMILOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a’zosi.