Chatal ho‘yuk nima degani?

Bugun sizlarga Ko‘niyaga safarimiz chog‘ida menda katta taassurot qoldirgan yana bir g‘aroyib manzil – Chatal ho‘yuk haqida hikoya qilib bermoqchiman.

G‘aroyib tepalik

Insoniyatning ilk yashagan manzillari, makon tutgan yerlari, ilk qurgan boshpanalari haqida ko‘p o‘qigansiz. O‘zbekiston hududida ham bunday makonlar juda ko‘p. Masalan, bugun ko‘p tilga olinayotgan Axsikent tepaligi ostidagi uylar ham ana shunday qadimiy manzillardan. Ammo bu uylar ikki-uch ming yillik tarixga ega. Ana shunday makonlardan o‘n ming yillik tarixga ega joy ham borligini bilasizmi?

Ana shunday joy, dunyo olimlari hozircha bir ovozdan insoniyat tarixidagi ilk qurilgan uylar deb tan olgan uylar biz hikoya qilmoqchi bo‘layotgan Ko‘niyadagi qadimiy manzilgoh – Chatal ho‘yuk tepaligi ostidagi uylardir.

Biz qadimda odam zoti g‘orlarda yashagani, ov qilib kun ko‘rganini bilamiz. Ammo odam zoti qachondan boshlab g‘ordan chiqqanini, qachondan boshlab o‘zlariga uy, hatto shaharcha qurganini, ular bu uylarni qanday qurgani, nima yeb-ichgani, nimalardan qo‘rqqani, qanday tirikchilik qilganini bilmoqchi bo‘lsangiz, Chatal ho‘yukka keling!

Chatal – “vilka”, ya’ni sanchqi, panshaxa degani. Ho‘yuk – qo‘rg‘on, qal’a, tepalik degani. Demak, bu joy nomini panshaxa shaklidagi qo‘rg‘on, deb anglasak bo‘ladi.

Dengiz sathidan 1000 metr balandda bo‘lgan Ko‘niyadan 40 km. masofadagi bu ulkan tepalik – Chatal ho‘yuk haqida mahalliy aholi orasida bir-biridan vahimali gaplar yurgan, ular bu joylarda dehqonchilik qilish, bir nima ekishdan ham qo‘rqishgan, faqat odamlar mollarini boqib yurgan.

1958 yilda Britaniya arxeologik instituti tadqiqotchilari Devid French, Alan Xoll va Jeyms Mellaartlar ilk bor tekis joyda qad ko‘targan tepalikka e’tibor qiladilar. Dastlabki topilgan sopol buyumlarni ko‘riboq, ular g‘aroyib fantastik kashfiyot qoshida turganlarini payqashadi. Keyingi topilmalar bu narsani tasdiqlaydi. Ammo bu qazishmalar ko‘plab janjal-mojarolarga sabab bo‘ladi va 1965 yilda Turkiya hukumati qazishma ishlarini to‘xtatadi.  Faqat 1993 yildagina qayta ruxsat berilgach, insoniyat Chatal ho‘yuk sirlaridan voqif bo‘ldi va 2012 yilda YuNESKOning madaniy meros obidalari ro‘yxatiga kiritilgan bu tepalikdagi uylar inson qo‘li bilan qurilgan eng birinchi uylar deb e’tirof etildi.

Ammo shuni ham aytish lozimki, hali tepalikning faqat 5 foizigina o‘rganilgan! Ya’ni, hali Chatal ho‘yuk o‘z bag‘rida juda katta sirlarni yashirib yotibdi.

 

Ajabtovur uylar

Chatal ho‘yukdagi tepalik bekorga 20 metrgacha ko‘tarilib ketmagan. Odamlar dastlab qurgan uylari 70-80 yilda yaroqsiz bo‘lib qolgach, uni buzib, tekislab, ustiga yangisini qurib olaverishgan. Uylar g‘isht va yog‘ochdan qurilgan. Eskisi o‘rnida yangisini quraverish natijasida shaharcha ko‘tarilib boravergan va bugun biz guvohi bo‘lgan ulkan hududni egallagan salkam 20 gektarlik tepalik paydo bo‘lgan. Qazishmalar chog‘ida bu uylar 18 qavatgacha bo‘lgani aniqlangan. Bu “shaharcha”da uch mingdan o‘n minggacha aholi istiqomat qilgan va uylarning soni ikki mingtaga yetadi.

Uylarning g‘aroyibligi shundaki, ularda eshik, deraza yo‘q. Bu uylarga tomdagi teshikdan tushishgan. Ular shu yo‘l bilan yirtqich hayvonlar hujumidan saqlangan. Tomdagi yagona teshik ham eshik, ham yorug‘lik tushadigan deraza, ham tutun chiqadigan dudburron, ham havo kirib turadigan “konditsioner” vazifasini o‘tagan. Uylar bir-biriga tig‘iz qilib qurilgan va bu “shaharcha”da ko‘chalar bo‘lmagan. Uylar orasida chorva ham boqilgan.

Har bir uyda “spalniy”lar, oshxonalar, o‘choq va tandirsimon narsalar, oziq-ovqat saqlanadigan omborlar, hatto sig‘inish uchun alohida burchaklar ham bor. Har bir oila istiqomat qilgan uyning bir burchida, albatta, ho‘kizning bosh suyagi bor va ular ho‘kizga sig‘inishgan. Qizig‘i, aynan ho‘kizlarni ovlab, go‘shtini iste’mol qilishgan, ya’ni “Xudolarini yeb yurishgan”. Bunga o‘sha uylarning devorlarida saqlanib qolgan suratlar guvohlik beradi.

Qadimiy odamlar sig‘ingan yana bir “totem”lari – surat va haykalchalari butun dunyoda keng tarqalgan ulkan va beso‘naqay ayol. Ayol avlodlarning davomchisi sifatida ulug‘langan va bu beo‘xshov ayol Xudo singari e’zozlangan.

Qizig‘i, Yevropa davlatlaridan topilgan Ona-Xudolar haykalchalari ham aynan shunaqa ko‘rinishda...

Bu va boshqa ko‘plab topilmalar bugun Anqara va Ko‘niyadagi arxeologiya muzeylarida saqlanmoqda.

Chatal ho‘yukliklar shaharchalaridan olisroqdagi dalalarda dehqonchilik qilishgan, tog‘larda ov qilishgan. Oshxonalaridan ho‘kiz, ot, kiyik, cho‘chqa, echki, baliq, qush, hatto it suyaklari topilgan. Devorlarida ham shu jonivorlar suratlari bo‘lgan.

Shu uylarning ayrimlari qabriston vazifasini o‘tagan. Masalan, bitta uydan 68 ta jasad suyaklari topilgan. Ular o‘liklarini eng baland joyga qo‘yishgan, qushlar uning go‘shtlarini yeb bitirgach, suyaklarini olib kelib, dafn etganlar.

So‘ngso‘z o‘rnida

Oxirgi tadqiqotlarning natijalari olamshumul. Mana ulardan ahamiyatli bo‘lganlari:

Insoniyat Chatal ho‘yukdan tarqalgan!

Dunyodagi barcha tillar Chatal ho‘yukliklardan tarqalgan!

Eng dastlab dehqonchilik Chatal ho‘yukda bo‘lgan!

Yevropaga qishloq xo‘jaligi Onado‘lidan, aniqrog‘i, Chatal ho‘yukdan borgan!

Chatal ho‘yukliklar yevropoidlar bo‘lishgan!

Chatal ho‘yuk Ona-Ayol-Xudoga sig‘ingan ilk odamlar makoni!

Bugungi kunda Chatal ho‘yuk dunyoning eng mashhur joyiga aylandi va uni minglab sayyohlar, olimlar kelib ko‘rmoqda.

Albatta, Ko‘niyaga keling!

Albatta, Chatal ho‘yukni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring!

 

Karimberdi To‘ramurodov,

Ko‘niya, Chatal ho‘yukdan http://zarnews.uz/ uchun maxsus.