Chegara o‘tkazish punktlarida “Yagona bekat” tamoyilini qo‘llash nima beradi?

Quyida fikr-mulohaza, takliflarimizni bildirishdan avval chegaradosh mamlakatlar orasidagi chegara o‘tkazish punktlaridagi nazorat tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish bo‘yicha xorij tajribalarini o‘rganganmiz. Shunga ko‘ra, bojxona to‘g‘risidagi xalqaro qonun hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq “Yagona bekat” tizimini amaliyotga joriy etish yuzasidan takliflarimizni bildiramiz.

Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot stategiyasi” to‘g‘risidagi farmonida chegara o‘tish punktlarida sayyohlar uchun qisqa muddatda o‘tish tizimini joriy qilish, bunda 2022 yilda qisqa muddatda o‘tish tizimi joriy etiladigan chegara punktlarini aniqlash va bosqichma-bosqich o‘tish punktlarini joriy etish vazifalari belgilab berildi.

Masala dolzarbliligi shundaki, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 21 dekabrda qabul qilingan 654-sonli qonunga muvofiq Xalqaro Kioto konvensiyasiga qo‘shildi. Bu esa qonunchilik normalarini ushbu Konvensiya standartlariga moslashtirishni talab etadi. Masalan, Kioto konvensiyasining Umumiy ilovalar, 3-bobida chegaradosh mamlakatlar chegara o‘tkazish punktlarida birgalikda nazorat olib borishlari belgilab berilgan. Konvensiya talablariga muvofiq, oraliq standartlarni qo‘llash muddati konvensiyaga a’zo bo‘lgan kundan boshlab 36 oyni tashkil etadi.

“Yagona bekat” tamoyili asosida bojxona nazoratini o‘tkazish tushunchasiga to‘xtalishdan oldin bojxona nazorati tushunchasiga ta’rif berish kerak bo‘ladi. Bojxona nazorati - Xalqaro Kioto konvensiyasida berilgan ta’rifga ko‘ra, bojxona qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash uchun bojxona organlari tomonidan qo‘llaniladigan chora tadbirlar majmuidir. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona Kodeksining 21-moddasiga muvofiq, bojxona nazorati - O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va Xalqaro shartnomalariga rioya etilishini ta’minlash uchun bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan, shu jumladan xavfni boshqarish tizimi qo‘llanilgan holda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuidan iborat. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bojxona nazoratini takomillashtirish uchun chegaradosh mamlakatlar tovarlarni, transport vositalarini va va yo‘lovchilarni birgalikda va bir vaqtda yagona to‘xtash joyida tekshiruvdan o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.

“Yagona bekat” tamoyili asosida tashkil qilingan birinchi chegara bojxona postlari ilk bor Fransiya va Belgiya davlatlari o‘rtasida tashkil qilingan. Davlat nazorat organlarining hamkorlikdagi tekshiruvi dastlab Yevropa iqtisodiy ittifoqi paydo bo‘lmasdan oldin davlatlar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga muvofiq o‘tkazilgan.

 Hozirda ushbu loyiha dunyo amaliyotida keng foydalanib kelinmoqda. Masalan, Yevropa olimlari tomonidan “Yagona bekat” tizimi to‘g‘risida ko‘plab nazariyalar ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilgan. Jumladan, nigeriyalik siyosatchi, NEPAD loyihasining rejalashtirish va muvofiqlashtirish agentligi bosh ijrochi direktori Ibrahim Assane Mayakicning 2016 yildagi “Yagona bekat” to‘g‘risidagi ilmiy ishida, Savdo integratsiyasini rivojlantirish va osonlashtirish markazi prezidenti Florian Alburoning Jahon savdo tashkilotining ilmiy jurnalida chop etgan maqolasida, ISO Markaziy kotibiyatining salohiyatni oshirish bo‘yicha direktori Yeriyek Keikning 2010 yilgi ilmiy ishida fikr yuritilgan.

“Yagona bekat” - bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilar, transport vositalari va tovarlarga nisbatan davlat nazorat idoralarininig bir davlat hududidan chiqish va ikkinchi bir davlat hududiga kirish chog‘ida birgalikda nazorat o‘tkazishlari uchun ajratilgan ummumiy nazorat zonasidir.

Ta’kidlash lozimki, ikkita davlat o‘rtasida, umumiy chegara chizig‘ida joylashgan “Yagona bekat” ushbu ikkala davlatning nazorat idorasi bir joyda bo‘lishini ta’minlaydi. Natijada chegarani kesib o‘tgan fuqarolar faqat "bir marta to‘xtash" ni amalga oshiradi. Shuningdek, nazorat zonasi (yoki zonalari) chegaralangan bo‘lib, unda ikkala davlat xodimlari o‘zlarining qonunlariga muvofiq nazoratni shu yerda amalga oshiradi. Yuklarni yoki transport vositalarini tekshirish ham “Yagona bekat”da har ikki davlatning bojxona organlari xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi. Bu esa davlatlar uchun ham, xodimlar uchun ham va fuqarolar uchun har tomonlama qulay sanaladi.

Q.Ergashev,

DBQning bojxona instituti katta o‘qituvchisi.

N.Pardayev,

institut kursanti.