Chorvachilik nega oqsayapti?
Tarmoqni rentabelli sohaga aylantirish, aholining go‘sht-sut mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish borasida davlat darajasida qator farmon va qarorlar qabul qilinganiga qaramasdan, nega kutilgan natijaga erishilmayapti? Chorva mahsulotlari, ayniqsa, kundalik ehtiyoj uchun zarur go‘sht narxi qimmatlashib borayotganining sababi nimada?
Bu borada eng katta muammo, birinchidan, ozuqa bazasining zaifligida. Chorva mollari esa belgilangan zootexnik me’yorlarda to‘yimli moddalarga ega ozuqani talab qiladi. Chorvachilik fermer xo‘jaliklarining o‘z ehtiyoji uchun yetishtirayotgan ozuqasini hisobga olmaganda, aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva mollari uchun ozuqa yetishtirib sotadigan birorta fermer xo‘jaligi yo‘q. Aholining tasarrufida bo‘lgan o‘rtacha 10 sotix tomorqasida oila ehtiyoji uchun ham sabzavot, kartoshka, meva-uzum, ham chorva ozuqasi ekinlari yetishtirishning iloji yo‘q. Ro‘zg‘or egalari yaxshi biladi, agar 10 sotix tomorqaning hammasiga beda yoki makkajo‘xori ekkanida ham bitta sigir-buzoqqa yetmaydi. Tomorqaga kartoshka, sabzavot ekishni topshirayotganlar bu haqda o‘ylab ko‘rganmikan?
Endi haqiqatning ko‘ziga tik qarab xulosa qilaylik. Yem-xashak yetarli emasligi, ozuqa yetishtiradigan, sotadigan xo‘jalik yo‘qligi, bir kilo kunjara 3500 so‘m, sheluxa 2500 so‘m, hatto oddiy, to‘yimligi yo‘q kepakning kilosi 2000 so‘m bo‘lib turganda kim ham go‘sht uchun bo‘rdoqiga mol boqardi, deysiz. Uch-to‘rt million so‘mlik yem sarflab, o‘sha pulga mol sotishdan ma’ni bormi?
Keyingi yillarda chet ellardan mahsuldor naslli mollar keltirib boqish, buning uchun imtiyozli kreditlar berish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ammo xohlovchilar kam. Gap o‘sha mollarning qimmatligida emas, menimcha, boqish qiyinligida. O‘zingiz o‘ylang, kuniga 50-60 litr sut beradigan mol kamida 5 ta jaydari molning ozuqasini talab qiladi. O‘zingizda ozuqa yetishtiradigan yer bo‘lmasa, bozorda har haftada bitta qo‘yning bahosida yem sotib olishga to‘g‘ri kelsa, cho‘ntak chidaydimi? Chetdan keltirilgan ikkita naslli molni 300-350 kilogacha bo‘rdoqiga boqmoqchi bo‘lsangiz, bittasining puli ozuqaga sarf bo‘lib ketadi. Qishloqda yashaymiz. Ko‘chamizda 17 ta xonadondan to‘rttasida sigir-buzoq bor. Moli yo‘qlar boqish qiyinligi, yem qimmatligi, ozuqa ekish imkoni yo‘qligini aytishadi.
Ikkinchi muammo shuki, chorva mollari tuyoq soni kamayib bormoqda. Sababi, kelajakda buzoq beradigan, navvoschalarga nisbatan tez yetiladigan 80-90 kilogramm go‘sht qiladigan urg‘ochi mollar to‘y-ma’rakalarga so‘yilib ketmoqda. Bundan 30-40 yil avval sog‘lom urg‘ochi mollarni so‘yish holatlari kuzatilmagan.
Yana bir muammo. Chorvachilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaligi o‘z yo‘liga. Uning faoliyati, mahsulot yetishtirishi, yer-suv ta’minoti ustidan nazorat qiluvchi tashkilotlar bor. Biroq aholi xonadonlarida mavjud chorva mollarini boqish imkoniyatlari haqida mahallalarda aniq ma’lumot yo‘q. Ilgari qishloq fuqarolar yig‘inlarida aholining xo‘jalik daftarlarida shunday ma’lumot bo‘lgandir. Lekin QFY tugatilib, vakolatlar mahallalarga berilgach, bunday hisob-kitobga e’tibor susaydi.
Yana bir muhim masala - naslchilik ishlari ko‘ngildagidek emas. Ilgari har bir jamoa xo‘jaligi sut-tovar fermasida mollarni sun’iy qochirish punkti bo‘lib, ular malakali mutaxassis, naslli urug‘ bilan ta’minlangan va aholi shaxsiy mollariga ham xizmat ko‘rsatardi. Hozirda sobiq jamoa xo‘jaliklari hududida bunday xizmat ko‘rsatadigan punktning o‘zi yo‘q. Aholi esa mollar “kuyuk”ka kelganda nasli buzuq, jaydari buqalardan qochirishga majbur bo‘lishyapti.
Veterinariya xizmati haqida ham shunday deyish mumkin. Mutaxassis veterinarlar kam. Sigir yoki buzog‘ingiz kasalga chalinsa, uzoq-uzoqdan veterinar qidirib ovora bo‘lasiz. Agar har bir mahallada aholi xonadonida mavjud mollar hisob-kitobi bo‘lsa, ularni davolash, qochirish punktlari ishlab tursa, malakali mutaxassislar xizmat ko‘rsatsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Chorvachilikni rentabelli sohaga aylantirish, mahsuldorligini ta’minlash, mahsulotni arzonlashtirish oson ish emas. Bu yuksak darajada naslchilik, veterinariya xizmatini yo‘lga qo‘yishni, eng asosiysi, aholida mavjud mollar sonini doimo hisobga olib, ular uchun maxsus ixtisoslashgan yem-xashak yetkazib beruvchi xo‘jaliklar, ozuqani qayta ishlash korxonalari tashkil etilishini talab qiladi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.