Chorvachilik xo‘jaliklariga subsidiya ajratiladi
Prezidentimizning 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashi tashkil etildi.
Kengash chorvachilik sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati korxonalari hamda chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi.
Qarorga asosan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklaridan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya yoki kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi.
Tadbirkorlarga ekvivalenti 20 milliard so‘mdan oshmaydigan xorijiy valyutadagi kreditlar uchun tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 40 foizigacha, lekin 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi.
Shuningdek, 2020-2022 yillarda davlat tomonidan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarga, respublikada faoliyat yuritayotgan naslchilik xo‘jaliklaridan sotib olingan har bir bosh qoramolga 1 million so‘m miqdorida, xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan intensiv usulda baliq yetishtiruvchi xo‘jaliklarga intensiv usulda yetishtirilgan bir tonna baliq mahsuloti uchun 1 million so‘m miqdorida, O‘zbekiston hududiga import qilingan 1 dona nasldor ona baliqning 3,5 million so‘mgacha bo‘lgan xarajatlarining 50 foizi miqdorida, “Parrandasanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 9 ming so‘mini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.
2020-2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi birlashmalarini mahsulotlarning sifatini tahlil va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Qishloq xo‘jaligi birlashmalarini malakali menejer, marketolog, agronom, iqtisodchi va boshqa kerakli mutaxassislar bilan ta’minlash uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar mablag‘lari jalb etiladi.