“Cobalt” o‘rniga yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqariladi

Joriy yil O‘zbekiston ichki bozoriga bir qator yangi rusumdagi avtomobillar kirib keladi. Chunonchi, so‘nggi yillarda ancha xaridorgir mashinaga aylangan “Cobalt” rusumli avtomobillar o‘rniga yangi model ishlab chiqarilishi va shu yil oxirigacha taqdim qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq endilikda rasman “UzAuto Motors” deb yuritilayotgan zavod tomonidan yangi Chevrolet Trailblazer, Chevrolet Equinox hamda Chevrolet Traverse rusumidagi avtomobillarning ishlab chiqarilishi va joriy yildan sotuvda paydo bo‘lishi haqida xabar qilingandi.

1996 yildan ish faoliyatini boshlagan ushbu zavodda (u turli yillarda Uz-Daewoo Auto, GM Uzbekistan deb yuritilgan) shu kunga qadar jami 3 mln 155 mingdan ortiq mashina ishlab chiqarilgan. O‘zbek avtomobilsozlik sanoati mahsulotlari orasida eng xaridorgiri hamda ko‘p ishlab chiqarilgani – bu “Nexia-1” va “Nexia-2” rusumidagi avtomobillar bo‘lib, Asakadagi zavodda bunday avtomobillardan 1 060 715 donasi yig‘ilgan.

Bugungi kunda ham “Nexia” rusumidagi avtomobillarga talab yuqori. Shu sababli ishlab chiqarilishi boshlanganiga ko‘p bo‘lmasa-da, “Nexia-3” rusumidagi avtomobillardan shu kungacha 107 058 donasi o‘z egalari qo‘liga yetib borgan.

Darvoqe, yillik quvvati 300 000 donani tashkil etadigan “UzAuto Motors” zavodida joriy yil oxirigacha 250 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 220 667 donani tashkil qilgandi. Biroq, talab va taklifdan kelib chiqqan holda zavod jamoasi bu yilgi ishlab chiqarish hajmini 270 ming donaga yetkazish imkoniyatiga ega. Bu haqda OAV xodimlari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “UzAuto Motors” AJ bosh direktori v.v.b. Rustam Rajabov aytib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zA.