Dabusqal’a va Ziyovuddin viloyatimizdagi mo‘’tabar maskanlardan hisoblanadi
Dabus qal’asi buyuk Turon tarixida o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Zarafshon daryosining sohilida, Paxtachi tumani hududida joylashgan bu qal’aning tarixi uch ming yilga borib taqaladi.
Buyuk arab tarixchisi va geografi Abulfaraj Qudama va Ibn Xurdodbehning ma’lumotiga ko‘ra, shahar eramizdan oldingi 329-323 yillar orasida qaytadan bunyod etilgan.
Uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan, Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan shahar obodonlashtirilib, Zarafshon bo‘yidagi so‘lim bir maskanga aylangan. Natijada eftalitlar davrida, ya’ni V-VI asrlarda Dabus mamlakatning poytaxti bo‘lgan va bu qal’ada turgan oliy hukmdorni dabusshoh deb atashgan. Tarixga aylangan bir necha asrlar davomida mustahkam qal’a hisoblangan Dabus dahshatli urushlarga qalqon bo‘lib xizmat qilgan.
XVIII asrning oxirlari va XIX asrning boshlarida ham qal’a qo‘rg‘on ko‘rinishida saqlangan. Buxoro hukmdori Amir Haydar 1817 yilda Dabusqal’a viloyatida bo‘lgan. Amirning tashabbusi va rahnamoligida bu yerda yagona yodgorlik – Imom Bahra ota obidasi ta’mirlangan. Keng cho‘l bag‘ridagi Qarnob ota qishlog‘ida ulkan alloma, tabarruk zot, cho‘l buzurgi Ibrohim shayx – Qarnob ota dafn etilgan joyda dahma tiklanib, marmartosh o‘rnatiladi.
Savol tug‘iladi: uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan Dabusqal’aday qadimiy va muborak manzil nima sababdan Ziyovuddin nomi bilan atalgan?
So‘fiy hukmdor Amir Haydar davridan mazkur hudud uning farmoniga asosan Dabusqal’a – Ziyovuddin shaklida qo‘llana boshlagan. Bu bejiz emas. Chunki o‘zi taqvodor bo‘lgan Amir Haydar kishilar qalbida musulmon dunyosiga – islom qonuniyatlariga munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor bergan. Shuning uchun ham bu qadimiy shahar so‘fiy podshoh, taqvodor inson Amir Haydar tomonidan "Ziyovuddin", deb atalgan.
Hazrat Alisher Navoiy o‘zining muborak qo‘llari bilan ko‘chirgan va bizgacha yetib kelgan tabarruk devonida ham Ziyovuddin so‘zini sharaflab qo‘llab, ulug‘ va benazir baytlar bitgan:
Ziyo ul haq va-d-dunyou va-d-din,
Berib ikkinchi devonimg‘a taz’yin.
Savod uzra savod ar qildi mastur,
Vale manidadur nur ila nur.
XIX asrning birinchi choragi oxirlarida voha Ziyovuddin nomi bilan atala boshlagan. Dastlab goh Qal’ai Dabus, goh Qal’ai Ziyovuddin shaklida, sal keyin birgalikda Ziyovuddin-Dabus holatida qo‘llangan. O‘tgan XIX asrning 30– yillari oxirlaridan esa rasmiy hujjatlarda voha Ziyovuddin nomi bilan yuritilgan. Dabusqal’aning vayronalari yonida Ziyovuddin begining qarorgohi bo‘lgan. Bek arkda turib ish yuritgan, fuqarolarni qabul qilgan. Chunki Ziyovuddin viloyati Buxoro amirligiga qarashli eng katta viloyatlardan biri hisoblangan (O‘zbekiston tarixi. 2 t. – Toshkent: – 1971 y., 94-bet).
Buxoro amirligi qushbegi idorasida ish yuritish tartibini o‘rganish jarayonida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, 1733 yildagi vaqf hujjatida voha Dabus nomi bilan yuritilgan. Shuningdek, 1818 yildagi vaqf hujjatida ham Dabus nomi qo‘llangan.
1838 yilda esa Ziyovuddin viloyati Totkent qishlog‘idagi Duoba degan joyda Ulmuhammad Eshmuhammad o‘g‘lining 24 tanob yerini Totkent masjidi hisobiga o‘tkazish yuzasidan rasmiylashtirilgan vaqf hujjatida Ziyovuddin nomi bilan atalgan (O‘zMDA. F-i323, r 1, i 1212/5).
Bundan keyingi davrda qabul qilingan hujjatlar va asarlarda esa Dabus va Ziyovuddin atamalari birgalikda qo‘llangan. Ziyovuddin arabcha so‘z bo‘lib, ziyo ad-din – dinning nuri degan ma’noni anglatadi.
Rus olimi N.Xanikov o‘zining "Buxoro xonligining tavsifi" kitobida Buxorodagi viloyatlar to‘g‘risida quyidagi ma’lumotni keltirgan: "Xonlikda asosiy shaharlar 19 ta, ular quyidagilar:1) Buxoro, 2) Karmina, 3) Ziyovuddin, 4) Kattaqo‘rg‘on, 5) Samarqand, 6) Panjakent, 7) Xatirchi, 8) Nurota, 9) Payshanba, 10) Chelak, 11) Yangiqo‘rg‘on, 12) Jizzax, 13) O‘ratepa, 14) Chorshanba-Romitan, 15) Poykand, 16) Qorako‘l, 17) Chorjo‘y, 18) Qarshi, 19) Fuzor (N. Xanikov. Opisaniye Buxarskogo xanstva. – Sankt-Peterburg: tipografiya imperatorskoy akademii nauk, – 1843, – str. 78 – 79).
Sharqshunos A. Vamberining yozishicha, "Bu rustoqning diqqatga sazovor joylaridan biri Buxoro yo‘nalishidagi yo‘lning g‘arbiy qismidagi Dabus, keyinchalik Dabusqal’adir... Endilikda bu yerda quyidagi tumanlardan iborat viloyat mavjud. Ziyovuddin, Mir, Xatirchi, Nurota, Yangiqo‘rg‘on shaharlari Karminaning asosiy joylaridan tarkib topgan Miyonqoldir" (A. Vamberi. Istoriya Buxari ili Transoksanii s drevneyshix vremen do nastoyaщyego. – SPG: – 1873 g, – str. 28, 31).
Buxoro amirligi hududining sharqida – chegara qismida joylashgan Ziyovuddin bekligi hamisha amirlikning e’tiborida bo‘lgan. Mamlakatda siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning o‘zgarishi bu shahar bilan bog‘liq bo‘lgan. "Ziyovuddin beklikning asosiy shahri bo‘lib, shu nomdagi temiryo‘l bekatidan 12 chaqirim masofada joylashgan. Bu O‘rta Osiyo temiryo‘li yoqasida, xonlik hududida joylashgan oxirgi shahardir. Beklik aholisi dehqonchilik bilan shug‘ullanadilar va Zarafshondan suv oluvchi Buxoro sug‘orish tarmoqlari boshlanishida joylashganliklari uchun paxtani ko‘proq ekadilar. Beklikda yaxshi otlar ko‘p, shuning uchun xonlikning to‘pchi qo‘shinlarini to‘ldirib turuvchi asosiy makon bo‘lib xizmat qilgan" (I. I. Geyer. Turkestan. – 1909, – str. 207-208). Tarixiy hujjatlarda keltirilishicha, ma’lumotlar uzil-kesil xulosa chiqarish uchun asos bo‘ladi: "Qadimiy tarixga ega Dabus qo‘rg‘oni hozirgi Ziyovuddin yaqinida joylashgan bo‘lib, o‘tgan asrning o‘rtalarida ular aynan bir deb hisoblanadi" (Ivanov P. P. Vosstaniye kitay-kipchakov v Buxarskom xanstve 1821 – 1825. Izdatelstvo AN SSSR, – Moskva – Leningrad: – 1937 g, – str. 79).
Buyuk Ipak yo‘li yonida joylashgan Dabusqal’a keng hududga ega alohida bir viloyat bo‘lgan. Mirza Bade devonning 1798 yilda yozilgan "Majmua’ al-arqom" risolasida quyidagi ma’lumot keltirilgan: "Buxoro mamlakatida shunday qonun va odatlar belgilangan: oliy darajali lavozimlar mavjud bo‘lgan viloyatda islom hukmdori uni hokim qilib tayinlaydi. Hokim va uning qo‘shini uchun mablag‘ o‘sha hokimning viloyatidan tushadi. Bunday joy viloyat deb ataladi".
Dabusqal’ada katta qo‘shin saqlangan va manzilni dushmanlardan himoya qilish uchun xizmat qilgan. Qal’a dushmandan saqlanish uchun juda qulay joy bo‘lgan. Asrlar davomida shahar gullab-yashnagan, bu jahon tarixchilarining asarlarida o‘z ifodasini topgan. Ammo uzoq davom etgan dahshatli urushlar qal’aning vayronaga aylanishiga sabab bo‘lgan. Natijada xaroba qal’aning tuproq ostida qolib ketmasligi uchun uning yonida imoratlar qurilgan.
Jahonda birinchi temiryo‘l Angliyada barpo etilgan. 1825 yilda Stokton-Darlington oralig‘idagi 21 kilometrlik temiryo‘l qurilgan. 1837 yilda Rusiyada Peterburg – Sarskoye selo temir yo‘li qurib ishga tushirilgan.
O‘rta Osiyoni istilo qilgan Rusiya tobe mamlakatlarida o‘z ta’sir doirasini kengaytirish siyosatini amalga oshiradi. Chunki qaram o‘lkadan boyliklarni tashib ketish maqsadi ham xuddi ana shuni taqozo qilar edi. XIX asrning 80-yillari boshidan O‘rta Osiyoda temiryo‘llar qurila boshladi. Kaspiyorti temiryo‘li 1885 yilda Ashxobod shahriga yetkazildi. 1886 yilning bahorida temiryo‘l Chorjo‘y shahrigacha olib borildi. 1886 yilning 18-22 aprelida chor Rusiyasi temiryo‘lni Samarqandga yetkazish maqsadida maxsus qaror qabul qildi. Qaror yuzasidan tadbir tuzilib, joylarga mas’ul kishilar belgilandi. Qilingan ishlar yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatildi. Rahbariyatning ko‘rsatmasiga asosan muhandis Ivanovskiy Buxoroda, texnik Lepinskiy Ziyovuddinda, texnik Palmgren Kattaqo‘rg‘onda, muhandis Tolpigin Samarqand qismlarida temiryo‘l qurilishiga rahbarlik qilishdi. Temiryo‘l joyini belgilash, tayyorlash, yotqizish ishlarining bajarilishi ularning zimmalariga yuklatildi. Yo‘l qurilishi jadal sur’atlar bilan olib borildi. 1887 yilning 12 iyunida temiryo‘lning Samarqand qismini qurish yuzasidan alohida yo‘riqnoma belgilanib tasdiqlandi. Buxoro temiryo‘li Qiziltepa, Karmanadan Nahripay kanalining chap qirg‘og‘idagi qadimiy, manzur va mashhur Toshko‘prik qishlog‘i orqali o‘tdi. Bu hududdagi temiryo‘l bekati Ziyovuddin viloyatining markazidan uzoq edi. Bekat viloyat nomi bilan "Ziyovuddin" deb yuritildi.
Birinchi poyezd Ziyovuddinga 1888 yilning 1 aprelida, o‘sha yilning 17 aprelida Kattaqo‘rg‘onga, 15 mayida Samarqandga keldi. Temiryo‘l juda tez qurilgan. Ishlar asosan qo‘l kuchi bilan bajarilgan. Bir ishchiga bir kunda 30-50 tiyin to‘langan. Tarixiy hujjatlarda yozilishicha, Kaspiyorti temiryo‘li qurilishi uzunligi 1708 chaqirimdan iborat bo‘lgan. Har bir chaqirim 46,6 ming so‘mga, umuman, temiryo‘l qurilishi 79,7 million so‘mga tushgan.
1888 yilda Turkiston general-gubernatori bilan Buxoro amirligi o‘rtasida bitim tuzilgan. Bu hujjatga ko‘ra, Buxoro amirligi hududida rus qishloqlarini tashkil etish belgilangan. 1888 yil 23 iyunda Chorjo‘y va Yangi Buxoro yo‘l bekatlari yaqinidagi qishloqlarni boshqarish, xo‘jalik va obodonlashtirish qoidalari tasdiqlangan. Yangi Buxoroda shahar boshlig‘i lavozimi joriy etilgan. Bu mansabdagi shaxs zimmasiga "Eski Buxoro", "Forob", "Kattaqo‘rg‘on" bekatlari o‘rtalaridagi temiryo‘l bo‘yidagi qishloqlarda yashovchi rus fuqarolarini boshqarish vazifasi yuklangan.
"Ziyovuddin" temiryo‘l bekati atroflari Yevropa uslubida obodonlashtirilgan, yangi binolar qurilgan. XIX asrning so‘nggi yillarida "Ziyovuddin" temiryo‘li bekatida qurilgan bino va suv minorasi hozir ham mavjud bo‘lib, o‘tmishdan hikoya qiluvchi bu yodgorlik XIX asr me’morchiligining qudratini namoyish etib turibdi.
Amir Abdulahadxonning amri bilan "Ziyovuddin" bekati yaqinida 1894 yilda istirohat bog‘i barpo etildi va "Ziyovuddin" nomi bilan ataldi.
1916 yilda Ziyovuddin viloyati Ziyovuddin, Xatirchi bekliklariga ajratildi.
1926 yilning sentyabrida Ziyovuddin bekligi o‘rnida Narpay tumani tashkil etilib, Mirbozor qishlog‘i markaz qilib belgilandi.
Hududdagi Dabusqal’a yonidagi shahar ham Ziyovuddin, Toshko‘prik qishlog‘idagi stansiya – bekat ham Ziyovuddin nomi bilan yuritilgan.
"O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi"ning 7-jildi 24, 25-sahifalarida yozilganidek, 1935 yil 9 fevralda Narpay tumanining g‘arbiy qismida Paxtakor nomi bilan yangi tuman tashkil etilgan, markazi Ziyovuddin stansiyasi bo‘lgan.
1963 yilda Paxtakor tumani tugatilib, Narpay tumani tarkibiga qo‘shilgan.
Ziyovuddin stansiyasiga 1972 yilda shaharcha maqomi berildi.
1973 yil 12 aprelda Narpay tumani tarkibida Paxtachi nomi bilan yangi tuman tashkil etilgan.
Ismat SANAYEV, falsafa fanlari doktori.