Daraxt ildizidan buyum tayyorlayotgan hunarmand karantin davrida ham daromad topmoqda

Toyloq tumanining O‘zbekiston mahallasi, Saroy qishlog‘ida yashovchi hunarmand Sharif Fayziyev qo‘l mehnati orqali daraxt ildizidan san’at asari yaratmoqda. Ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan qo‘ligul yigit yasayotgan mahsulotlarga xaridorlar befarq emas.

Muhimi, u shu hunari tufayli karantin davrida ishsiz qolmadi. Uyidagi kichik ustaxonasida turli buyumlar yasadi.

– Bu hunarni o‘rganib xato qilmadim, – deydi Sh.Fayziyev. – Aholi talabidan kelib chiqib, ildizlardan stol, stul, gul tuvaklari, oshxona jihozlari, javonlar, shuningdek, kafe va restoranlar uchun ko‘chma yog‘och devorlar yasayapman. Karantin tugagach, tuman markazidan yer olib, bank krediti asosida ustaxona ochmoqchiman. Bu orqali 5-6 nafar tengdoshimni ishli qilaman.

Sharif yaqinda o‘z mahsulotlarini internetga joyladi. Natijada nafaqat boshqa tumanlardan, balki Navoiy, Toshkent, Xorazm viloyatlaridan ham buyurtmalar tushdi.

Hunarmand karantin davomida daraxt ildizidan tashqari daraxt shoxlari va taxta qipig‘idan o‘ziga xos buyumlar yasashni ham o‘zlashtirdi. Ayni paytda milliy va yevropacha usuldagi mahsulotlarining turi o‘ttizdan oshdi. 100 ming so‘mdan 3-3,5 million so‘mgacha sotayotgan mahsulotlaridan tushgan daromad evaziga yosh hunarmand yanada ko‘proq mahsulot tayyorlashni rejalashtirgan.

Husan ELTOYeV.