Dardni aytib yig‘lashda ham madaniyat bo‘lsin... Yoxud xalq qabulxonasidagi manzara xususida
Bugungi kunda xalq dardi bilan yashash, fuqarolar murojaatini tinglash, muammo va sharoitlarini o‘rganish, kerakli yordam va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish davlatimiz rahbaridan tortib, barcha mansabdor shaxslarning kundalik yumushiga aylangan, deb yozmoqda “Urgut sadosi” gazetasi.
Xususan, tumanimizda ham haftaning har payshanbasida xalq bilan muloqot o‘tkazilib, tuman hokimi va mutasaddi rahbarlar muammo va kamchiliklarni imkon qadar bartaraf etib kelmoqda.
Xalq qabulxonasida o‘tkazilgan navbatdagi qabulda bo‘lganimda, ko‘pgina voqeliklarning shaxsan guvohi bo‘ldim. Ochig‘i, meni fuqarolarning o‘y-tashvishi, murojaatlaridan ko‘ra ularning muomala madaniyati ko‘proq o‘ylantirdi.
Muhtaram Prezidentimiz barcha rahbarlarga “Xalq bilan yaqin bo‘linglar, ularni ichiga o‘zingiz kirib borib, dardiga quloq tuting”, deb har doim aytib kelayotgani ayni haqiqatdir. Rahbarlar bu topshiriqlarni davlat siyosatiga bo‘ysungan holda bajarishmoqda. Ammo aholi-chi, bundan to‘g‘ri foydalanayaptimi, rahbarga murojaat etganda hech bo‘lmasa hurmat yuzasidan muomala qilyaptimi? Afsuski, yo‘q.
Zamonimiz jadal, har birimiz orzularimiz tezda amalga oshishini istaymiz. Shuning uchunmi, ota-bobolarimizning sabr, qanoat degan hikmatli so‘zlarini biroz unutib qo‘ydik. Qiyinchiliklardan, halol mehnat qilishdan ko‘ra oson yo‘llar bilan maqsadimizga yetishishga, boqimandalikka o‘rganib qolayotgandekmiz...
Oldimizda turgan kichik muammolarniyam hokimga aytish, ularni kimlarningdir homiyligi ostida bartaraf etish, eng muhimi, xalqning oldida “dardini doston qilish” uyat, nazarimda. Fikrlarimning isbotini quyida batafsil bayon etaman.
Xalq qabulxonasida joylashgan kichik zal. Zalga kirib borishingiz bilan hokim qabul o‘tkazyapti deb emas, janjal bo‘layapti deb o‘ylaysiz. Na tartib bor, na intizom. Yig‘ilganlar bir-biriga navbat bermay gapirishyapti. Ularning dardini tinglash u yoqda tursin, tinchlantirishning o‘zi katta muammo. Har tarafdan tinchlanishga bo‘lgan da’vatlarga biror kimsa parvo ham qilayotgani yo‘q.
Oddiy misol, bog‘cha bolasigayam: «Muassasamizga tekshiruvga kelishyapti, jim o‘tiringlar», desa, tekshiruvchilar kelib-ketgancha tartibli bo‘lib o‘tirishadi. Maktabda ham shunday. Bu yerda yig‘ilgan kimsalar kap-katta odamlar, yoshlar deyarli ko‘rinmaydi. Ammo tartib degan so‘z bularning lug‘atida yo‘qligi aniq! Eng yomoni, murojaat qilayotganlar orasida haqiqiy yordamga muhtoj insonni uchratish qiyin...
Bir opaning murojaatini zimdan kuzatdim.
- Uyim yo‘qligi sababli ko‘chada yotib yuribman, - deydi opa. - Menga hoziroq yordam qilishingiz shart!
Hokim: - Murojaatingizni ko‘rib chiqamiz, odam yuboraman, ahvolingizni to‘liq o‘rganib chiqqandan keyin, kerakli yordamni qilamiz, - dedi.
Ammo opa bu gapni eshitishniyam istamadi.
- Ungacha men nima yeb-ichaman, meni kim boqadi? - deydi.
- Ishga layoqatli ekansiz, ishga joylashtirib qo‘yamiz, hali pensiyagayam ancha bor ekan, - desa, oylik olgunimcha, nima yeb-ichaman deydi.
Birov o‘z jigari unga tegishli yerni o‘ziga rasmiylashtirib olganini gapirsa, birov aka-uka bitta hovlida murosa qilmayotgani, kimdir birovning aldoviga chuv tushib, yeridan ayrilgani haqida gapiryapti.
- Kechagina shifoxonadan chiqdim, yana yotib davolanishim uchun shifokorlar dori-darmon bilan ta’minlamayapti, - deydi bir opa. Orada poraxo‘rlik, shifokorlarning pul talab qilishi haqidagi mulohazalarini ham tiqishtirib o‘tyapti. Kimligini aytish talab etilganda esa, gapini yo‘qotib, umumiy misollardan foydalanishga o‘tdi.
Kimningdir dardi tinglanayotgan vaqtda qolganlar ham o‘z fikr-mulohazasini aytishdan tap tortishmayapti. Shunchaki emas, ovozlarining boricha bayon etishyapti.
Eng yomoni, murojaatlari o‘rganilib, yordamga ehtiyoji yo‘q deb topilgan ba’zi bir kimsalar “maqsadiga erisholmagach”, tahdid qilib chiqib ketishyapti...
Ko‘rganlarimizning hammasini bayon etishning keragi yo‘q. Hokimning ham boshqa mutasaddi rahbarlarning ham kundalik topshiriqlari, bajaradigan ishlari shundog‘am qalashib yotibdi. Ulardan ortib, xalq dardini tinglash uchun vaqt ajratganda, aytayotgan muammolarimiz ularning qimmatbaho vaqtini o‘g‘irlashga arziydimi, yo‘qmi deb o‘ylashga fursat yetmadimi?!
So‘zimning boshida muomala madaniyati haqida gapirgandim. Men bu masalada kimlar mas’ul ekanligini haligacha topolganim yo‘q. Maktabmi, mahallami yoki uyda olinayotgan tarbiyalarning mahsulimi bular?!
Dilnoza AHROROVA.