Davlat byudjeti: uning ijrosini deputatlar qanday baholashdi?
24 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2021 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.
Respublika Moliya vaziri Temur Ishmetovning ta’kidlashicha, joriy yilning yanvar-iyun oylari natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,2 foizga o‘sgan. Shu vaqt davomida respublikamiz YaIM hajmi 318,5 trln. so‘mni tashkil etib, iqtisodiy o‘sish sanoat 8,5 foizga, qurilish 0,1 foizga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 1,8 foizga hamda xizmatlarni 8,0 foizga o‘sishi bilan ta’minlangan.
Inflyasiya darajasi esa yil boshidan 4,4 foizni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,9 foizni tashkil etgani holda, bunda oziq-ovqat mahsulotlari yillik inflyasiya ko‘rsatkichi 6,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 2,7 foizga, xizmatlar narxi o‘rtacha 4,0 foizga oshgan.
Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 74,9 trln. so‘mni tashkil etib, belgilangan prognoz 107,8 foizga oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln. so‘mga ko‘p bo‘lgan, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalarisiz 79, 3 trln. so‘m bo‘lib, aniqlangan reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 96,9 foiz yoki YaIMga nisbatan 24,9 foizni tashkil etgan. Shundan, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun 40,4 trln.so‘m yoki umumiy xarajatning 50,9 foizi miqdorida mablag‘ sarflangan.
Xalq vakillari 2021 yil uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan 42 435 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalari, 262 829 o‘quvchi o‘rinli umumta’lim maktablari, 13 713 o‘rinli tibbiyot muassasalari, 19 499 o‘rinli oliy o‘quv yurti binolari, 4 174 o‘rinli talabalar turar joylarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, 222 ta ob’yektda 3 330 kilometrdan ortiq ichimlik va oqova suv quvurlarini tortish, 187 ta inshootda qurish va rekonstruksiya qilish ishlari hisobiga 700 dan ortiq aholi punktlarida yashovchi 1 mln. 800 ming nafardan ortiq fuqarolarning ichimlik suv ta’minoti yaxshilanishiga erishilishini ta’kidladilar.
Shuning barobarida, deputatlar hisobot davrida ayrim vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralari tomonidan xarajatlarning o‘zlari tomonidan tasdiqlangan rejaga nisbatan kam ijro qilingani, xususan, joriy xarajatlar va kapital qo‘yilmalar to‘liq o‘zlashtirilmaganiga e’tibor qaratib, yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan sohalarda puxta va tizimli tadbirlarni amalga oshirishni taklif etdi.
Deputatlar Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Suv xo‘jaligi vazirligining byudjet xarajatlarining maqsadli indikatorlari sinov tariqasida tadbiq etilgani natijalari asosida “Dasturiy byudjetlashtirish”ni barcha vazirlik va idoralarga tadbiq etish lozimligini bildirdilar.
Majlisda deputatlar byudjet intizomi, shaffofligi hamda hisobdorligi masalalariga alohida e’tibor qaratib, byudjetdan mablag‘ ajratishda avvalo ulardan kutilayotgan samaradorlik va natijadorlikni hisobga olish muhimligini ta’kidlashdi.
Hisobotni ko‘rib chiqish va muhokama qilish jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari o‘z nuqtai nazarlarini bayon qilib, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, byudjet tashkilotlarida moliyaviy intizomga amal qilish yuzasidan fikr-mulohaza bildirdilar.