Davlat dasturiga taklifim bor

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi. 

Yurtimizning oddiy fuqarosi sifatida ayrim takliflarimni bildirmoqchiman.

Dastur loyihasining 65-bandida davlat aksiya paketlarini “Bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida sotish tartibini joriy etish belgilangan. Loyihada ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlab davlat aksiyalari savdosiga aholi va investorlarni jalb etishni cheklovchi aksiyalarni yirik miqdorda savdoga chiqarish amaliyotini takomillashtirish nazarda tutiladi.

Taklifim: mazkur band yuzasidan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilayotganda mahalliy aholining keng qatlamini qimmatli qog‘ozlar borasidagi bilimlarini oshirishga ham e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi. Ularning bo‘sh turgan mablag‘i hisobiga aksiyador bo‘lib daromad ko‘rish borasida ko‘nikma rivojlantirilsa, qimmatli qog‘ozlar bozorida yangi raqobat muhiti yuzaga keladi.

Dastur loyihasining suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan 93-bandida 2019 yil 1 iyulgacha tegishli vazirlik va mahalliy hokimliklar suv iste’molchilari uyushmalari  sonini maqbullashtirish, respublika, viloyatlar va har bir tuman (shahar)da yagona uyushma tashkil etish yoki ularni irrigatsiya bo‘limlari qoshida xo‘jalik hisobidagi korxona sifatida qayta tashkil etish masalasida huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqish belgilanmoqda.

Ikkinchi taklifim tumanlarda sug‘orish tizimini markazlashgan holga keltirish lozim. Chunki bu suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi. Shu bois suv iste’molchilari uyushmalarini tumanlardagi irrigatsiya bo‘limlariga qarashli xo‘jalik hisobidagi korxona sifatida biriktirish va malakali suvchi mutaxassislarni jalb etish lozim.

Loyihaning 241-bandida tegishli vazirlik va idoralarga 2019 yil 20 iyulgacha xorijiy investorlar bilan ishlashni yagona tizimga keltirish va uning samaradorligini orttirish borasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish belgilangan. 

Rejada xorijiy investorlar bilan ishlashni yagona tizimga keltirish va uning samaradorligini oshirish uchun O‘zbekiston Investitsiya portali asosida “Invest in Uzbekistan” yagona portalini ishlab chiqish nazarda tutiladi.

Yagona portalda:

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, respublikaning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatiga aloqador vazirlik va idoralarning o‘zaro aloqasi va hamkorligini ta’minlash;

xorijiy tadbirkorlar uchun O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha ma’lumotlarni yetkazish va ularni doimiy ravishda yangilab turish;

O‘zbekistonning tadbirkorlik va investitsiya sohasidagi qonunchiligi, biznes yuritish uchun yaratilayotgan qulayliklar to‘g‘risidagi qisqa, lo‘nda va mazmunli axborotlarni muntazam joylashtirish nazarda tutiladi.

Shu jihatdan uchinchi taklifim ushbu portalda investor mamlakatlar (yoki jismoniy shaxslar)ning geografiyasi, sarmoya kiritilayotgan hududlar va sohalar borasida ham ochiq ma’lumotlar berib borish lozim. Shuningdek, foydalanilmayotgan sohalarga investitsiya kiritgan sarmoyadorlarga imtiyozlar berish ham xorijiy sarmoyadorlarni jalb etadi.  

O‘ktam XUDOYBERDIYEV.