“Davlat tiliga hurmatni o‘zimizdan boshlashimiz kerak”

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil to‘ldi. Ushbu davr ichida o‘zbek tilining rivoji to‘g‘risida qator qonun hujjatlari imzolandi. Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xo‘sh, til bo‘yicha maslahatchilarning vazifasi nimadan iborat? Ular bugungi kunda qanday ishlarni bajaryapti? Shu va boshqa savollar bilan viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali TEMIROVga murojaat qildik.

– 2019 yil 21 oktyabrda Prezidentimiz tomonidan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Unda davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilishi belgilandi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrda “Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risida”gi nizomi va 2020 yil 20 yanvarda “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi. Ushbu hujjatlar asosida barcha hokimliklar tizimida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi vazifasi joriy etildi. Jumladan, viloyatimiz va tuman (shahar) hokimliklari huzurida ham xuddi shunday lavozimlar joriy etilib, unga asosan, oliy ma’lumotli filologlar (85 foiz) ishga qabul qilindi. Ularning vakolati viloyat, tuman (shahar) hokim o‘rinbosari lavozimiga tenglashtirildi. Qonun doirasida maslahatchilar faqat o‘z vazifasini bajaradi, ularga hech qanday qo‘shimcha ish yuklanmaydi.

Maslahatchilarning birinchi vazifasi har qanday korxona, muassasa va tashkilotning ish yuritish hujjatlari davlat tilida bo‘lishini nazorat qilish. Shuningdek, ular tashqi reklama, peshlavha va e’lonlarning davlat tilida bo‘lishini ta’minlaydi. Buning uchun hokimliklar qoshida tuzilgan ishchi guruh muntazam ravishda ko‘chalardagi tashqi reklama yozuvlarini kuzatib boradi. Agar peshlavha yoki e’lonlarda xatoliklar bo‘lsa, ular dastlab tadbirkorni ogohlantiradi. Tadbirkor faoliyatining turiga qarab, unga 10-15 kun muddat beriladi. Ko‘pincha tadbirkorlar buni to‘g‘ri tushunadi. Bizni shu paytgacha hech kim kelib ogohlantirmagandi, degan gaplarni ham eshityapmiz.

Agar belgilangan muddatgacha tadbirkor xatoni tuzatmasa, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi bo‘yicha eng kam ish haqining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima tayinlanadi.

Viloyatda 19 820 ta tashqi yozuvlar davlat tili haqidagi qonun talablariga javob bermaydi

Statistik tahlil qilib chiqqanimizda, viloyatimizda 79 398 ta tashqi yozuvlar – reklama, peshlavha, e’lon yoki boshqa axborot matnlari bor ekan. Undan 19 820 tasi davlat tili haqidagi qonun talablariga javob bermaydi. Tuman va shaharlar kesimida 1 sentyabrgacha 7538 tasini tuzatdik.

Bunday harakatlarni faqat o‘zimiz bajarayotganimiz yo‘q. Yaqinda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashqi yozuvlarimizni birgalikda o‘rganaylik, degan tashabbus bilan chiqdi. Tumanlarda partiya a’zolari bilan birgalikda ishchi guruhlar tashkil etdik. Qo‘shrabot, Ishtixon, Jomboy tumanlarida partiyalarning sezilarli darajada yordami tegdi.

Korxona va tashkilot xodimlari davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshiryapti

Yaponiyada davlat tilini so‘zlashuv darajasida bilmaganlar davlat tashkilotiga ishga qabul qilinmaydi. Xitoyda boshqa davlatdan kirib keladigan mahsulotlar yorlig‘ida xitoycha tarjimasi bo‘lmasa, chegaradan kiritilmaydi. Xitoyga mahsulot kiritish uchun xorijiy davlatlar avval xitoylik mutaxassisni chaqirtiradi va unga mahsuloti haqidagi barcha yozuvlarni tarjima qildiradi. Xitoy bunday tartib bilan ham tiliga hurmatni talab qiladi, ham fuqarolarini ish bilan ta’minlashga yordamlashadi.

Xuddi shunday bizda ham yaqinda chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilishda davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha nizom ishlab chiqildi. Nizomga asosan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida “Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi” tuzildi. Aynan ushbu markazning viloyatlarda hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Shu jumladan, viloyatimizda Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda malaka oshirish hududiy markazi ish boshladi. Bugungi kunda viloyatimizdagi barcha korxona va tashkilot xodimlari ushbu markazda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ham masofaviy, ham an’anaviy tarzda malaka oshiryapti. Xodimlar bir oy davomida malakadan o‘tib, imtihon topshiradi. Imtihondan o‘tgan korxona va tashkilot xodimlariga sertifikat beriladi. Sertifikat 3 yilgacha amal qiladi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishi uchun joylardagi mana shunday markazlarda imtihon topshiradi. Imtihondan o‘tgach, ularga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi beriladi. Bunday talab o‘zbek tiliga hurmatni oshiradi.

Hamon bank va sog‘liqni saqlash sohasida ish yuritish hujjatlari rus tilida

Davlat tiliga hurmatni oshirish uchun hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim. Bu ikki yoki uch kishi qiladigan ish emas.

Hozirgi kunda og‘riqli nuqtalarimizdan biri – yozuvimiz. Yozuv masalasida hali ham bir to‘xtamga kelolmaganimiz sabab, aholi yuqori, o‘rta va quyi pog‘onaga ajralib qoldi. Masalan, yuqori pog‘ona keksa yoshdagilar bo‘lib, ular kirill yozuvini ma’qul ko‘radi. O‘rta pog‘ona o‘rta yoshlilar bo‘lib, ham kirill, ham lotin yozuvida yoza oladi. Quyi pog‘ona, bu yoshlarimiz bo‘lib, ular lotin yozuvini biladi. Bizda birgina soha vakillari to‘liq lotin yozuviga o‘tdi. Bu – ta’lim sohasi xodimlari. Lekin boshqa tashkilotlar lotin yozuvigagina o‘tmadi. Ayniqsa, bank va sog‘liqni saqlash sohasida ish yuritish hujjatlari kirill yozuvidagina emas, rus tilida olib borilyapti. Masalan, ariza o‘zbek tilida bo‘lmagan banklarimiz bor.

Aynan hozirgi kunda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, viloyatimizdagi 62 ta korxona va tashkilotning ish yuritish hujjatlari tekshiruvdan o‘tyapti. Lotin yozuviga to‘liq o‘tish uchun aniq bir muddat belgilamasak, bu muammo o‘z yechimini topmaydi.

Tarixiy joy nomlarini o‘zgartirib bo‘lmaydi

Ayrim joy nomlari o‘z tarixiga ega bo‘lib, ular yillar davomida avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Joy nomlarini o‘zgartirish, davlat tili qoidalariga mos nomlash kerak. Biroq, joy nomlarini o‘zgartirishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Masalan, Payariq tumanidagi Qo‘tirbuloq qishlog‘ining nomi Nurbuloq, deb o‘zgartirilgan. Lekin aslida u tarixiy joy sanaladi. Bir vaqtlar qishloqda shifobaxsh buloq mavjud bo‘lgan. Aynan shu yerda qo‘tir kasalligiga davo topilgan. Shuning uchun qishloqning nomi Qo‘tirbuloq deb nomlangan. Biz joy nomlarini o‘zgartirayotganimizda masalaning bir tomoni bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Agar qishloqning tarixi izohlab berilganida, bunday xatolikka yo‘l qo‘yilmasdi. Masalan, Omonxonaga odamlar nima uchun boradi? Shifobaxsh suvi uchun albatta. Agar uning nomini o‘zgartirib yuborsak, odamlar u yerda shifobaxsh suv borligini qayerdan biladi?

Shuning uchun toponimika bilan shug‘ullanadigan kishi tarixchi, geograf va tilshunos bo‘lishi kerak. Chunki u joy nomlarining etnonim jihatidan kelib chiqish tarixini, geografiyasini va qanday yozilishini bilmasa, ushbu sohada yaxshi mutaxassis bo‘la olmaydi.

Bizni qiynayotgan ikkita muammo bor

Har bir narsaga birdaniga erishish qiyin. Uning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bo‘ladi, albatta. Bizda bugungi kunda ikkita, o‘ta jiddiy va to‘g‘irlash zarur bo‘lgan muammo bor.

Birinchi muammo: 1998 yil 25 dekabrdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko‘ra boshqa tillarda tarqatiladi”, deyilgan. Eng katta muammomiz mana shunda, uni tegishli tartibda o‘zgartirishimiz kerak. Masalan, siz tadbirkorsiz, reklama bermoqchisiz. Istasangiz rus, ingliz yoki fransuz tilida reklama berishga haqlisiz, chunki qonunda yozib qo‘yilgan. Qonunning mana shu joyini dastlab davlat tilida, zarurat bo‘lsa boshqa tilda berilsin, deb tuzatsak, bu kamchilik bartaraf etiladi.

Ikkinchi muammo: “Davlat tili haqida”gi qonunimizning birorta moddasi qonun bilan himoya qilinmagan. Masalan, davlat tili haqidagi qonunni buzsang, mana shunday chora ko‘riladi, degan modda yo‘q. Faqat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish keltirilgan. Afsuski, ushbu moddani hamma holatlarga qo‘llab bo‘lmaydi.

Biz davlat tiliga hurmatni shakllantirish, uni rivojlantirish borasida endi ish boshladik. Oldimizda bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p.

Xurshida ERNAZAROVA yozib oldi.