Davlat xizmatlari agentligi fuqarolar uchun qulaylik joriy etdi
Mamlakatimiz bo‘ylab “Ekspress-xizmat” ishga tushirilib, endilikda zarur hujjatlarni Davlat xizmatlari markaziga bormasdan turib, pochta orqali olish imkoni mavjud!
Hozircha ushbu qulaylik tajriba tariqasida:
– sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnomalarni olish;
– nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish;
– manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim etish xizmatlari uchun joriy qilingan.
Tez orada xizmatlar soni kengayib boradi, deyiladi davxizmat.uz telegram kanalida.
Mazkur xizmat faqatgina ixtiyoriy ravishda ko‘rsatiladi.
To‘lov mavjud bo‘lgan xizmatlarda ekspress-xizmatdan foydalanishda, arizachiga ekspress-xizmat invoysi va boshqa to‘lov invoysi bir vaqtda beriladi.
Hujjatlarni yetkazib berish ekspress-xizmat narxi 8000 so‘mni tashkil etadi.
Qulaylikdan foydalanish uchun:
1. Arizachining ixtiyoriga ko‘ra, ariza to‘ldirish jarayonida oxirgidan bitta oldingi qadamda (boshqa xizmatlarda oxirgi qadamda bo‘lishi ham mumkin) “Pochta xizmatidan foydalanish” tugmasi bosiladi.
2. Pochta oluvchining ma’lumotlari to‘ldiriladi va yetkazib berilishi kerak bo‘lgan hujjat(lar) tanlanadi.
3. “Davom etish” tugmasini bosish orqali ekspress-xizmatlar uchun to‘lovga invoys shakllantiriladi.
4. “Ariza to‘ldirishni davom etish” tugmasi bosiladi.
5. Ariza to‘liq shakllantiriladi va yuboriladi.
Ma’lumot uchun: Davlat xizmatlari agentligi DXMlarga tashrif buyuruvchi aholi sonini tahlil qilganda, ularning 70 % aynan tayyor hujjatni olib ketish uchun kelganliklari aniqlangan.
Mazkur “Ekspress-xizmat” ishga tushirilishi Markazlarda mijozlar oqimining keskin kamayishiga xizmat qilib, ortiqcha navbat kutishning oldini oladi.
Sizlarga qulayliklar yaratishda davom etamiz.